22:51 / 30.04.2019
8115
Ilk bor bemorga dron yordamida yetkazilgan donorlik organi ko‘chirib o‘tkazildi (video)

AQShning Merilend universiteti tadqiqotchilari dunyoda ilk bor inson organini tashish uchun drondan foydalanishdi. Ushbu organ keyinroq bemorga ko‘chirib o‘tkazilgan. 

Xabarda aytilishicha, dron donor buyragini Merilend universitetining Baltimordagi tibbiy markaziga 19 aprelda yetkazib bergan. Parvoz qancha davom etgani ma'lum qilinmagan, biroq universitet xodimlari tomonidan yaratilgan maxsus konteynerda bo‘lgan buyrak parvozni yaxshi o‘tkazgan va 8 yildan beri operatsiyani kutgan 44 yoshli bemor ayolga ko‘chirib o‘tkazilgan. Operatsiya muvaffaqiyatli o‘tgan va 25 aprelda ayol shifoxonadan chiqarilgan.  

Donorlik organlarining tezkorlik bilan yetkazilishi tana a'zolarini ko‘chirib o‘tkazish operatsiyasi muvaffaqiyatli bo‘lishining omillaridan biri hisoblanadi. Statistikaga ko‘ra, yo‘ldagi turli hodisalar va ushlanishlar tufayli barcha organlarning 1,5 foizi ko‘chirib o‘tkazishga yaroqsiz holga keladi. Dronlarni qo‘llash esa organlarni yetkazishni tezlashtirishi va salbiy ko‘rsatkichni pasaytirishi mumkin.    

2016 yilda Ruanda hukumati mamlakatning borish qiyin bo‘lgan hududlarida qon quydirishga ehtiyojmandlarga qonni yetkazish bo‘yicha dunyodagi birinchi davlat dasturini ishga tushirgandi.

Kuni kecha AQShning fuqarolik aviatsiyasi federal boshqarmasi yuklarni dronlarda yetkazuvchi Wing kompaniyasiga aviatashuvchi sertifikatini topshirdi. Ta'kidlanishicha, bu holat dronlarda yuk tashish bilan shug‘ullanuvchi kompaniyaga shunday hujjatning birinchi marta topshirilishi hisoblanadi.

Top