18:00 / 25.07.2019
9225

Vazir o‘rinbosari: «Eng katta muammomiz avariya holatidagi ko‘p qavatli uylar»

Bugun, 25 iyul kuni Oliy Majlis Senatida Uy-joy kommunal xizmatlarini ko‘rsatish vazirligining joriy yil birinchi yarim yilligida amalga oshirgan ishlari to‘g‘risida hisoboti tinglandi. Anjumanda Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi rahbariyati vazirlikka sohaga oid qator masalalar yuzasidan savollar berishdi. Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri o‘rinbosari Nazirjon Nazirov ko‘p qavatli uylar bo‘yicha hal qilinishi lozim masalalarni aytib o‘tdi.

«Respublikada 34 mingdan ortiq ko‘p qavatli uylar bor. Ularga 4 ming 500dan ortiq shirkatlar xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Ko‘p qavatli uylar holatini yaxshilash maqsadida tijorat banklaridan jami 1,3 trln so‘m yo‘naltirildi. Bugungi kunda uy-joy shirkatlari 150 mlrd so‘m kreditni qaytara olmayapti.  Joriy yil yanvar oyida vazirlik qoshidagi inspeksiya tomonidan har bir ko‘p qavatli uyni 200ta parametr bo‘yicha inventarizatsiya qilib chiqdik. Aniqlandiki,  454ta ko‘p qavatli uylar ta'mirtalab uylar hisoblanadi. Eng katta muammomiz ham shu. Ularni ta'mirlash uchun mablag‘ topish masalasi ochiqligicha turibdi».

Hisob palatasi vakili Sardor Ahmadjonovning aytishiga ko‘ra, 454ta avariya holatidagi ko‘p qavatli uylarning 262tasida hududlardagi loyiha tashkilotlari tomonidan tegishli xulosalar berilgan, 53tasini buzish, 209tasini ta'mirlash lozimligi aniqlangan. Ammo 192ta ko‘p qavatli uylarning texnik holati haqida hududiy loyiha tashkilotlaridan xulosalar olinmagan.

Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mita raisi birinchi o‘rinbosari Tolibjon Madumarov 192ta uy-joylarning texnik holati nima uchun o‘rganilmagani sababini vazirlikdan so‘radi. Vazir o‘rinbosari Nazirov Moliya vazirligi tomonidan mablag‘ ajratilmagani bunga sabab bo‘lganini aytdi.

Moliya vazirligi boshqarma boshlig‘i Zokir Bozorov vaziyatga izoh berdi. Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi mablag‘ yuzasidan murojaat qilgani, ammo loyiha hisob-kitoblari talabga javob bermagani uchun bu so‘rov rad etilganini ta'kidladi. Hozircha faqat Sirdaryo viloyati bo‘yicha 600 mln so‘m ajratilgan. Qolgan hududlar uchun esa aniq takliflar berilsa, Moliya vazirligi tomonidan amaliy harakatlar boshlanadi.

Top