20:15 / 14.12.2018
10765

Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha tanlov g‘oliblari aniqlandi

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi «Yoshlar press klubi»da ta'lim muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida «Biz yoshlar yurtimizga xizmat qilishda vijdonli, insofli va halol bo‘lishimiz shart» shiori ostidagi ko‘rik tanlovning «Eng yaxshi plakat», «Eng yaxshi surat», «Eng yaxshi bayon» nominatsiyalari bo‘yicha respublika bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi hamda O‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi markazi hamkorligida tashkil etilgan tanlovda 20 mingga yaqin ta'lim muassasalari yoshlari 300ga yaqin plakatlar, suratlar hamda 500ga yaqin insholar bilan ishtirok etishdi.

«Korrupsiya davlat va dunyo jamiyati sog‘ligiga bevosita salbiy ta'sir ko‘rsatadi. Bu illat insonlarni sog‘liqni saqlash, ta'lim va davlat tizimining boshqa sohalaridagi xizmatlardan teng foydalanish imkoniyatlaridan mahrum qiladi. Yoshlar qonun ustuvorligi va davlatning korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi sa'y-harakatlari to‘g‘risida yaxshiroq o‘rganishi, ziyoli avlod bo‘lib yetishishi kerak. Chunki, bu sog‘lom demokratiya uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega. Korrupsiyaga qarshi kurashish mansabdorlar shaxslarning o‘z faoliyatidagi mas'uliyatini his qilishi va sadoqat bilan xizmat qilishini ta'minlaydi», – deya ta'kidladi BMT Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasining Markaziy Osiyodagi vakili Ashita Mitall.

Hakamlar hay'atining xulosasiga ko‘ra, Oliy ta'lim muassasalari talabalari va o‘rta maxsus kasb hunar ta'limi muassasalarining o‘quvchilari o‘rtasidagi tanlovda «Eng yaxshi plakat» nominatsiyasi bo‘yicha Qashqadaryo viloyati, Qarshi muhandislik iqtisodiyot instituti talabasi Umid Norchayev hamda Toshkent viloyati, Angren transport va xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kolleji o‘quvchisi Viktoriya Yakimova 1-o‘rinni, Farg‘ona viloyati, Farg‘ona politexnika instituti talabasi Muxlisa Xusanova va Samarqand viloyati, Samarqand shahar Bog‘ishamol sanoat kasb-hunar kolleji o‘quvchisi Dilora Bekmuradova 2-o‘rinni, Xorazm viloyati, Urganch davlat universiteti talabasi Mohinur Quryozova hamda Surxondaryo viloyati, Angor pedagogika kolleji o‘quvchisi Go‘zala Safarova 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi hamda tashkilotchilarning faxriy yorliqlari, qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.

 «Eng yaxshi surat» nominatsiyasi bo‘yicha Toshkent davlat pedagogika universiteti talabasi Ziyotbek Otakshiyev, Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi Nukus avtomobil yo‘llari kasb-hunar kolleji o‘quvchisi  Turanbek Jalgasbayev 1-o‘ringa, O‘zbekiston Milliy universiteti talabasi Sultonmurod Pardayev va Sirdaryo viloyati, Baxt yengil sanoat kasb-hunar kolleji o‘quvchisi Gaynulin Refat 2-o‘ringa, Buxoro davlat universiteti talabasi Sardor Ravshanov hamda Namangan viloyati, Jomasho‘y melioratsiya va qishloq xo‘jaligi kasb-hunar kolleji o‘quvchisi Feruza Miraxmedova 3-o‘ringa sazovor bo‘ldi.

«Ushbu tanlovga korruptsion muhit aks etgan suratlarim bilan ishtirok etdim. Ijodiy ishimda o‘z xizmat lavozimini suiiste'mol qilgan holda davlat mulkiga xiyonat qilayotgan mansabdor shaxslarning taraqqiyot kushandasiga aylanayotgani, bu illat mamlakatni ich-ichidan yemirib borishini tasvirlab, 1-o‘rin sohibi bo‘ldim», – deydi Toshkent davlat pedagogika universiteti talabasi Ziyotbek Otakshiyev.

«Eng yaxshi bayon» nominatsiyasida 1-o‘rinni Buxoro davlat tibbiyot instituti talabasi Muhriddin Nayimov va Farg‘ona viloyati, Marg‘ilon pedagogika kolleji o‘quvchisi Nilufar Muzaffarova, 2-o‘rinni Qoraqalpog‘iston Respublikasi davlat universiteti talabasi Temurbek Ibraimov, Xorazm viloyati, Xonqa maishiy xizmat va axborot texnologiyalari kasb-hunar kolleji o‘quvchisi Sevara Yusufboyeva, 3-o‘rinni Farg‘ona politexnika instituti talabasi Ikromjon Ismoilov va Navoiy viloyati, Xatirchi uy-joy kommunal xo‘jaligi kasb-hunar kolleji o‘quvchisi Hulkar Suvonova egalladi.

Tanlov g‘oliblarini aniqlashda asosiy e'tibor ishtirokchilarning ijodiy yondashuvi, siyosiy-huquqiy savodxonligi hamda mavzuni aniq ochib bera olganiga qaratildi. Bellashuv yoshlarning korrupsiya jinoyati bo‘yicha huquqiy bilimlarini rivojlantirish bilan birga, yoshlarda korrupsiya muhitini oldini olishda innovatsion yondashuvga, mustaqil fikrlashga undaydi.

Top