18:17 / 20.03.2019
18289
Yo‘qotilayotgan avlod: nega jamiyat o‘smirlarni qo‘ldan boy beryapti?

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma'lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston o‘z hayotiga nuqta qo‘yishga urinish ko‘rsatkichi bo‘yicha jahonda 104-o‘rinda turadi, aniqroq qilib aytganda, har 100 ming kishidan 9tasi bu ishga qo‘l uradi. Shuningdek, bunday xatti-harakat asosan 15-29 yosh oralig‘idagi avlod vakillarida kuzatilishi qayd etilgan.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi taqdim etgan ma'lumotga ko‘ra, 2018 yilda voyaga yetmaganlarning o‘z joniga qasd qilish holatlari 2017 yilga qaraganda 10taga kamaygan. 

Lekin holatning asosiy sabablari — o‘zgalarga ta'sir o‘tkazish istagi, oiladagi kelishmovchilik, ota-onaning xorijga ishlash uchun ketganligi oqibatidagi sog‘inch, ishqiy munosabatlar, sodir etgan nojo‘ya qilmishidan uyalish, sha'n va qadr-qimmatning kamsitilishi kabi maishiy va hal etish mumkin bo‘lgan omillar ekanligini inobatga olsak, inson o‘z hayotini barbod qilishga arzimaydi.

O‘zbekistonda o‘smirlar orasidagi suitsidga ayni paytda ta'lim muassasalarida psixolog mutaxassislarning rolini oshirish orqali yechim izlanmoqda. Xususan,

  • maktablarda psixolog shtatlarini o‘quvchilar soniga muvofiq 1 nafardan 3 shtat birligigacha oshirish;
  • ular uchun alohida dastur asosida malaka oshirishi kurslarini tashkil etish;
  • oliygohlarda «sotsial psixologiya» yo‘nalishi bo‘yicha kadrlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish; 
  • yuqori sinflari o‘quv dasturiga “Oila psixologiyasi” fanini kiritish; 

Xalq ta'limi vazirligi tomonidan Tashxis markazida muammosi mavjud voyaga yetmaganlar va yoshlar uchun anonim ishonch telefoni va maslahatxona tashkil etish kabilar belgilangan.

Ammo faqatgina psixolog yordamini kuchaytirish bilan muammo hal bo‘ladimi? Hammasiga balogardon Xalq ta'limi vazirligimi?

Maktab o‘quvchilari orasida o‘z joniga qasd qilish holatlari qayd etilganda, an'anaviy qarashga muvofiq, Xalq ta'limi vazirligi hodisaga bosh aybdor sifatida ko‘riladi: ular bolaga to‘g‘ri tarbiya bermagan, o‘z vaqtida boxabar bo‘lmagan.

Vaholanki, bu faqatgina ta'lim muassasasining roli bilan hal bo‘ladigan masala emas.

«Suitsid oila, bolaning tibbiy holati, ijtimoiy holati va maktabga bog‘liq holda yuzaga keladi. Afsuski, jamiyatimizda oila bolani faqatgina moddiy ta'minlash funksiyasi bilan cheklanyapti, tarbiya majburiyati maktablar chekiga tushmoqda.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma'lumotiga ko‘ra, MDH davlatlarida suitsidni korreksiyalash vazifasi psixolog yelkasiga yuklab qo‘yilgan. Aslida bu masala psixologiyaning obekti emas. Bu psixiatriyaning muammosi», — deydi Xalq ta'limi vazirligi xodimi, ruhshunos Akobir Abdullayev.

Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, ba'zi xastaliklar odamda chuqur depressiyani keltirib chiqaradi. Masalaga yondashuvda fiziologik holatlarni ham inobatga olish kerak.

«Muammo bilan ko‘proq ijtimoiy instansiyalar shug‘ullanyapti, vaholanki bunga tibbiy munosabati ham lozim. Masalaning koordinatori Sog‘liqni saqlash vazirligi bo‘lishi kerak. Psixiatrlar xizmatini yo‘lga qo‘yish lozim», — deya ta'kidlaydi ruhshunos.

Hamma gap axborot tarqatuvchilardami?

