11:06 / 12.09.2019
5
17424
Deputatlar Nozim Husanov nomzodini Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri lavozimiga ma'qullashdi

Bugun, 12 sentabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda, parlament quyi palatasida tarkib topgan yangi amaliyotga muvofiq, deputatlar hukumat a'zoligiga tayinlanayotgan nomzodni ko‘rib chiqishdi va O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri lavozimiga tavsiya qilingan Nozim Husanov nomzodini ma'qullashdi.

«Bu gal O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri lavozimiga nomzod muhokamasi o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri lavozimiga ayni paytda Toshkent shahri Sergeli tumani hokimi lavozimida ishlab kelayotgan Nozim Husanovning nomzodi ko‘rsatilgan.

Muhokamalar chog‘ida deputatlar ayni paytda mamlakatimizda fuqarolarni ish bilan ta'minlash, mehnat huquqlarini ro‘yobga chiqarish, sohada qilinayotgan ishlarga batafsil to‘xtalib, bugunga qadar quyi palata bilan ushbu vazirlik o‘rtasida yaqin hamkorlik qaror topganini, buning natijasida qator qonunlar qabul qilinganini e'tirof etish barobarida bu borada uchrayotgan muammolar, yechilishi lozim bo‘lgan masalalarga ham e'tibor qaratdilar. Bandlik va mehnat munosabatlarini yanada yaxshilash, munosib mehnat sharoitlarini yaratish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqidagi savollar bilan murojaat qildilar.

O‘z navbatida, O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri lavozimiga nomzodi ko‘rsatilgan Nozim Husanov parlament a'zolari tomondan ko‘tarilgan savollarga atroflicha javob qaytardi hamda ular e'tiboriga mazkur lavozimga kirishganidan so‘ng vazirlik bilan parlament o‘rtasidagi munosabatlar yanada faol va samarali bo‘lishini bildirdi.

Savol-javob, muhokamalar so‘ng majlis yakunida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Nozim Husanovni O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri lavozimiga ma'qullash haqidagi qarori qabul qilindi», deyiladi Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabarida.

Nozim Husanov 1976 yil Toshkent viloyatining Zangiota tumanida tug‘ilgan, 1997 yilda Toshkent avtomobil-yo‘llar institutini, 2002 yilda Toshkent moliya institutini (sirtqi bo‘lim) tamomlagan.

U 2010—2011 yillarda Markaziy bank Toshkent viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimida faoliyat olib borgan, 2011—2013 yillarda Markaziy bank raisi o‘rinbosari, 2013—2014 yillarda Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari, 2014—2016 yillarda «Mikrokreditbank» ochiq aksiyadorlik-tijorat banki boshqaruvi raisi bo‘lgan, 2016 yilning bahoridan 2018 yil bahorigacha, Sergeli tumani hokimi lavozimiga tayinlangunigacha Toshkent shahar hokimining iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirish, xizmatlar sohasi va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

Ma'lumot uchun, Nozim Husanov yaqinda O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining yigirma sakkiz yilligi arafasida prezident tomonidan «Sodiq xizmatlari uchun» medali bilan taqdirlangandi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top