Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yil yakuni: 2025 yil O‘zbekiston iqtisodiyotidagi asosiy tendensiyalar
Oltin 1979 yildan keyingi eng katta yillik narx oshishiga erishdi va bu O‘zbekiston iqtisodiy hayotining joriy yilgi mundarijasini belgilab berdi. Xususan, so‘m dollarga nisbatan hayratlanarli darajada mustahkamlandi. Shuningdek, 2025 yil 1 may sanasi yangi proteksionistik choralar bilan tarixga kirdi: utilyig‘im karrasiga qimmatlashdi, bojsiz tovar olib kirish limiti kamaydi.
2025 yil O‘zbekiston iqtisodiy hayotida muhim voqealarga boy bo‘ldi. Yalpi ichki mahsulotning o‘sishi 7 foizni tashkil etib, yil yakuni bo‘yicha 145 mlrd dollarga yetishi kutilyapti. Kambag‘allik darajasi yil boshidagi 8,9 foizdan 5,8 foizga, ishsizlik darajasi 5,5 foizdan 4,9 foizga tushdi. Inflatsiya 7,3 foizgacha pasayishi mumkin. Kun.uz yakunlanayotgan yilda O‘zbekiston iqtisodiyotida yuz bergan asosiy tendensiyalarga e’tibor qaratadi.
So‘m mustahkamlanishi
O‘zbek so‘mi yilni dollarga nisbatan 6,8 foizlik mustahkamlanish bilan yakunlayapti. Yil boshida dollarning ko‘tarilmasdan, aksincha pasayishini tasavvur qilish juda qiyin edi. Chunki yillar davomida dollar doimo o‘sadi, arzonlashmaydi degan qarash shakllangan edi. Fevral oyida kurs birinchi marta 13 ming so‘mdan oshgandi ham. Ammo, ma’lum bir iqtisodiy shart-sharoitlarda eng qudratli valutalar ham o‘z qiymatini yo‘qotishiga guvoh bo‘ldik.
Yil davomida so‘m kursining mustahkamlanishiga pul o‘tkazmalari oqimining ko‘payishi, to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning oshishi, asosiy hamkor davlatlar milliy valutalarining barqarorlashishi va oltin narxining qimmatlashishi fonida eksportning o‘sishi va savdo taqchilligining qisqarishi kabi omillar ta’sir qildi. O‘z navbatida, chegaradan bojsiz olib kirish limitlarining kamaytirilishi – valuta kirimi va chiqimi o‘rtasidagi farqni yanada kengaytirishga xizmat qildi.
So‘mning mustahkamlanishi fonida O‘zbekiston iqtisodiyotidagi dollarlashuv darajasi sezilarli qisqardi, tashqi qarzga xizmat ko‘rsatish xarajatlari ham kamaydi. Taqqoslash uchun, so‘m dollarga nisbatan 2021 yilda 3,4 foizga, 2022 yilda 3,6 foizga, 2023 yilda 9,9 foizga, 2024 yilda esa 4,7 foizga o‘z qiymatini yo‘qotgandi.
Oltin narxining oshishi
Yil davomida O‘zbekiston iqtisodiyotiga eng katta ta’sir ko‘rsatgan omillardan biri – oltin narxining keskin ko‘tarilishi bo‘ldi. Odatda oltin narxining o‘sishi iqtisodiy yoki siyosiy bosimlar bilan bog‘liq bo‘ladi. Masalan, 2008 yilgi global moliyaviy inqirozdan keyin qimmatbaho metall 1000 dollarga, pandemiya davrida 2000 dollarga, joriy yilning martida Tramp ma’muriyatining radikal boj siyosati fonida 3000 dollarga chiqqandi. Jahon savdosida noaniqliklar, AQSh Federal rezerv tizimining mustaqilligi atrofidagi xavotirlar va Qo‘shma Shtatlarning fiskal barqarorligiga doir shubhalar kuchaygani sabab oktyabr oyida narxlar 4000 dollardan oshdi. Dekabr oyiga kelib esa qimmatbaho metall bahosi 4500 dollardan ham ko‘tarildi. Oltin 2025 yilda 70 foizga qummatlashdi, bu – oxirgi 46 yil ichidagi eng katta o‘sish.
