9061 USD +179.00

10092.1 EUR +163.84

138.47 RUB +2.09

10926.7 GBP +151.91

10:15 / 20.07.2019 120187

Otabek Umarov: «Avtoulov «tonirovka»si xavfsizlik masalalarini hal qilishda va ta'minlashda bizga to‘siq bo‘lolmaydi. Ushbu masala ko‘rib chiqilmoqda»

Foto: Instagram /Otabek Umarov

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti xavfsizlik xizmati rahbari o‘rinbosari Otabek Umarov so‘nggi paytlarda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘layotgan tonirovka masalasi bo‘yicha o‘z fikrini bildirdi.

“Menga “Instagram”dagi sahifam orqali bahsli mavzu — “tonirovka” borasida juda ko‘p murojaat kelib tushmoqda. Shu sababli va bu aktual mavzuning qisman xavfsizlik masalasi bilan bog‘liqligi uchun o‘z fikrimni bildirishga qaror qildim. 

Fikrimcha, “tonirovka” mavzusi O‘zbekiston sharoitida dolzarb va o‘rinli ko‘tarilgan. Chunki yurtimizda iqlim sharoiti yoz oylari, ayniqsa, chilla payti juda og‘ir bo‘ladi.
 
Masalaning muhim ekanligini hamda Internet tarmoqlari orqali jamoatchilik, blogerlar va deputatlar murojaatlarini inobatga olib, biz mutasaddi davlat idoralariga bu masalani amaliyotga joriy qilish yuzasidan tegishli tavsiyalar berdik. Hozirda “tonirovka” mavzusi boshqa davlatlar tajribasidan kelib chiqib, har tomonlama ko‘rib chiqilmoqda. 

Xavfsizlik nuqtai nazaridan qaraydigan bo‘lsak, shuni alohida aytmoqchimanki, bizda ushbu yo‘nalishda hamma zarur choralar ishlab chiqilgan va ijrosi ta'minlangan. Avtoulov “tonirovka”si xavfsizlik masalalarini hal qilishda va ta'minlashda bizga to‘siq bo‘lolmaydi”, - deb yozadi Otabek Umarov.

Eslatib o‘tamiz, hukumatning 2018 yil 18 iyuldagi «Tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) oynali yengil avtotransport vositalaridan foydalanishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq 2018 yil 1 avgustdan boshlab, jismoniy va yuridik shaxslarga tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) oynali yengil avtotransport vositalaridan pulli asosda foydalanishga ruxsat berildi. 

To‘lov 1 yil muddatga: 

jismoniy shaxslar uchun — eng kam oylik ish haqining 90 baravari (18 245 700 so‘m);
yuridik shaxslar uchun — eng kam oylik ish haqining 120 baravari (24 327 600 so‘m);
O‘zbekiston Respublikasida faoliyat ko‘rsatayotgan xorijiy davlatlar yuridik shaxslari uchun — eng kam oylik ish haqining 140 baravari (28 382 200 so‘m) miqdorida belgilandi.

O‘z navbatida, O‘zbekiston “Adolat” SDP fraksiyasi a'zolarining qayd etishicha, bugungi kunda avtotransport vositalariga ehtiyot qismlari bilan savdo qilish do‘konlarida termal plyonkani uchratish mumkin. Bildirilishicha, termal plyonka o‘zining xususiyatiga ko‘ra, tonirovka plyonkasidan ancha ustunlikka ega va haydovchilar uchun ham yon-atrofni ko‘rishga xalaqit bermaydi. 

Deputatlar e'tirof etishicha, ushbu masalada muammoning yechimi sifatida Hukumat qaroriga tegishli o‘zgartirish kiritishni nazarda tutuvchi taklif tayyorlanmoqda. Ya'ni, Yo‘l harakati qoidalarining 3-ilovasi 7.4-bandiga muvofiq, transport vositasining old, yon va orqa oynalarining yorug‘lik o‘tkazuvchanligi 70 foizdan kam bo‘lsa, undan foydalanish taqiqlanishi belgilangan normani qayta ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq. Unga ko‘ra, mamlakatda ushbu 70 foiz cheklovi 15 foizga, ya'ni 55 foizgacha tushirilsa, haydovchilar bemalol termal plyonkadan foydalanishi mumkin bo‘ladi. 

Shuningdek, «Jamoat transportlari oynalarini qoraytirish haqida»gi elektron jamoaviy murojaat «Mening fikrim» veb-portalida 1 sutka ichida 10 mingdan ortiq ovoz to‘pladi. Petitsiyada jamoat transportlari, ya'ni avtobus va boshqa yo‘nalishli transport vositalarining oynalarining yorug‘lik o‘tkazishini kamida 50 yoki 60 foizgacha so‘ndirish taklif qilingan edi.

Top