11:58 / 24.07.2019
6515
O‘zbekiston Mo‘g‘uliston bilan iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga qaror qildi
Mo‘g‘uliston / Foto: Gilles Sabrie

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Mo‘g‘uliston Respublikasi bilan iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori loyihasi e'lon qilindi.

Hujjatga ko‘ra, Mo‘g‘uliston Respublikasi bilan iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan quyidagi chora-tadbirlar to‘g‘risidagi takliflar ma'qullanishi mumkin:

O‘zbekiston Respublikasi hamda Mo‘g‘uliston Respublikasi o‘rtasida havo yo‘llari va boshqa transport koridorlarini tashkil etish;

O‘zbekiston Respublikasidan Mo‘g‘uliston Respublikasiga quruq va ho‘l mevalarni, poliz, uzum va boshqa mahsulotlarni yetkazib berishni yo‘lga qo‘yish;

Mo‘g‘uliston Respublikasidan O‘zbekiston Respublikasiga go‘sht va go‘sht mahsulotlari hamda boshqa zarur turdagi xom-ashyolarni olib kelishni tashkil etish.

“O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi Mo‘g‘uliston Respublikasiga havo yo‘llari koridorini tashkil etadi hamda mahsulotlarni tashish va ushbu davlatdan go‘sht va go‘sht mahsulotlarini olib kelishda ko‘rsatiladigan xizmatlarni maqbul narxlarda amalga oshiradi.

Transport vazirligi Mo‘g‘uliston Respublikasiga mahsulotlarni eksport qilish, shuningdek ushbu davlatdan go‘sht va go‘sht mahsulotlari hamda boshqa zarur turdagi xom-ashyolarni maxsus transportlar orqali olib kelishni tashkil etadi.

O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan quruq va ho‘l mevalar, meva sharbatlari hamda boshqa mahsulotlarni Mo‘g‘uliston Respublikasiga eksport qiluvchi va ushbu davlatdan go‘sht olib keluvchi korxonalar ro‘yxati ma'qullanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga zarur hollarda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Administratsiyasi va Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda ushbu qaror ilovasidagi korxonalar ro‘yxatiga tegishli o‘zgartirishlar kiritishga ruxsat beriladi.
 
Belgilanishicha, Mo‘g‘uliston Respublikasidan olib kelinadigan go‘sht va go‘sht mahsulotlari hisobidan:

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qo‘mitasi davlat zaxirasi uchun qabul qiladi;

respublika budjet tashkilotlari, ijtimoiy soha va maxsus obektlarning ehtiyoji ta'minlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qo‘mitasi davlat zaxirasi uchun go‘sht qabul qilish yuzasidan ilovaga muvofiq korxonalar bilan Mo‘g‘uliston Respublikasidan go‘sht olib kelish bo‘yicha shartnomalar tuzadi.

Moliya vazirligi Mo‘g‘uliston Respublikasidan olib kelinib respublika budjet tashkilotlari, ijtimoiy soha va maxsus obektlarga yetkazib berilgan hamda davlat zaxirasiga qabul qilingan go‘sht va go‘sht mahsulotlari uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshiradi.

Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq 2019 yil 1 avgustdan boshlab ikki yil muddatda Mo‘g‘uliston Respublikasiga mahsulotlarni eksport qilish hamda import uchun sarflangan transport xarajatlarining 50 foizi miqdori O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi. 

Belgilab qo‘yilishicha, Mo‘g‘uliston Respublikasidan import qilinadigan go‘sht va go‘sht mahsulotlariga 10 foizdan yuqori bo‘lmagan ustama belgilashga ruxsat etiladi.

Top