O‘zbekiston – eng yirik oltin ishlab chiqaruvchi va uni eksport qiluvchi mamlakatlardan biridir. Jahon bozorida narxlarning ko‘tarilishi ortidan 1 dekabr holatiga Markaziy bankning oltin-valuta zaxiralari qiymati 61 mlrd dollardan oshdi va bu mamlakatning suveren kredit reytinglari yaxshilanishida asosiy omillardan biri bo‘ldi.
Xalqaro valuta jamg‘armasi O‘zbekiston hukumatiga budjetda rejalashtirilmagan qo‘shimcha daromadlar hisobidan xarajatlarni ko‘paytirish tashabbuslarini cheklashni tavsiya qilyapti. Bu inflyatsion bosimni pasaytirish, real ayirboshlash kursining ortiqcha mustahkamlanishining oldini olish va oltin narxlari tushgan taqdirda makroiqtisodiy tebranishlarning kuchayish xavfini kamaytiradi.
Proteksionistik choralar
2025 yilning 1 may kunidan boshlab O‘zbekistonda qator proteksionistik choralar kuchga kirdi. Xususan, ishlab chiqarilganiga 3 yildan oshmagan elektromobillar uchun utilizatsiya yig‘imi bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravaridan 120 baravarigacha yoki o‘sha paytdagi narx bo‘yicha 11 mln so‘mdan 45 mln so‘mgacha oshiriladi. Bu esa BYD’ning dilerlik tarmog‘idan tashqaridagi import elektrokarlar narxini qimmatlashtirdi. Yig‘im narxining aql bovar qilmas darajada ko‘tarilishi ichki bozordagi ishlab chiqaruvchini himoya qilishga qaratilgan navbatdagi urinish sifatida baholandi.
Bundan tashqari, 1 maydan boshlab xorijdan O‘zbekistonga kirib kelayotgan fuqarolar uchun notijorat maqsadlarda tovar olib kirish limitlari pasaytirildi. Xususan, samolyotda keluvchilar uchun limit 2000 dollardan 1000 dollarga, poyezdda keluvchilar uchun 1000 dollardan 500 dollarga tushirildi. Davlat chegarasini avtomobilda yoki piyoda kesib o‘tayotganlar esa 300 dollardan ortiq qiymatdagi tovarni bojsiz olib kirolmaydi. Qolaversa, 20 iyuldan boshlab 2-3 kunga xorijga chiqqanlar uchun bojsiz limit umuman nolga teng qilib qo‘yildi.
Yirik xususiylashtirishlar
Joriy yilda ham keng ko‘lamli xususiylashtirish dasturi amalga oshirilishi davom ettirildi. Xususan, Samarqand avtomobil zavodidagi 75 foizlik davlat ulushi Turkiyaning Anadolu Isuzu kompaniyasiga 80 mln dollarga sotildi. Investor budjetga to‘lovdan tashqari, yana 80 mln dollar investitsiya kiritish majburiyatini ham olgan.
Birlashgan Arab Amirliklarining TAQA va Mubadala kompaniyalari esa Talimarjon energetika majmuasidagi 874 megavattlik IESning 80 foiz hissasini sotib olganini e’lon qildi. Bitim qiymati va boshqa shartlar ma’lum emas. Investorlarga ko‘ra, davlat ulardan elektr energiyasini 25 yil davomida kafolatli sotib olish majburiyatini olgan.
Sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning o‘g‘li Doniyor Komilov O‘zbekistondagi bizneslarini yanada kengaytirdi. Unga tegishli firma mamlakatdagi yirik qurilish shirkatlaridan biri bo‘lmish «Trest-12»ni xususiylashtirib oldi. Kompaniyaning 51 foiz ulushi 111 mlrd so‘mga baholandi.
