10:48 / 15.04.2019
4060

Tashkent Travel Mart: Xorijiy va mahalliy turkompaniyalar o‘rtasida B2B uchrashuvlarga start berildi

15 aprel kuni poytaxtda B2B formatidagi «Tashkent Travel Mart» tadbiriga start berildi, unda BAA, Shveytsariya, Italiya, Gretsiya, Gruziya, Rossiya va boshqa mamlakatlarning turizm sanoati vakillari ishtirok etishdi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov ochib berdi va uning aynan nodavlat notijorat tashkilot tomonidan tashkil etilgan birinchi tadbir ekaniga urg‘u berdi.

Foto: Kamil Yenikeyev

“Bugun turizm sohasi biznes aloqalarining yangi formatidamiz. Shunisi diqqatga sazovorki, bunday formatdagi tadbir birinchi marta Xususiy sayyohlik tashkilotlari uyushmasi (XSTU) tashkilotchiligi ostida o‘tmoqda. Odatda bunday tadbirlar davlat tashkilotlari yetakchiligida o‘tkazilar edi, bugun esa, ko‘rib turganingizdek, bizning sayyohlik tashkilotlarimiz o‘z o‘rinlarini mustahkamlab, tashabbuslar bilan chiqishmoqda. Hozirda O‘zbekistonda turizm sohasi faol rivojlanmoqda: 2017 yilda O‘zbekistonga tashrif buyurgan xorijiy fuqarolar soni 2,7 million kishini tashkil qilgan bo‘lsa, 2018 yilda ularning umumiy soni 5,4 millionga yaqinlashdi. Joriy yilning birinchi choragidayoq, ya'ni odatda sayyohlar oqimi kam mavsum hisoblanuvchi davrda O‘zbekistonga kelgan xorij fuqarolari soni million nafarga yetdi”, - dedi u. 

Shuningdek, Bosh vazir o‘rinbosari, bugun, mamlakatda turizmning ko‘plab yo‘nalishlari rivojlanayotgan bir paytda xorijiy mehmonlarning O‘zbekistonda o‘zlari uchun yaxshi hamkorlarni topib, o‘z bizneslarini yanada rivojlantirishlariga umid bildirdi hamda bunda O‘zbekiston hukumati ularning sa'y-harakatlari va tashabbuslarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini ta'kidladi.

Shu bilan birga, tadbirda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Abdulaziz Akkulov, Xususiy sayyohlik tashkilotlari uyushmasi raisi Gulchehra Isroilova va turizm sohasining boshqa vakillari ham qatnashib, xorijiy hamkorlar bilan muzokaralar olib borishdi.

Foto: Kamil Yenikeyev

«Tashkent Travel Mart» dunyoning turli davlatlari turistik tashkilotlar vakillari o‘rtasida hamkorlik o‘rnatish va aloqalarni yanada rivojlantirish uchun mo‘ljallangan zamonaviy platformadir. Tadbir formati bir kunda turizm sanoatining ko‘plab vakillari bilan tanishish, yangi sayyohlik kompaniyalari va taqdim etilayotgan xizmatlar haqida ma'lumotlar olish imkonini beradi.

Foto: Kamil Yenikeyev

Mutaxassislarning ta'kidlashicha, «Tashkent Travel Mart» loyihasi O‘zbekistonda turizmni rivojlantirishga qo‘shimcha turtki beradi.

«Tashkent Travel Mart» O‘zbekiston Respublikasi Xususiy sayyohlik tashkilotlari uyushmasi tomonidan Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Tashqi ishlar vazirligi, «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK, «Profi.Travel» bosh axborot hamkori qo‘llab-quvvatlashi ostida o‘tkazildi.

Foto: Kamil Yenikeyev

B2B uchrashuvlarda xorijiy va mahalliy turoperatorlar, mehmonxonalar, aviakompaniyalar, avtomobil ijarasi bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar vakillari qatnashishdi.

Top