8518.68 USD +5.11

9652.52 EUR +145.42

131.33 RUB +0.92

10847.7 GBP +94.20

19:30 / 07.06.2019 39126

«O‘zavtosanoat» Jizzaxda «Peugeot» avtomobil zavodi qurilishi nega to‘xtab qolganiga izoh berdi

Bugun, 7 iyun kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida «O‘zbekistonda avtomobilsozlikni rivojlantirish strategiyasi» mavzusida OAV vakillari bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.

Jurnalistlar 2017 yilning 13 iyun kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziëyev «Xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi «Uzbekistan Peugeot Citroen Automotive» korxonasini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarorni imzolagani, «Jizzax» erkin industrial zona hududida yengil tijorat avtomobillarini ishlab chiqarish obektlarini qurish ishlarining oxirgi muddati sifatida 2018 yilning 10 dekabri ko‘rsatilgani, lekin nega hanuzgacha prezident topshirig‘i bajarilmagani haqida savol berdi.

«Bu savolga javob bera olmayman. Chunki bu ikki tomonlama hal qilinadigan ish. Axir bir tomonda fransuz hamkorlarimiz turibdi. Bu ular bilan bog‘liq muammo, muammo ularning o‘zida», —deya «O‘zavtosanoat» strategik rejalashtirish direksiyasi boshlig‘i Rustam Qodirovning so‘zlarini keltirmoqda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi matbuot xizmati.

Eslatib o‘tamiz, 2017 yil 16 may kuni «O‘zavtosanoat» aksiyadorlik jamiyati Fransiyaning «Peugeot Citroen Automobiles S.A» kompaniyasi bilan mas'uliyati cheklangan jamiyat shaklida, ustav jamg‘armasi, ekvivalenti 29,3 mln yevro miqdoridagi «Uzbekistan Peugeot Citroen Automotive» qo‘shma korxonasini tashkil etish to‘g‘risida bitim imzolanganini ma'lum qilgandi.

Rejaga ko‘ra, Jizzaxdagi Peugeot-Citroen zavodi 2018 yil dekabrida ishga tushishi kerak va yil oxirida dastlabki mahsulotlarini ishlab chiqarishi kerak edi. 133 million yevroga baholangan loyiha doirasida yiliga jami 16 ming dona Peugeot Expert va Peugeot Boxer avtomobillari yig‘ilishi lozim edi.

Kun.uz surishtiruviga ko‘ra, 2018 yilning oxiriga kelib, zavod 50 foizga ham qurib bo‘linmagandi.

Keyinroq «O‘zavtosanoat» kompaniyasi boshqaruvi raisining texnik siyosat va mahalliylashtirish bo‘yicha o‘rinbosari v.b. Azizbek Shukurov PSA Groupe avtomobil zavodi maydonchasida qurilish ishlarining to‘xtatilishi loyiha texnologik konsepsiyasini qayta ko‘rib chiqish bilan bog‘liqligi haqida ma'lum qilgandi.

O‘zbekiston Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasining 2019 yilgi Investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra, Jizzaxdagi avtomobil zavodi 2019 yilda ishga tushadigan loyihalar ro‘yxatiga kiritilmagan.

Top