8584.5 USD +6.14

9673.87 EUR +45.52

136.34 RUB +1.82

10793.3 GBP +50.61

07:30 / 16.06.2019 27353

Behzod Musayev: Blogerning telefonini olib qo‘ygan soliqchilar ishdan bo‘shatildi

Davlat soliq qo‘mitasi avvalroq huquqlari buzilgani Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan aytilgan bloger Azizbek Ashurboyev bilan bog‘liq vaziyatni o‘rganib chiqdi. Bu haqda qo‘mita raisi Behzod Musayev ma'lum qildi.

«Davlat soliq qo‘mitasi bir necha kun avval Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan bloger Azizbek Ashurboyevning huquqlari buzilganligiga doir e'lon qilingan xabar bo‘yicha vaziyatni o‘rgandi. 

Natijada 2019 yil 7 iyun kuni A.Ashurbayevning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida reklama joylashtirishi bilan bog‘liq nazorat tadbirida Mirobod tumani davlat soliq inspeksiyasi xodimlari O.Ziyayev va Sh.Hasanov o‘z vakolatlari doirasidan chetga chiqqanliklari va soliq organlarining kasb odobi qoidalarini buzganligi aniqlandi. 

A.Ashurbayev tomonidan sodir etilgan huquqbuzarlikni bartaraf etish uchun uning shaxsiy uyali aloqa telefonini tortib olmagan holda, tushuntirish ishlarini olib borish va zarur hujjatlarni rasmiylashtirish bilan kifoyalanish lozim edi.

Kasbiy faoliyatida yo‘l qo‘ygan kamchiliklari uchun ushbu xodimlar lavozimidan ozod etildi. 

Kelgusida shu kabi holatlarning oldini olish maqsadida Davlat soliq qo‘mitasi bunday nizolarni hal qilish mexanizmini joriy etish masalasining qonuniy va axloqiy jihatlarini hisobga olgan holda ko‘rib chiqishga kirishdi. 

Davlat soliq qo‘mitasi o‘z faoliyati ochiqligini ta'minlashdan manfaatdor bo‘lib, bu yo‘lda jurnalistlar va blogerlar bilan yaqin hamkorlik qilish, ularning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va qonuniy huquqlari hamda manfaatlarini himoya qilishga tayyor ekanligini bildiradi», deyiladi qo‘mita xabarida. 

12 iyun kuni telegramdagi «Qo‘shni mahalla» kanalida «Blogerni tunagan qaroqchilar» sarlavhasi ostida post qoldirilgandi. Unda «Instagram»da 300 minglik auditoriyaga ega sahifa egasi bloger Aziz Ashurbayev 8 iyun kuni kanalida reklama joylashtirish bo‘yicha uchrashuvga borib, reklama uchun 400 ming so‘mni olgan vaqtida begona shaxslar yetib kelishgani, ular o‘zlarini soliqchilar sifatida tanishtirib, telefonini olib qo‘yishgani, «Instagram»dagi sahifasining parollarini o‘zgartirib, sahifasiga ega chiqishgani, ijtimoiy tarmoqdagi boshqa sahifalaridagi yozishmalarini ham kuzatishayotganidan shikoyat qilgandi.

13 iyun kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiya agentligi direktori Komil Allamjonov o‘zining tvitterdagi sahifasida Davlat soliq qo‘mitasiga murojaat qilib, bloger Aziz Ashurbayev bilan bog‘liq holatni o‘rganib chiqilib, inspektorning xatti-harakati qonunga zidligi aniqlansa unga nisbatan chora ko‘rilishini so‘radi.

Davlat soliq qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev blogerdan uzr so‘radi.

14 iyun kuni Bosh prokuratura soliqchilar telefonini olib qo‘ygan bloger bo‘yicha munosabat bildirdi va blogerlik faoliyati himoya ostida ekanini ma'lum qildi.

Top