21:15 / 07.06.2019
42456

O‘zbekistonda yaqin 5 yillikda narxi 10 ming dollarlik arzon avtomobillar ishlab chiqariladi

O‘zbekistonda yaqin 5 yillikda narxi 10 ming dollarlik arzon avtomobillar ishlab chiqariladi

Bugun, 7 iyun kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida «O‘zbekistonda avtomobilsozlikni rivojlantirish strategiyasi» mavzusida OAV vakillari bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. Tadbirda 2030 yilga qadar mo‘ljallangan O‘zbekiston avtosanoatini rivojlantirish Konsepsiyasi ishlab chiqilgani haqida ma'lumot berildi

«Ushbu konsepsiya internetdagi portalda e'lon qilinadi, o‘rganib chiqasizlar, muhokama bo‘ladi. Mazkur konsepsiyada 2ta tendensiya hisobga olingan: birinchi 5 yillikda narxi 10 000 AQSh dollari atrofida bo‘lgan arzon avtomobillar ishlab chiqarilishiga e'tibor qaratiladi, chunki shu toifa transport vositalariga talab yuqori bo‘ladi. Dunyo tajribasidan ma'lumki, krossover, ya'ni yo‘ltanlamas avtomobillarga qiziqish va ehtiyoj yil sayin oshib bormoqda. Shundan kelib chiqib, mamlakatimizda birinchi 5 yillikdan keyin yangi tendensiya boshlanishini taxmin qilyapmiz: kelgusida O‘zbekistonda narxi 15 000 AQSh dollari atrofida bo‘lgan krossoverning kichikroq modellarini ishlab chiqarishga e'tibor qaratiladi», — dedi «O‘zavtosanoat» strategik rejalashtirish direksiyasi boshlig‘i Rustam Qodirov.

Muloqot davomida premium segmentda Chevrolet Equinox krossoveri, Chevrolet Trailblazer yo‘ltanlamas va Chevrolet Traverse oilaviy krossoveri ishlab chiqarilishi joriy yilning oxirigacha boshlashni rejalashtirilayotgani bildirildi.

«O‘zavtosanoat» mutasaddilarining aytishicha, premium segment mamlakatimizda katta talabga ega emas, hatto avtokonsern umumiy hajmining 10 foizini ham tashkil etmaydi, chunki hammaning ham bunday avtomobil sotib olishga qurbi yetmaydi.

«Shu yilning oxirida, ehtimol dekabrda yoki keyingi yilning boshida 3ta yangi model ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi, — dedi Rustam Qodirov. — Ularning hajmi kam bo‘ladi. Biz talabdan kelib chiqib, ish tutamiz. Sotib olinmaydigan minglab Trailblazer ishlab chiqarishning nima keragi bor? Bozorga qancha mashina kerak bo‘lsa, shuncha chiqaramiz».

Uchrashuvda O‘zbekiston MDH davlatlari ichida Rossiyadan keyin ikkinchi eng katta bozor ekani qayd etildi. Qozog‘iston, Rossiya, Belarus, Ukraina esa O‘zbekistonning asosiy eksport bozorlari sifatida tilga olindi.

Top