22:28 / 28.04.2019
14627

Rashid Malikov bilan suhbat: Amerika yoshlari, o‘zbek kinosi muammolari va «O‘zbekkino»ga tavsiyalar

Kun.uz «Chinor ostidagi duel», «Kelinlar qo‘zg‘oloni» filmida aktyorlik, «Tog‘a», «Sabot» filmlarida rejissyorlik ishi bilan tanilgan san'at namoyandasi Rashid Malikov bilan jamiyat va yoshlar, mashhur kinomukofotlar, o‘zbek filmlaridagi takroriy mavzular, zamonaviy o‘zbek kinosan'ati saviyasi to‘g‘risida suhbatlashdi.

Suhbat davomida Rashid Malikov yoshlarbop filmlar to‘g‘risida o‘z fikrlari bilan bo‘lishdi va AQSh fentezi filmlaridagi yondashuv to‘g‘risida so‘zladi.

«Flagman kinematografiyasi – AQShni misol qilib olsak, kinematografiyasining deyarli 60-70% qismi yoshlar uchun olingan filmlardir. Shuning uchun ham, Marvel kinokoinotining filmlariga talab kuchli. Qanchadan-qancha superqahramonlar haqida filmlar suratga olingan.

O‘rta yoshdagi odamlar ushbu filmlarni ertak yoki cho‘pchak deya atashi mumkindir, lekin e'tiborli jihati fentezi janridagi bu filmlar yuksak mahorat bilan suratga olingan.

Amerika filmlarida doimo ijobiy qahramon g‘olib keladi. Bu janrdagi filmlar oldi-qochdi mavzularda bo‘lsa-da, yoshlarga ibrat bo‘ladigan jihatlari talaygina. Yoshlarni faqat jiddiy filmlarga yo‘naltirish ham to‘g‘ri emas, vaqti bilan ularning o‘zi jiddiy mavzulardagi filmlarni ko‘rishga intilishadi.

Afsuski, o‘zbek kinosida boshqa bir muammo bor. Xususiy filmlar, ularni qo‘polroq aytganda, «xontaxta filmlar» deyishadi. Xususiy filmlarda asosan, arzon janr – melodramaga murojaat ko‘p uchraydi. Aslida «oldi-qochdi» filmlarga ko‘proq mablag‘ va mehnat ketadi.

Bizda-chi, aktyor va aktrisalarni bitta uyga olib kirib, qaynona-kelin muammolari, komediya mavzularida kino olish urf bo‘ldi. Bu filmlar, mening nazarimda, yoshlar uchun zararli. Chunki yillar davomida yoshlar qaynona-kelin, boy-kambag‘al munosabatlari hikoya qilib kelingan filmlarni tomosha qildi. Hindistonda ham shunday shohona hayot aks etgan filmlarni yaxshi ko‘rishadi. Arzon-garov mavzularni ko‘rgan yoshlar, tabiiyki, hayot va turmush faqat qimmatbaho buyumlar-u ovunchoqlardan iborat deb o‘ylashni, bir-birini g‘ajishni boshlaydi.

10-15ta shunday janrdagi filmni ko‘rgan yoshlar ertaga «unaqa va'dani berishgandi», «bunaqa turmush bo‘lishi kerak edi» deb, qanoatsizlik qilib, oilasidan ajralib ketayotganining guvohi bo‘lyapmiz.

Yoshlarga o‘rnak bo‘ladigan filmlar, afsuski, ancha yillardan buyon yo‘q. «O‘zbekkino» siyqasi chiqqan mavzular - faqat va faqat qaynona-kelin, boyning qizi – kambag‘al yigit yoki boy yigit – kambag‘alning qizi munosabatlari haqida kino olish o‘rniga yoshlarga chindan ibrat bo‘ladigan filmlar tasvirga olish haqida bir o‘ylab ko‘rsa bo‘lardi», deydi san'atkor.

Ma'lumot uchun, aktyor, rejissyor va ssenariynavis Rashid Malikov 1958 yilda Moskvada tug‘ilgan. 1980 yilda Toshkent tibbiyot institutini, 1986 yilda Butunrossiya davlat kinemagrofiya institutini tamomlagan. 1993 yilda AQShda Film in USA dasturi doirasida malaka oshirgan. 

Bir qator xalqaro kinomukofotlar sovrindori. 2018 yil 40-Moskva Xalqaro kinofestivalida «Sabot» filmi uchun Rossiya kinematografchilari ittifoqining kinoshunoslar va kinotanqidchilar gildiyasi sovrinini, Kinoklublar federatsiyasi diplomini (Hakamlarning maxsus e'tirofi yo‘nalishida) qo‘lga kiritgan.

Rashid Malikov bilan intervyuning to‘liq shaklini Kun.uz’ning YouTube va Mover’dagi sahifalarida tomosha qilishingiz mumkin.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

Top