Jahon | 20:34
557
8 daqiqa o‘qiladi

Avstraliya ijtimoiy tarmoqlarda bolalar davrini to‘xtatdi: qariyb 5 million akkaunt cheklandi

Avstraliyada 16 yoshga to‘lmaganlarning ijtimoiy tarmoqdan foydalanishiga taqiq kuchga kirgach, Instagram, YouTube va TikTok kabi o‘nta mashhur platforma millionlab akkauntlarni blokladi. Xo‘sh, Avstraliya nega bolalarga bunday cheklovlar joriy qildi va u qanday ishlaydi?

Foto: AP Photo

Avstraliyada 16 yoshga to‘lmaganlarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishiga taqiq kuchga kirgach Elektron xavfsizlik bo‘yicha komissar (eSafety) platformalarga nechta akkaunt olib tashlangani haqida savollar yubordi. To‘plangan ma’lumotlarga ko‘ra, taqiqning ilk kunlaridayoq 4,7 milliondan ortiq akkaunt o‘chirib qo‘yilgan, olib tashlangan yoki cheklangan.

Bu 10 platforma qatoriga — YouTube, Facebook, Instagram, Snap, X, TikTok, Threads, Twitch, Kick, va Reddit kiradi.

Avstraliya hukumati tijoriy maxfiylikni ro‘kach qilib, har bir platforma bo‘yicha alohida raqamlarni ochiqlashdan bosh tortdi. Biroq Meta dushanba kuni Facebook, Instagram va Threads bo‘ylab qariyb 550 ming akkauntni o‘chirib qo‘yganini aytgandi.

Avstraliya bosh vaziri Entoni Albanezening aytishicha, eSafety tomonidan o‘tkazilgan dastlabki tahlillar platformalar foydalanuvchilarning akkauntga ega bo‘lishiga yo‘l qo‘ymayotganini ko‘rsatmoqda.

«Bu ijtimoiy tarmoq kompaniyalari qonunlarga rioya qilish va bolalarni o‘z platformalaridan chetlatish uchun mazmunli sa’y-harakat qilayotganini ko‘rsatadi. O‘zgarish bir kunda bo‘lib qolmaydi. Ammo, dastlabki belgilar – aynan shu o‘zgarishni amalga oshirish uchun harakat qilganimiz naqadar muhim bo‘lganini ko‘rsatmoqda», - deya Albanezening so‘zlarini keltirmoqda The Guardian nashri.

«Bu dunyoda yetakchi qonunchilik edi va endi u butun dunyo bo‘ylab kuzatilmoqda», deya qo‘shimcha qildi u.

«Taqiq emas, kechiktirish»

Ijtimoiy tarmoqlarda yosh bo‘yicha cheklovlar yosh avstraliyaliklarni bosim va xatarlardan himoya qilishni maqsad qiladi. Rasmiylarga ko‘ra, bu choralar taqiq emas, akkaunt ochishni kechiktirishdir.

Avstraliyada bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlashga undagan asosiy sabablar quyidagilardan iborat:

Zararli ta’sirlardan himoya: ijtimoiy tarmoqlar bolalar va yoshlarni bir qator ehtimoliy xavflarga duchor qiladi. Jumladan, kiberbulling, zararli kontent va onlayn firibgarliklar bilan bog‘liq tahdidlar mavjud. Kirishni cheklash bolalarning ruhiy va hissiy farovonligini himoya qilishga yordam beradi.

Sog‘lom rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash: tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, ijtimoiy tarmoqlardan haddan tashqari ko‘p foydalanish miya rivojlanishiga, uyqu sifatiga va o‘qish samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Foto: Getty Images

Onlayn maxfiylik bilan bog‘liq muammolar: ijtimoiy tarmoq platformalari foydalanuvchilardan juda katta hajmda shaxsiy ma’lumotlarni yig‘adi. Bolalar esa ularning ma’lumotlari qanday yig‘ilayotgani, ishlatilayotgani yoki tijorat maqsadlarida qo‘llanayotganini to‘liq anglamasligi mumkin.

Ota-onalarni qo‘llab-quvvatlash: tarmoqqa kirishni cheklash ota-onalarga farzandlarining onlayn faoliyatini yaxshiroq boshqarish, ularning texnologiyadan nazorat ostida foydalanishini ta’minlash imkonini beradi.

Yosh cheklovlarini joriy etishdan oldin Avstraliyaning keng jamoatchiligi: sanoat vakillari, fuqarolik jamiyati, olimlar va tadqiqotchilar, ta’lim sohasi vakillari, ota-onalar va yoshlar bilan ham bevosita suhbatlar o‘tkazilgan.

Bundan tashqari, hukumat 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarni bu jarayonga tayyorlash uchun ota-onalar, vasiylar va o‘qituvchilarni amaliy yo‘riqnomalar, resurslar bilan qo‘llab-quvvatlamoqda.

