20:30 / 24.09.2019
3
64178

Human XBA rahbariga qamoq ehtiyot chorasi qo‘llandi. Jinoiy ish bilan 60 nafar tergovchi shug‘ullanmoqda

18 sentabr kuni O‘zbekistondagi ilk xususiy bandlik agentliklaridan biri – “Human XBA” litsenziyasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan 10 kun muddatga to‘xtatilgani haqida xabar qilindi. Oradan ikki kun o‘tgach, 20 sentyabrda Toshkent shahar IIBB Axborot xizmati agentlik rahbari Shohnur Fayzullayevga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilganligini va JKning 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandida ko‘zda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda gumon qilinuvchi sifatida jalb etilganini ma'lum qildi. Hozirda Sh.Fayzullayev ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.  

Mazkur agentlik bilan bog‘liq mashmashalar qanday yuzaga keldi? Jabrlanuvchilar soni qancha? Ular nimaga asoslangan holda va nima uchun MChJga pul to‘lagan? Kun.uz tasvirga olish guruhi yuqoridagi hodisaga oydinlik kiritish maqsadida voqeani o‘rgandi. Dastavval ayrim jabrlanuvchilarning so‘zlariga quloq tutamiz.

Foto: Tohirjon Hakimov

«Men 2019 yil yanvarda “Human xususiy bandlik agentligi” bilan Germaniyaga ishga yuborish bo‘yicha shartnoma tuzganman. Ular 8 oyda yuborishni aytishgandi, mana 9 oy bo‘ldi yuborgani yo‘q. Mana shu 9 oy ichida adashmasam 50 martalar keldim, shekilli mana shu yerga. Nega deganda, men Toshkentda mardikorchilik bilan shug‘ullanib kelaman. Men bu 35 mln so‘mni qarindoshlarimdan qarzga olganman. 2020 yil maylariga qarzimni uzishni hisob-kitob qilgan edim», - deydi jabrlanuvchi.

«Men Germaniyaga ketarkanman deb, bir ayol kishidan 2 ming dollar olganman. O‘zimizcha, rejalar ham tuzgandik. Bizga ishlaydigan zavod-fabrikalaring deb rasmlar ko‘rsatishgandi. U vaqtda bir dollar 8300 atrofida edi. Hozir, shuning o‘zida ham 2,200 ming so‘m yutqazyapman. Qolaversa, Farg‘onaga quruq qo‘l bilan qanday qaytaman. Bir marta uyimga kelib janjal ko‘tarib ketdi. Hozir borsam, yana janjal», - deya yozg‘iradi boshqa biri.

Mazkur masala bo‘yicha Toshkent shahar, Yakkasaroy tuman IIO FMB (faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi) boshlig‘i o‘rinbosari, mayor Dilmurod Satinboyevga uchrashib, bugungi kunda tergov jarayoni qaysi bosqichda ekani, respublikaning uzoq hududlaridagi jabrlanuvchilar nima qilishi kerakligi xususida savollar bilan murojaat qildik.

Foto: Yakkasaroy tuman IIO FMB boshlig‘i o‘rinbosari, mayor Dilmurod Satinboyev

«2019 yil 16 sentyabrda 50dan ortiq fuqaro Yakkasaroy tuman IIBga ariza bilan murojaat qilib, Yakkasaroy tumani, Bobur ko‘chasi 72-74 binosida joylashgan “Human xususiy bandlik agentligi”ga Germaniya, Chexiya, Yaponiya, Turkiya, Bolgariya va Litva davlatlariga ishlash maqsadida ketish uchun 18 mln. so‘mdan 35 mln. so‘mgacha pullarni berganliklari, ammo shu kungacha agentlik tomonidan shartnomada ko‘rsatilgan muddat – 3,6,8 oy ichida belgilangan davlatlarga yubormay, shu bilan birga, olgan pullarni ham qaytarmay kelayotganliklarini ta'kidlashgan. Bugungi kunda arizachilar soni 75ga yaqin.

Mazkur holat bo‘yicha Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 168 moddasi, 4-qismi, “a” bandi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan va tergov harakatlari olib borilmoqda. Ushbu ish doirasida 1992 yilda tug‘ilgan Fayzullayev Shohnur gumonlanuvchi sifatida jalb qilinib, so‘roq qilingan», - dedi mayor Dilmurod Satinboyev.

Mavzuga doir:

Mehnat vazirligi «Human» xususiy bandlik agentligiga berilgan litsenziyani vaqtinchalik to‘xtatdi 

«Human» xususiy bandlik agentligi direktoriga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi

Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur ish bo‘yicha keyingi tergov harakatlarini olib borish Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasiga o‘tkazilgan. Bundan tashqari, tergov jarayonida asosiy e'tibor jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy zararlar o‘rnini qoplashga qaratilmoqda. Shu maqsadda, fuqarolar tomonidan to‘langan pullar qayerlarga sarflanganini aniqlash choralari ham ko‘rilmoqda.

Dilmurod Satinboyev, shuningdek, ushbu firmadan jabrlangan va respublikaning uzoq tumanlarida yashovchi fuqarolar ham murojaat qila olishlari, buning uchun aynan Toshkentga, Yakkasaroy tumaniga kelishning hojati yo‘qligini bildirdi, chunki ushbu ish bo‘yicha respublika bo‘yicha 60 nafar mutaxassisdan iborat tergov guruhi shakllantirilgan.

