12:07 / 31.08.2019
9
146401

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita rahbariyati ishdan olindi

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita rahbariyati ishdan ketdi. Bu haqda Kun.uz axborot manbasi xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, qo‘mita raisi Jasur Akromov, rais o‘rinbosari - Diniy-ijtimoiy jarayonlarni o‘rganish axborot-tahlil markazi direktori Nuriymon Abulhasan boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan o‘z lavozimidan ozod etilgan.

Jasur Akromov
Nuriymon Abulhasan

Ayni vaqtda kim qo‘mitaga yangi rais etib tayinlangani hozircha noma'lum.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yilning 18 aprel kuni 2003 yildan beri Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi vazifasida faoliyat yuritib kelgan Ortiqbek Yusupov lavozimidan ozod etilib, uning o‘rniga Jasur Akromov qo‘mita raisi etib tayinlangandi.

Bundan tashqari, o‘shanda Muzaffar Komilov hamda Nuriymon Abdulhasan raisning yangi o‘rinbosarlari etib tayinlandi.

Nuriymon Abdulhasan Diniy-ijtimoiy jarayonlarni o‘rganish axborot-tahlil markaziga direktorlik qilgan. U 1994 yilda Toshkent islom institutini (oliy ma'had), 1997 yilda Misr Al Azhar universitetini tamomlagan bo‘lib, ilgari Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, prezident devonining Millatlararo va din masalalari bo‘yicha xizmatida va Ichki ishlar vazirligi tizimida faoliyat yuritgan.

Ma'lumot uchun, hukumat tomonidan 2004 yil 23 apreldagi 196-son qaror bilan tasdiqlangan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita to‘g‘risidagi nizomga muvofiq, Qo‘mita har bir shaxsning vijdon va diniy e'tiqod erkinligi huquqi, fuqarolarning dinga bo‘lgan munosabatidan qat'i nazar tengligini ta'minlash, shuningdek diniy tashkilotlar faoliyati bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solish sohasidagi vazifalarni hal etish vakolati berilgan davlat boshqaruvi organi hisoblanadi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top