Yoshlar o‘rtasida salbiy xarakterdagi xulq-atvorning sabablari haqida so‘z yuritar ekan, O‘quvchi va yoshlar tashkilotlari bilan ishlash boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Akobir Abdullayev quyidagi fikrlarni ilgari surdi:

– Ommaviy axborot vositalarida suitsid haqidagi axborotlarning berilishi o‘smir ruhiyatiga aks ta'sir ko‘rsatadi.

Saytda yoritilayotgan xabarlarda arqon, balandlikda turgan bola, qon, dori kabi suratlar ilova qilinadi. Bunday demonstratsiya ruhiyati inqiroz ostonasida turgan odamga noqobil qaror uchun ipmuls berishi mumkin. Bunday axborotni uzatishda so‘zlarni to‘g‘ri qo‘llay olish ham juda muhim. «Suitsid» degan sovuq so‘zning o‘rniga «deviant xulq-atvor», «o‘ziga zarar yetkazish» kabi neytral xarakterli so‘zlardan foydalanish kerak. Ommaviy axborot vositalarida bu nozik masalaning yoritilishi tartibini qat'iy ishlab chiqish lozim».

Sotsiolog Zavqiddin Gadoyev esa ommaviy axborot vositalari bu muammoga jamoatchilik e'tiborini qaratishi kerakligini ta'kidlaydi.

«OAV axborot uzatish orqali jamiyatga ko‘zini ko‘zini kattaroq ochish kerakligini uqtiradi, yechim izlashga undaydi. U ochib berayotgan muammolarning yechimi tomon butun jamiyat birgalikda harakatlanishi, ilmiy-tadqiqot institutlari bu masala bilan shug‘ullanishi kerak. O‘quvchi o‘zini ossa, maktab direktori, sinf rahbari, ma'naviyatchi ishdan ketadi. Bu bilan nima o‘zgaryapti? Masalaga ilmiy yondasha olishimiz, to‘g‘ri xulosa chiqara olishimiz kerak», — deydi u.

Diniy immunitet mavjudmi?

«Inson umri – tarozi. Uning bir pallasida aql, ikkinchisida esa din turadi». Faylasuf Artur Shopengauerning mazkur iqtibosi hayotda diniy bilimlarga ega bo‘lish aqlli bo‘lish kabi ahamiyatga egaligini ko‘rsatadi. Muhimi, bu ikkisi o‘rtasidagi oltin me'yorni saqlab qola olishdir.

Fikrimizcha, din haqida yetarlicha tushunchalarning shakllanmasligi, hayotiy immunitetni hosil qilishda dinning roli pastligi ham o‘smirlarda turli muammolarga qarshi kurashuvchanlik hissining yo‘qligiga sabab bo‘ladi.

«Maktabda din ilmiy tomondan tushuntirilishi kerak. Diniy aqidalarni esa uyda ota-ona o‘rgatishi kerak. Lekin aksariyat ota-onalarning o‘zida bu masalada yetarlicha tasavvur mavjud emas», — deydi sotsiolog Zavqiddin Gadoyev.

Aholining katta qismini musulmonlar tashkil qiluvchi O‘zbekistonda  kuzatilayotgan o‘z joniga qasd qilish holati, aslida, Islom dinida qattiq qoralanadi. Xususan, o‘zini o‘ldirgan odamga janoza ham o‘qilmasligi dinda ko‘rsatilgan. Shunga qaramay, diniy ulamolarning yoshlar, voyaga yetmaganlar bilan muloqoti sustligi yuqoridagi hodisalarni keltirib chiqarmoqda.

Ruhiy inqirozdagi o‘smirni qanday tanish mumkin?

«Ming afsuski, so‘nggi paytlarda «o‘smir» va «suitsid» so‘zlari birga yuradigan juftlikka aylanib boryapti. Suitsidga qo‘l urmoqchi bo‘lgan o‘smirda asosiy maqsad o‘z qadrini oshirish. U o‘lim jarayonini uzoq davom etadigan uyqu sifatida tasavvur qiladi, hamma noxushliklar o‘tib ketgach uyg‘onaman, degan o‘yda bo‘ladi», — deydi amaliyotchi ruhshunos Sevara Jonuzoqova.

