20:08 / 28.01.2019
49686
Ahmet Demir «Chorsu» mehmonxonasi rekonstruksiyasi nima uchun cho‘zilayotganini aytdi

Turkiyalik ishbilarmon va investor Ahmet Demir «Xalq so‘zi» nashriga Toshkentdagi «Chorsu» mehmonxonasining rekonstruksiya ishlari borishi haqida so‘zlab berdi.

Foto: Hakimjon Yo‘ldoshev/«Xalq so‘zi»

Nashrning ma'lumot berishicha, mehmonxona shu yil oxirigacha foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan bo‘lsa-da, tadbirkor hali-hanuz bir nechta muammolarni hal qila olmayapti. 

«Eng katta muammomiz — qog‘ozbozlik. Masalan, bir paytlar aytib o‘tganimdek, bizga qo‘shimcha yer kerak. Chunki mehmonxona kamida to‘rt yulduzli bo‘lib, 350 ta xonadan iborat bo‘ladi. Xorijlik hamkorlarimiz bunday yirik inshootda namunali xizmat ko‘rsatish uchun 2 gektarlik maydon kamlik qilishini aytishgandi. Shundan so‘ng biz Toshkent shahar hokimiyati va boshqa mutasaddilarga qo‘shimcha yer maydoni ajratish bo‘yicha murojaat etgandik. Natijada yana 3 gektar yer qo‘shib berilishini va'da qilinib, bu haqda davlat rahbarining qarori ham chiqdi», deydi Ahmet Demir.

Turkiyalik tadbirkorning so‘zlariga ko‘ra, o‘sha qaror hanuz bajarilganicha yo‘q.

«Buning oqibatida ishimiz sustlashgan, eng yomoni, bankdan kredit ololmayapmiz. Bankka ikkita kadastr hujjatini ko‘tarib borib, kredit so‘rasam, “Biznes-rejangizda ko‘rsatilgan mana bu hududning hujjati qani?” deyishadi. “Mutasaddi idoralar keyin qilib berar ekan”, deyman. Ammo ular ham chetdan kelmagan, shu yurtning fuqarolari. Yaxshi bilishadiki, “Keyin qilib beriladi”, degani ba'zan “Hech qachon qilib berilmaydi”, deganini anglatadi», deydi tadbirkor.

Tadbirkorning so‘zlariga ko‘ra, mehmonxonada xalqaro analoglardagi barcha shart-sharoit yaratiladi. Ochiq va yopiq hovuz, tennis korti, yirik anjumanlar, tantana hamda marosimlar o‘tkaziladigan muhtasham zal, ishbilarmonlar uchun har xil sig‘imdagi bir nechta konferens-zallar bo‘ladi. Mehmonxonaga tutash hududda Hunarmandlar majmuasini tashkil etish mo‘ljallangan. Zargarlar, yog‘och o‘ymakorlari, kandakorlar, naqqosh, rassom va xattotlarga shu yerda ishlashlari, mahsulotlarini sotishlari uchun zarur imkoniyat yaratib beriladi.

Majmua hududida yana ikki qavatli uchta bino qurilib, ulardan bittasi chet ellik investorlarga ofis sifatida taqdim qilinadi. Ikkinchisi Co-working center bo‘lib, u yer yosh tadbirkorlar uchun ajratiladi, uchinchisi esa oilaviy mehmonxona sifatida xizmat ko‘rsatadi. 

Top