8535.74 USD +17.06

9566 EUR -86.52

132.57 RUB +1.24

10746.5 GBP -101.19

18:00 / 14.06.2019 9748

Vazirlik endi olimlarni boyitish uchun ishlaydi - Ibrohimjon Abdurahmonov

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi «rejalashtiriladi», «tatbiq etiladi», «optimallashtiriladi» kabi loyihalar uchun endi davlat grantini bermaydi. Vazirlikning o‘zi mavzularni taqdim etadi va ularda aniq mahsulot ko‘rinib turadi, deydi Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 7 maydagi «Iqtisodiyot tarmoqlari va sohalariga innovatsiyalarni joriy etish mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorida amaliy innovatsion tadqiqotlarning dolzarb yo‘nalishlari bo‘yicha mavzuga oid grantlar berish yuzasidan muntazam ravishda tanlovlar e'lon qilib borish vazifasi yuklatilgandi.

Ta'kidlanishicha, davlat granti ajratilishidan avval, mahsulot uchun aniq narx belgilanib, tayyorlash jarayoni uchun yetarli summa ajratiladi.

«Eski tizimda, 400 million sarflanadigan loyiha uchun olim summani o‘zgartirib, 800 million so‘m, deb qayd qilardi. Chunki aytilgan summa to‘liq ajratilmasligini inobatga olgan. Yangi tizimda bunday bo‘lmaydi. Olim uchun yetarli mablag‘ ajratib beriladi. Moddiy tomondan ta'minlangan, ma'lum bir vaqt (ikki, uch yil) belgilangan va vaqt nihoyasiga yetgan bo‘lsa-yu, olim tomonidan aytilgan vazifa bajarilmasa, mahsulot tayyor holga keltirilmasa, shartnomaga ko‘ra, pul olim tomonidan qaytariladi.

Loyihani amalga oshirilish jarayonida tijoratchilik ishlarida sustkashliklar bo‘lsa, vazirlik, loyiha bilan shug‘ullangan jamoa jarima to‘laydi. Keyingi loyihalardan ham chetlashtiriladi. Demak, ikki taraflama mas'uliyat yuklatilgan. Olim mahsulotni taqdim qilmasa, pulni qaytaradi, mahsulot tijoratlashtirilmasa, vazirlik javobgarlikka tortiladi. Buni barchasi javobgarlik hissini oshirish uchun joriy qilingan», — deydi Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov.

Ma'lum qilinishicha, hozirgi kunda jami 95ta loyiha 78,6 mlrd so‘mga moliyalashtirishga tavsiya etildi. Shuningdek, Xalqaro ilmiy-texnik hamkorlik doirasida jami 21ta loyiha, jumladan O‘zbekiston-Belarus o‘rtasida bajarilishi 2019-2021 yillarga mo‘ljallangan 15ta loyiha 7,3 mlrd so‘mga, O‘zbekiston-Germaniya o‘rtasida jami 6ta 0,6 mlrd so‘mlik loyihalar ham amalga oshirilishi belgilangan.

Misol uchun, biologiya fanlari nomzodi Go‘zal Kutliyeva «ichak yallig‘lanish kasalliklarini oldini olish va davolash yangi biopreparat ishlab chiqish» mavzusida, bajarilishi uch yilga mo‘ljallangan amaliy loyiha yillik 300 mln. so‘m miqdorida sertifikatni qo‘lga kiritdi.

«Xo‘jaliklarda yangi tug‘ilgan buzoqlarda o‘lim holati ko‘p kuzatiladi. Chorvachilik bilan shug‘ullanadigan hamyurtlarimiz buni oldini olish uchun chetdan kirib kelgan preparatlardan foydalanadi. Bugungi kunda biz yaratgan dorilarning ham ulardan kam joyi yo‘q. Tajribada qo‘llab ko‘rgandan so‘ng, ba'zi fermerlar biz bilan shartnoma ham imzoladi», — deydi biologiya fanlari nomzodi Go‘zal Kutliyeva.

«Maqsadimiz — olimlarga ko‘proq pul ajratish, loyihasini moddiy jihatdan to‘liq qoplab berish. Ularni eski qobiqdan chiqishi, ajratilgan mablag‘dan to‘liq foydalanib, natijani ko‘rsatish, mahsulotni keng bozorga sotish. Prezidentimiz Innovatsion rivojlanish vazirligini bekorga joriy qilmadi. Olimlar boy bo‘lishi kerak, deb ko‘p aytadilar. Ishonaman, kelajakda olimlarimizni o‘zi muammolarni o‘rganib, loyihalar uchun mablag‘ ajratadigan tashkilotlarga ham asos soladi»,—deydi Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov.

Top