Mutaxassisning ma'lumot berishicha, kuchli ruhiy inqiroz ostonasida turgan o‘smirni bir qancha tashqi belgilar orqali «tanish» mumkin. Xususan:

– uyqusizlik;

– ishtahaning yo‘qolishi yoki aksincha ko‘p ovqat yeyish;

– holsizlik, sababsiz og‘riqlardan shikoyat qilish;

– tashqi ko‘rinishiga haddan ortiq ko‘p e'tibor qaratish;

– ko‘proq yolg‘iz qolishga intilish;

– o‘lim bilan bog‘liq mavzularda ko‘p gapirish;

– kelajak uchun rejalarning yo‘qligi;

– uydan qochishga urinishlar;

– o‘ziga zarar yetkazishni ifodalovchi rasmlar, yozuvlarni tasvirlash;

– sababsiz yig‘lash, qo‘pol muomala;

– shaxsiy buyumlarini boshqalarga tarqatish.

«93 foiz holatda o‘smirni bu yo‘ldan qaytarib qolish mumkin bo‘ladi. Faqatgina undagi salbiy o‘zgarishlarni o‘z vaqtida payqay olish va mutaxassislik yordamini to‘g‘ri ko‘rsata olish lozim», — deya ta'kidlaydi ruhshunos.

Kim aybdor: ota-onami yoki maktab?

O‘smirlar hayoti muammolari haqida gap ketganda darrov aybdorni izlashga tushib qolamiz: Xalq ta'limi vazirligi, mahalla, ota-ona... Kaltak birinchi navbatda ta'lim muassasasi rahbariyatining boshida sinadi. Ayrim vaziyatda o‘smir bilan yuz bergan salbiy hodisaning sababi etib marhumning o‘qituvchisi yo do‘stlari tomonidan haqorat qilingani, kaltak yegani asos qilib keltiriladi. 

Bu borada mutaxassis sotsiolog Zavqiddin Gadoyev quyidagi fikrlarni bildirdi:

– O‘smirlarning o‘z joniga qasd qilish darajasiga yetib kelishiga jamiyat aybdor. Suitsidning asosiy sababi jamiyat tashkil qilgan qadriyat va an'analar. Mohiyati mavhum an'analarga yopishib olganmiz. Sotsiologiyada har bir yosh davri o‘zining alohida psixologik xususiyatga egaligi belgilanadi. Lekin jamiyat qaysi yoshda kimga qanday muomala qilish kerakligini bilmaydi. Bolaga mana bundoq, o‘smirga esa mana bundoq gapirish kerak, degan tushuncha mutlaqo mavjud emas. Jamiyat bolani shaxs sifatida tan olmaydi. Ular eshitilmaydi. «Yo‘q, mumkin emas», degan taqiq bizda juda kuchli. Nega aynan o‘tish davrida suitsid holatlari ko‘p kuzatiladi? Chunki bitta shapaloq, bitta olib berilmagan ko‘ylak, rad etilgan muhabbat ham o‘smirning o‘ta nozik ruhiyatiga salbiy ta'sir ko‘rsatishi mumkin.

Bu davrda har bir ko‘riladigan film, o‘qiladigan kitob o‘ziga xos xarakterga ega bo‘lishi kerak. Ammo aslida nima bo‘lyapti? U qanday axborotni qay tarzda qabul qilayotganligi bilan hech kimning ishi yo‘q.

O‘smirni ota-onasi jyerkadi. O‘qituvchining esa u bilan shug‘ullanishga vaqti yo‘q. Sinflarda 40dan ortiq o‘quvchi o‘tiradi. Bunda bola bilan qanday qilib individual shug‘ullanish mumkin?! Muammo kompleks ildiz otganmi, demak, uning yechimiga ham majmuaviy yondashish kerak».

O‘smir yoshidagi avlodning o‘z hayotiga vaqtli nuqta qo‘yishga urinishi faqatgina kechaning yoki bugunning muammosi emas. Ertaga ham bu mavzu o‘z-o‘zidan hal bo‘lib qolmaydi. Ammo bizga ayon bo‘lgan masalaning ayrim jihati shu bo‘ldiki, qog‘oz va hisobotda bolaning «xo‘jayini», unga qayg‘urishi lozim tashkilot, instansiya va sub'yektlar ko‘p, amalda ularning foydali ishi, natijasi yo‘qdek.

Top