Har bir inson yangi xonadonga ko‘chib kirganida yaxshi niyatlar bilan bu ishni amalga oshiradi. Yangi uy, yangi rejalar, yangi hissiyotlar... ammo oradan ko‘p o‘tmay bularning bari sarobga aylansa nima bo‘ladi? Buni ikki og‘iz so‘z bilan tushuntirib berish qiyin. Ya'ni, olingan uy ko‘p o‘tmasdan nurashni boshlasa va odam bolasi yashamaydigan bir holatga kelsa. Bu ham kamdek, mas'ul tashkilotlar bu holatga e'tibor bermasa. Kun.uz tahririyatiga yuborilgan navbatdagi murojaat egasi xuddi ana shunday sharoitda oilasi bilan kun kechirmoqda.

Qashqadaryo viloyati, Qarshi shahri, «Buyuk Turon» mahallasining Kech ko‘chasida joylashgan uylardan birida istiqomat qiluvchi Bobur Yoqubov 2018 yilning iyunida yaxshi niyatlar bilan uy sotib oladi. Ammo oradan ko‘p o‘tmay uyning kamchiliklari fosh bo‘la boshlaydi. Barcha gap eskirib ketgan va buning ortidan ayanchli holatga kelib qolgan kanalizatsiya quvurlari hamda katta ishonch bildirilgan shirkatda edi.

«Ko‘chib kelganimga bir yil bo‘ldi. Kommunal to‘lovlarini oyma-oy, o‘z vaqtida to‘lab kelaman. Ammo shirkat shunga yarasha mavjud muammolarni hal etmayapti. Uyning pod'yezdlari achinarli holatga kelib qolgan. Kanalizatsiya quvurlari chirib ketgan, avariyaviy holatda. Har hafta suv tiqilib, chiqindi aralash sassiq suv uyga chiqib keladi. Men turadigan uyning yerto‘lasi chiqindiga to‘la. Bulardan bir so‘m qarzdor bo‘lmasam, muammoni borib aytsam, e'tiboram qaratishmaydi», deydi murojaatchi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, Bobur Yoqubov har oy shirkatga 30-40 ming so‘m pul to‘laydi. Suratlarda ko‘rinib turganidek, uyning yerto‘lasi chiqindiga to‘la va ular ancha oldin tashlangani bilinib turibdi.