8562.34 USD +26.60

9731.96 EUR +165.96

135.34 RUB +2.77

10908.4 GBP +161.92

09:00 / 18.05.2019 28792

Shavkat Mirziyoyev Tohir Malik vafoti munosabati bilan ta'ziya bildirdi

Shavkat Mirziyoyev va hukumat a'zolari Tohir Malik vafoti munosabati bilan ta'ziya bildirdi. Uning matni O‘zA tomonidan e'lon qilindi.

O‘zbek adabiyoti va madaniyati og‘ir judolikka uchradi.

O‘zbekiston xalq yozuvchisi, taniqli publitsist va tarjimon Tohir Malik – Tohir Abdumalikovich Hobilov 2019 yil 16 may kuni og‘ir xastalikdan so‘ng 73 yoshida vafot etdi.

Tohir Malik 1946 yil 27 dekabrda Toshkent shahrida ziyoli oilasida tug‘ildi. O‘rta maktabni tugatganidan so‘ng Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti)da tahsil oldi.

Bo‘lg‘usi adib o‘z mehnat faoliyatini Toshkent qurilish-montaj boshqarmasida oddiy g‘isht teruvchi sifatida boshladi. Badiiy ijodga, so‘z san'atiga bo‘lgan kuchli intilishi tufayli keyinchalik yurtimizdagi bir qator ommaviy axborot vositalarida, jumladan, “Tong yulduzi” gazetasida, O‘zbekiston radiosida, Cho‘lpon, G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyotlarda, “Guliston”, “Sharq yulduzi”, “Yoshlik” jurnallarida turli vazifalarda samarali xizmat qildi.

Katta hayot va ijod tajribasiga ega bo‘lgan Tohir Malik O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida ham birmuncha vaqt faoliyat ko‘rsatib, milliy adabiyotimizni rivojlantirish, iste'dodli yosh yozuvchi va shoirlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qizg‘in ish olib bordi.

Mustaqillikning dastlabki yillarida Davlat mukofotlari qo‘mitasi mas'ul kotibi sifatida ijodkor ziyolilarning mehnatini moddiy va ma'naviy jihatdan rag‘batlantirishda ishtirok etdi.

Yorqin iste'dod egasi o‘zidan boy va betakror ijodiy meros qoldirdi. Uning Vatanimiz va xalqimizga, azaliy qadriyatlarimizga mehr va sadoqat tuyg‘ulari mahorat bilan tarannum etilgan badiiy asarlari, kinossenariylari, dolzarb mavzulardagi publitsistik maqolalari el-yurtimiz qalbidan chuqur joy oldi.

Tohir Malik o‘zbek adabiyotida badiiy fantastika, sarguzasht janrlarining rivojiga katta hissa qo‘shdi. “Ozod inson haqida qo‘shiq”, “So‘nggi o‘q”, “Shaytanat”, “Mehmon tuyg‘ular”, “Odamiylik mulki” kabi ko‘plab asarlari milliy adabiyotimiz xazinasidan munosib o‘rin egalladi.

Xalqimiz tarixining eng og‘ir davrlarini badiiy yo‘l bilan tasvirlash va jamoatchilikka yetkazishda ham adib ibrat ko‘rsatdi. Ayniqsa, uning o‘zbek ma'rifatparvar ziyolilarining murakkab hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan tarixiy asarlari katta tarbiyaviy ahamiyatga egadir.

Tohir Malik yetuk tarjimon sifatida jahon adabiyotining sara namunalarini ona tilimizga mahorat bilan o‘girib, kitobxonlarimizni ulardan bahramand qilish borasida ham samarali mehnat qildi.

El suygan adib jonkuyar tashkilotchi sifatida jamoat ishlarida, madaniy va ma'rifiy jarayonlarda faol ishtirok etdi. Umrining oxiriga qadar Ichki ishlar vazirligi akademiyasida o‘zbek tili, ma'naviyat asoslaridan saboq berib, yoshlarni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashda jonbozlik ko‘rsatdi.

Zahmatkash adibning o‘zbek adabiyoti va madaniyatini rivojlantirish yo‘lidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “O‘zbekiston xalq yozuvchisi” faxriy unvoni, “Do‘stlik”, “Mehnat shuhrati” ordenlari bilan mukofotlangan edi.

Atoqli adib, mehribon ustoz, kamtarin inson Tohir Malikning yorqin xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.

Sh.Mirziyoyev, N.Yo‘ldoshev, N.Ismoilov,
A.Aripov, J.Ortiqxo‘jayev, S.Saidov

Top