«Firmadan jabrlangan fuqarolarning arizalari qabul qilinishi davom etmoqda. Ular 71-230-98-41 telefon raqamiga murojaat qilishlari mumkin. Ushbu agentlik Toshkent viloyatidan boshqa barcha viloyatlarda o‘z filiallariga ega. Shunga ko‘ra, firma bilan shartnoma imzolagan fuqaro, Qoraqalpog‘istonda bo‘lsa Toshkentga kelishi shart emas. O‘zi istiqomat qilib turgan tuman ichki ishlar organiga murojaat qilishi, barcha hujjatlarni taqdim etishi mumkin. Tuman tergovchisi jabrlanuvchidan barcha ma'lumotlarni olib, ishlarni birlashtirish maqsadida Toshkent shahar IIBBga yuboradi», - deya ta'kidladi Yakkasaroy tuman IIO FMB boshlig‘i o‘rinbosari.

Ma'lumotlarga ko‘ra, agentlik bilan 1050 nafar fuqaro shartnoma tuzgan, shundan 200 nafarga yaqini Turkiyaga yuborilgan. Agentlikning bank hisob raqamiga jami 28 mlrd. 200 mln so‘mdan ortiq mablag‘ kelib tushgan. Tergov tomonidan agentlik rahbarining sarf-xarajatlariga doir barcha o‘rganishlar olib borilmoqda.

Qayd etish o‘rinliki, Toshkent shahar IIBB boshlig‘i o‘rinbosari, Tergov boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Zafar Alimov ham, Yakkasaroy tuman IIBda ham “Human XBA”dan jabrlanganlarga bevosita huquqiy maslahatlar berishmoqda. Jumladan, Tergov boshqarmasi boshlig‘i Zafar Alimovning fuqarolarga tushuntirishicha, jinoiy ish doirasida har bir holat o‘rganiladi, ishga aloqador bo‘lgan hujjatlar bilan tanishib chiqiladi. Firibgarlikda gumon qilinuvchi bilan jabrlanuvchi yuzlashtiriladi. Agar, viloyatlardagi filiallar orqali shartnoma qilingan bo‘lsa, bu holatlar ham inobatga olinadi.

Kun.uz muxbiri fuqarolar va ichki ishlar mulozimlari bilan uchrashgach, Bandlik va Mehnat munosabatlari vazirligi vakili bilan muloqot qildi hamda vazirlikning muammo yuzasidan fikrini o‘rgandi.

Foto: BvaMMV huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshlig‘i 1-o‘rinbosari Davlatnazar Matrasulov

«2018 yil avgust oyida Prezidentimiz Xususiy bandlik agentliklari faoliyatiga doir hujjatga imzo qo‘ydi. Bu vaqtgacha O‘zbekiston fuqarolarini xorijda ishga joylash bilan faqatgina Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi shug‘ullanib kelar edi. Hujjat bilan bu agentlik monopoliyasiga barham berish, fuqarolarga qulayliklar taqdim etish nazarda tutilgan edi», - dedi D.Matrasulov.

Uning ta'kidlashicha, shu vaqtga qadar, agentlikdan boshqa hech kim yoki tadbirkorlik sub'yekti fuqarolarni xorijiy mamlakatga mehnat migratsiyasiga yuborish bilan shug‘ullana olmas edi. Shu bilan birga, hujjatga muvofiq, ichki mehnat bozorida bandlik xizmatini ko‘rsatuvchi shaxslardan litsenziya talab qilinmaydi. Vazirlikning maxsus litsenziyasi faqat xorijiy mamlakatlarga ishga yuborish bilan shug‘ullanishni maqsad qilgan tadbirkorlik sub'yektlariga beriladigan bo‘ldi.

«Dastlab 61ta xususiy bandlik agentligiga ruxsat berildi. Ikkita agentlikning litsenziyasi ularning xohishiga binoan tugatildi. Hozirda ularning soni 59tani tashkil etmoqda. Bular qatorida “Human xususiy bandlik agentligi” ham bor».

Matrasulovning ta'kidlashicha, aksar xususiy bandlik agentliklari faoliyatlarini yetarlicha tashkil eta olmayapti. Garchi, vazirlik tomonidan yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatilib, bir necha marotaba treninglar o‘tkazilganiga qaramay, faoliyatlarini ko‘ngildagidek olib bora olmayapti.

Shuning barobarida, vazirlik vakilining ta'kidlashicha, aksar fuqarolar ham xususiy bandlik agentliklari bilan shartnoma tuzishdan avval o‘sha shartnomalar bilan tanishishni xayoliga ham keltirmayapti. Vazirlik bu borada ham targ‘ibot ishlarini olib borib, videoroliklar davlat telekanallari orqali namoyish etilayotgan bo‘lsa-da, vazirlik huzuridagi ishonch telefoniga qonunbuzilish holatlari haqida axborot kam tushmoqda. Bundan tashqari, shartnoma shartlarini tushunmagan fuqarolar BvaMMVning viloyatlardagi boshqarmalariga borib, o‘zlariga taklif etilgan shartnoma bo‘yicha bepul huquqiy maslahat olishlari mumkin. Biroq, ularning aksariyati bunday imkoniyatdan foydalanishmayapti.

Eslatib o‘tamiz, “Human xususiy bandlik agentligi” Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining №0002 raqamli litsenziyasini 2018 yil noyabr oyida olgan bo‘lib, bugungi kunda ushbu litsenziya vaqtinchalik to‘xtatilgan.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top