17:57 / 09.07.2019
5890

Qarshidagi uylarning kanalizatsiya muammosi hal etildi. O‘z ishiga nopisand rahbarlar ogohlantirildi

1 iyul kuni Kun.uz sayti orqali «Qarshiliklar qiynalmoqda: Ko‘p qavatli uylardan birida kanalizatsiya ayanchli holatga kelib qolgan» sarlavhasi ostida maqola e'lon qilingan edi.

Maqolada Qarshi shahridagi «Buyuk Turon» mahallasi, Kech ko‘chasida joylashgan ko‘p qavatli uylarning kanalizatsiya tizimidagi ayanchli holatlar, uylarning pod'yezdi ta'mirtalab bo‘lib qolgani, yerto‘lalar esa chiqindiga to‘lgani ko‘rsatilgandi.

Qarshi shahri hokimligi mazkur muammoga e'tibor qaratdi. Maxsus ishchi guruh tuzilib, holat o‘rganildi. «Buyuk Turon» mahallasidagi 14-uyning yerto‘la qismidagi kanalizatsiya quvurlari almashtirilib, yerto‘la to‘liq tozalandi.  

Bundan tashqari, mazkur uyning 4, 7 va 10-xonadonlari ichida o‘tkazilgan kanalizatsiya quvurlari to‘liq almashtirilgan. Kirish yo‘laklari ham ta'mirlanib, obodonlashtirish ishlari olib borilgan. «Maqsud obod» shirkati tomonidan mulkdorlar bilan kelishilgan holatda doimiy ravishda ishlar tashkil etilishi belgilab qo‘yildi. Fuqarolarga uylari ichidagi barcha quvur va jo‘mraklar nazoratga olinib, kezi kelganda almashtirib turish lozimligi tushuntirilgan.

Yuqorida aytilgan ishlar qay darajada bajarilganini bilish uchun murojaatchi bilan bog‘landik.

«Maqola e'lon qilingach, ertasi kuni hokimiyatdan va Shirkatlar kengashidan mutasaddilar kelishdi. Vaziyatni o‘rganishdi. Bizning shirkat rahbarlariga ogohlantirish berishdi. Ishlar boshlanib ketdi. Yo‘lagimiz, kanalizatsiya quvurlari ta'mirlandi. Yerto‘la chiqindilardan to‘la tozalandi. Ishlar keyingi uylarda ham davom etmoqda», deydi u.

Muammoga e'tibor berilgani quvonarli hol. Chunki bundan insonlar manfaatdor. Bu kabi ishlar fuqarolarning davlatga, olib borilayotgan islohotlarga bo‘lgan ishonchini yanada oshiradi.

Sarvar Anvar o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top