Jahon | 11:54 / 21.01.2026
4105
4 daqiqa o‘qiladi

Lavrov Rossiyaning Qrimni qo‘shib olishini AQShning Grenlandiya bo‘yicha rejalari bilan taqqosladi

RF tashqi ishlar vaziri Moskva AQSh tomonidan “egallab olinishi” mumkin deyilayotgan Grenlandiya atrofidagi vaziyat qanday yakun topishiga qarab xulosa chiqarishini aytdi. Tramp esa ilgari Rossiya va Xitoy orolni “okkupatsiya qilish” niyatida, degan edi.

Foto: Rossiya TIV

RF tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Rossiyaning Ukrainaga qarashli Qrimni qo‘shib olishiga oid holatni AQSh va Grenlandiya atrofidagi vaziyat bilan taqqosladi. U seshanba, 20 yanvar kuni 2025 yil yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida: “Grenlandiya xalqi o‘rniga Qrim xalqini qo‘yib ko‘ring — shunda sizga ko‘p narsa, ehtimol, tushunarli bo‘ladi”, — dedi.

Lavrovning da’vosiga ko‘ra, Qrimda “odamlar antikonstitutsion davlat to‘ntarishidan keyin referendumga borgan”. “Grenlandiyada esa hech kim hech qanday to‘ntarish qilgani yo‘q. Shunchaki, prezident (AQSh prezidenti Donald — tahr.) Tramp aytganidek, bu hudud AQSh xavfsizligi uchun muhim. Qrim ham Rossiya Federatsiyasi xavfsizligi uchun, Grenlandiya AQSh uchun qanchalik muhim bo‘lsa, shunchalik muhim”, — deya davom ettirdi RF TIV rahbari.

Shu bilan birga, vazirning so‘zlariga ko‘ra, Daniyaning mazkur avtonom hududini “Rossiya yoki Xitoy egallab oladi”, degan gaplarga hech qanday tasdiq yo‘q. “Biz shundan kelib chiqamizki, bu masalaga aloqamiz yo‘q. Biz kuzatyapmiz, — albatta, bu jiddiy geosiyosiy vaziyat”, — dedi Sergey Lavrov. U Moskva bu muammoning “qanday yakun topishiga qarab” xulosa chiqarishini qo‘shimcha qildi.

Bundan oldin AQSh prezidenti: “Agar siz hozir (vaziyatga — tahr.) Grenlandiyadan tashqari hududda qarasangiz, u yerda har tomonda Rossiya esminetslari, Xitoy esminetslari, shuningdek Rossiya suvosti kemalari borligini ko‘rasiz”, — degan. “Biz Rossiya yoki Xitoyning Grenlandiyani okkupatsiya qilishini rad etamiz, agar chora ko‘rmasak, aynan shuni qilishadi”, — deya Trampning so‘zlarini keltirdi PBS News Hour dasturi.

Daniya va boshqa Yevropa amaldorlari avvalroq Grenlandiya NATOning jamoaviy mudofaa qoidalari bilan himoyalanganini ta’kidlagan. Bundan tashqari, oroldagi AQSh harbiy ishtirokini 1951 yilgi kelishuv kafolatlaydi.

Matbuot anjumanida Sergey Lavrov 7 yanvar kuni Shimoliy Atlantikada AQSh federal sud orderi asosida — Amerika sanksiyalarini buzgani uchun ushlangan Marinera (Bella1) tankeri atrofidagi vaziyatga ham to‘xtaldi. RF TIV rahbarining aytishicha, AQSh Moskvaga “o‘sha kuni yoki ertasiga” tanker ekipajidagi ikki nafar RF fuqarosini ozod qilish bo‘yicha qaror “eng yuqori darajada qabul qilinganini” ma’lum qilgan. Biroq, “keyingi kunlar bu qaror bajarilmayotganini ko‘rsatdi”, dedi Lavrov. U shu bilan birga “amerikalik hamkasblar va’dasini bajaradi”, deya umid bildirdi.

Bella 1 tankeri avval Panama bayrog‘i ostida yurgan va AQSh blokadasiga qaramay Venesuela sohillariga yaqinlashishga uringan. 2025 yil dekabrda AQSh sohil qo‘riqchilari uni ushlamoqchi bo‘lgan, ammo Rossiya, Ukraina va Hindiston fuqarolaridan iborat ekipaj talablarga bo‘ysunmagan va keskin ravishda yo‘nalishini o‘zgartirgan. Ekipaj kemaning bort qismiga RF bayrog‘ini ilib qo‘ygan. Bir necha kundan keyin Bella 1 nomi Marinera deb o‘zgartirilgan va kema Rossiya Dengiz registriga kiritilgan.

Tankerni ushlash operatsiyasi AQSh Adliya, Ichki xavfsizlik va Mudofaa vazirliklari ko‘magida o‘tkazilgan — kema AQSh sohil qo‘riqlash kemasi tomonidan kuzatib borilgandan keyin. Operatsiyada desant ham qatnashgan: ular tankerga Rossiya harbiy kemalari va suvosti kemasi Marinera tomon yo‘l olganidan sal oldin tushirilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid