11:30 / 27.03.2019
16640
Jazoir armiyasi generali prezidentdan iste'fo talab qildi

Jazoir Qurolli kuchlari bosh shtabi rahbari mamlakat prezidenti Abdulaziz Buteflikadan o‘z majburiyatlarini bajarishga layoqatsizligini e'lon qilishni talab etdi.

«Biz bu inqirozdan darhol chiqishimiz kerak, ammo barchasi konstitutsiya doirasida amalga oshadi», degan general-leytenant Ahmad Gayed Saloh televideniye orqali chiqishida.

Jazoirda bir necha haftadan buyon fuqarolar amaldagi prezident almashishini talab qilib namoyishlar o‘tkazishmoqda.

Prezident Buteflika muddati kechiktirilgan navbatdagi prezidentlik saylovlarida beshinchi bor o‘z nomzodini qo‘ymaslikka va'da qilgandi.

Ammo namoyishchilar u hokimiyatni topshirishiga ishonishmayapti.

Namoyishchilar hozirgi hukumat tarkibidagi korrupsion amaldorlar ham ketishini talab qilmoqda
EPA

Namoyishlar bir oycha muqaddam, 82 yoshli prezident navbatdagi saylovlarga ham nomzodini qo‘ymoqchiligini ma'lum qilganidan keyin boshlangandi.

Davlat televideniyesidagi chiqishida bosh shtab boshlig‘i va Mudofaa vaziri o‘rinbosari hisoblanadigan Saloh mamlakatda siyosiy barqarorlik saqlab qolinishining yagona kafolati konstitutsiya ekanini ta'kidlab o‘tgan.

U Konstitutsiyaning 102-moddasini qo‘llashni taklif qilgan, bu modda agar davlat rahbari o‘z lavozimiga layoqatsizligini bildirsa, mamlakat konstitutsion kengashiga prezidentlik lavozimi bo‘sh qolganini e'lon qilishga imkon beradi.

Prezident Buteflika 2013 yilda insultni boshdan kechirgan va keyingi 6 yil davomida omma oldida juda kam ko‘rinish bergan.

Prezident Abdelaziz Buteflika davlatni 1999 yildan buyon boshqarmoqda
AFP/GETTY

Abdulaziz Buteflika Jazoir jamiyatining yuqori harbiy tabaqasiga mansubdir. U Fransiyaga qarshi mustaqillik urushi faxriysi hisoblanadi, urush vaqtida u xalq orasida katta obro‘ qozongan.

Buteflika 1990-yillarda fuqarolik urushidan keyin hokimiyat tepasiga kelgan, unga o‘sha vaqtlarda mamlakatni birlashtiruvchi sifatida qarashgan.

U 2011 yilgi arab bahori voqealaridan keyin ham hokimiyat tepasida qolishga muvaffaq bo‘ldi va o‘zi boshqaruvdagi rejimning mustahkamligini saqlab qoldi. Ammo keyingi yillarda sog‘ligi bilan bog‘liq voqealar tufayli uning pozitsiyasi ancha kuchsizlangan.

Keyingi yillarda u xalq qarshisiga chiqmay qo‘ydi. Aksar hollarda uning nutqi yordamchilari tomonidan o‘qib eshittiriladi. Uning navbatdagi saylovda qatnashish to‘g‘risidagi bayonoti ham davlat televideniyesida suxandon tomonidan o‘qib berilgandi.

Top