8518.68 USD +5.11

9652.52 EUR +145.42

131.33 RUB +0.92

10847.7 GBP +94.20

20:31 / 08.05.2019 3190

Toshkent hayvonot bog‘ini rivojlantirishda BAAlik mutaxassislarni jalb qilish rejalashtirilmoqda 

Toshkent hokimligida BAAning “Al-Ayn” hayvonot bog‘i rahbariyati va O‘zbekistonning Falcon Hunting Solutions kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda xorijiy hayvonot bog‘i mutaxassislarining 2016-2020 yillarda Toshkent hayvonot bog‘ini rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirishda ishtirok etishi masalasi ko‘rib chiqildi. 

Uchrashuv davomida Toshkent hokimi o‘rinbosari Elbek Shukurov ta'kidlaganidek, bu sohada “Al-Ayn” hayvonot bog‘ida to‘plangan katta tajribani hisobga olgan holda, poytaxt ma'muriyati BAAlik mutaxassislar bilan hamkorlikdan mamnun bo‘ladi.

Toshkent hokimligi matbuot xizmatida ma'lum qilinishicha, kelgusida Toshkent hayvonot bog‘i nafaqat hayvonlar tomosha qilinadigan joy, balki dam olish, ilmiy ishlanmalar markazi bo‘ladi.

Tomonlar tomonidan qo‘shma loyihalarni samarali amalga oshirish uchun xizmat qiladigan memorandum imzolanishi rejalashtirilmoqda. Avvalroq O‘zbekiston delegatsiyasi “Al-Ayn” hayvonot bog‘iga tashrif buyurib, u yerda to‘plangan tajriba bilan tanishib chiqqan.

“Al-Ayn” hayvonot bog‘i umumiy maydoni 900 gektardan iborat bo‘lib, u yerda tashrif markazi, tabiat va etnografiya muzeyi, veterinar klinika, davolanishga muhtoj hayvonlarni vaqtinchalik saqlash uchun karantin zona, hayvonot bog‘i faoliyatida qo‘llanuvchi texnik vositalarga xizmat ko‘rsatish majmualari, safari turlar o‘tkazish va noyob hayvonlarni yarim erkin tarzda saqlanishini namoyish qilish uchun mo‘ljallangan maxsus hudud (40 gektar) mavjud. 

Falcon Hunting Solutions kompaniyasi O‘zbekistonda biologik turfa xillikni muhofaza qilish, noyob yovvoyi hayvonlarni saqlash va ko‘paytirish hamda ekologik va ov turizmini rivojlantirishda ko‘maklashadi. 

Top