Davlatga tegishli boshqa bir yirik qurilish kompaniyasi – «O‘zshahar qurilish invest» ham sotilgani ma’lum bo‘ldi. Jamoatchilik bu haqda faqatgina kompaniya tomonidan Qurilish vazirligining ma’muriy binosi 182 mlrd so‘mga sotib olinishi fonidagina xabar topdi.
Yana bir yirik kompaniya, xalqaro bozorda ommaviy savdolarga chiqarilishi kerak bo‘lgan Dehqonobod kaliy zavodi, prezident qaroriga zid ravishda, yopiq eshiklar ortida sotib yuborildi. Qanchaga, qanday shartlar asosida sotilgani – noma’lum. Faqatgina xaridorning nomi ma’lum, bu – «Asian Chemical Group» MChJ. Eslatib o‘tamiz, Dehqonobod kaliy zavodi – O‘zbekiston kimyo sanoatidagi eng yirik zavodlardan biri. Uni qurish davlatga 128 mln dollarga tushgan, buning uchun Xitoydan qarz olingandi.
Shuningdek, 2 yil oldin noshaffof tarzda xususiylashtirilgan «Kvars» zavodi davlat ixtiyoriga qaytarildi. Xaridor kelishilgan pulni grafik asosida to‘lolmay qolgach, oldi-sotdi shartnomasi bekor qilindi.
AES qurish boshlandi
2025 yilning oktyabr oyida Markaziy Osiyo – Rossiya sammiti doirasida, Forish tumanida kam quvvatli atom elektr stansiyasi reaktorining binosi uchun kotlovan qazish ishlariga start berildi. Birinchi betonni quyish 2026 yil mart oyiga reja qilingan. Shuningdek, bu yil katta AES masalasi yana siyosiy kun tartibiga qaytdi va bu borada Moskvada bir nechta hujjatlar imzolandi. 26 sentabr kungi bitimga asosan, Jizzaxdagi tanlangan maydonda ham kam quvvatli, ham an’anaviy yirik AES quriladigan bo‘ldi. Agar loyiha amalga oshsa, O‘zbekiston katta va kichik atom stansiyalarini bitta maydonda integratsiya qilgan dunyodagi birinchi davlatga aylanadi.
Mamlakatda AES qurish iqtisodiy jihatdan qanchalik samarali ekaniga aniq baho berish qiyin. Masalaning moliyaviy tomonlari e’lon qilinmagan: stansiyalarning umumiy qiymati qancha bo‘ladi, ishlab chiqarilgan elektr energiyasi tannarxi qancha bo‘ladi – noma’lum.
Davlat qarzi o‘sishi sekinlashdi
2025 yilning 1 oktyabr holatiga O‘zbekistonning davlat qarzi 44 mlrd dollarga yetdi. Davlat qarzi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 12,5 foiz yoki 4,9 mlrd dollarga oshdi. Taqqoslash uchun, 2024 yil 1 oktyabr holatiga 2023 yilning mos davriga nisbatan davlat qarzi 7,1 mlrd dollarga yoki 22,1 foizga o‘sgandi.
O‘zbekistonning eng yirik kreditorlari – Jahon banki va Osiyo taraqqiyot banki bo‘lib qolyapti. Qarzning 63 foizi dollarda, 12 foizi so‘mda, 8 foizi yevroda jalb qilingan. Shu bilan birga, O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi shiddat bilan ko‘payishda davom etyapti. 2025 yil birinchi yarim yillik yakuni bo‘yicha bu ko‘rsatkich 72,2 mlrd dollarni tashkil qilyapti.
Mavzuga oid
15:09 / 29.12.2025
Yil yakunlari. O‘zbek futbolidagi 10 muhim voqea
12:05 / 26.12.2025
Shavkat Mirziyoyev: iqtisodiyot texnologik va innovatsion o‘sish modeliga o‘tkaziladi
07:27 / 25.12.2025
Oltin uchun "poyga": 2000 yildan beri zaxiralarini eng ko‘p oshirgan davlatlar
17:52 / 24.12.2025