Kompaniyalar taqiqqa rioya qilyapti

4,7 millionlik bu ko‘rsatkich – qonun qabul qilinishidan oldin aytilgan taxminlardan ancha yuqori, deb yozmoqda Reuters. Aholi statistik ma’lumotlariga solishtirganda Avstraliyadagi 10-16 yosh oralig‘idagi har bir bola hisobiga ikkitadan ortiq akkaunt to‘g‘ri kelmoqda.

Taqiq dastlab tatbiq etilgan barcha kompaniyalar unga rioya qilishlarini ma’lum qilgan. Platformalar qonunga amal qilmasa, 33 million AQSh dollarigacha jarima solinishi mumkin. Biroq u bolalar yoki ularning ota-onalarini javobgarlikka tortmaydi.

Platformalar orasida Reddit qonunga rioya qilayotganini bildirgan bo‘lsa-da, biroq u taqiqni bekor qildirish uchun Avstraliya hukumatini sudga bergan. Hukumat esa o‘z pozitsiyasini himoya qilishini aytmoqda.

Foto: AP Photo

Bundan tashqari, Meta ham Avstraliya hukumati talablarini bajargan bo‘lsa-da, taqiqqa qarshi pozitsiyasini saqlab qoldi. Unga ko‘ra, yoshni tekshirish bo‘yicha yagona standart va yoshlar uchun kengroq sanoat darajasidagi himoya choralari joriy etilishi kerak. Meta'ning ta’kidlashicha, bu choralar «o‘smirlar ko‘chib o‘tadigan yangi ilovalarni quvib yurishdan qochishga» yordam beradi.

Muammolar va «migratsiya»

Taqiq tanqidchilari uni ijro etish qiyin bo‘lishini ta’kidlagan. Elektron xavfsizlik komissari Juli Inman Grant ayrim voyaga yetmaganlarga tegishli akkauntlar hanuz faol ekanini va to‘liq muvofiqlik haqida gapirishga hali erta ekanini aytdi.

«Biz xavfsizlik qonunlari har bir qoidabuzarlikni butunlay yo‘q qiladi, deb kutmaymiz. Aks holda tezlik cheklovlari ham muvaffaqiyatsiz bo‘lardi, chunki qoidalarga qaramay odamlar tezlikni oshiradi», — deydi u.

Avstraliya aloqa vazirining muxolifatdagi muqobili Melissa Makintosh esa yoshlar tarmoqlarda yangi akkauntlar ochib, tekshirish vositalarini biroz grim bilan oson aylanib o‘tayotganini aytdi.

Dekabrda ayrim kichik ijtimoiy tarmoq ilovalarini Avstraliyada yuklab olishlar keskin oshgan. Elektron xavfsizlik xizmati bu jarayonni «migratsiya tendensiyalari» sifatida kuzatishini aytdi. Biroq dastlabki yuklab olishlar barqaror foydalanishga aylanmagan.

Avstraliya bosh vaziri Entoni Albaneze va uning hukumati yangi tartibni himoya qilmoqda / Foto: Reuters

Xususan, kirish huquqidan mahrum bo‘lgan bolalar Yope va Lemon8 kabi boshqa platformalarga ko‘chib o‘tgan. Bu platformalar esa taqiq ro‘yxatiga kiritilmagan.

Aslida Avstraliyadagi qonuniy taqiq barcha platformalardan o‘z-o‘zini baholashni, ya’ni taqiq ularga tatbiq etilishi kerak yoki yo‘qligini mustaqil aniqlashni talab qiladi. Hukumat esa agar o‘smirlar boshqa platformalarga ko‘chib o‘tsa, ularni ham qonunga rioya qilishga chaqirishini bildirgan.

Bundan tashqari, Bluesky kabi ayrim platformalar hukumat e’lon qilgan dastlabki ro‘yxatda bo‘lmasa ham, yoshni tasdiqlash mexanizmlarini joriy qilgan.

Ruhiy salomatlik bo‘yicha mutaxassislar ishtirokidagi tadqiqot – ushbu taqiqning uzoq muddatli ta’sirini bir necha yil davomida kuzatib boradi.

Avstraliya tajribasi kuzatilmoqda

Taqiqning ijrosi dunyo bo‘ylab turli hukumatlarning sohaviy regulyatorlari tomonidan diqqat bilan kuzatilmoqda.

Buyuk Britaniyada Leyboristlar hukumati shunga o‘xshash taqiq joriy etish bosimiga duch kelmoqda. Xususan, konservatorlar yetakchisi Kemi Badenox uning partiyasi 16 yoshgacha bo‘lganlar uchun ijtimoiy tarmoqlar taqiqini qo‘llab-quvvatlashini aytdi.

Instagram akkunti cheklovga tushgan avtraliyalik o‘smir / Foto: AP Photo

Fransiya ham 2026 yil 1 sentabridan boshlab 15 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlamoqchi. Bu haqda tegishli qonun loyihasining parlamentdagi muhokamasi shu oyda bo‘lib o‘tadi.

Malayziya, Indoneziya va Qozog‘iston shunga o‘xshash qonunlarni joriy etishini aytgan. Ayrim Yevropa davlatlari va AQShning bir qator shtatlari ham Avstraliya ortidan ergashish masalasini muhokama qilmoqda.

Mavzuga oid