07:33 / 03.10.2019
0
7113
Bag‘dodda norozilik namoyishlari sababli komendantlik soati kiritildi
Foto: EPA-EFE/MURTAJA LATEEF

Iroq bosh vaziri Odil Abd al-Mahdiy poytaxt Bag‘dodda 3 oktabr soat 5dan komendantlik soati kiritilishini e'lon qildi. Bu haqda INA axborot agentligi xabar berdi.

Norozilik namoyishlari sababli kiritilayotgan komendantlik soati uning bekor qilinishi e'lon qilingunga qadar amal qiladi. 

Namoyishlar 1 oktyabrda boshlangan, uni tarqatish vaqtida 2 kishi halok bo‘lgan, 200 dan ko‘proq kishi jarohat olgan. 2 oktyabrda norozilik namoyishlari nafaqat Bag‘dodni, balki boshqa viloyatlarni ham qamrab olgan. Namoyishchilar turmush tarzi yaxshilanishi, sog‘liqni saqlash, ta'lim va mehnat bozoridagi muammolarning hal qilinishi, korrupsiyaga qarshi kurashni talab qilishmoqda. 

Al-Sumaria telekanali ma'lumotlariga ko‘ra, Zi-Kar viloyatida namoyishchilarni tarqatish vaqtida 5 kishi halok bo‘lgan, 50 kishi yaralangan.

Bag‘dodda xavfsizlik xizmatlari hukumat binolari va elchixonalari joylashgan Yashil hududga olib boruvchi uchta ko‘prikni to‘sib qo‘yishgan.

3 oktyabrga o‘tar kechasi ushbu hududga ikkita raketa tushishi oqibatida portlashlar sodir bo‘lgan. Birinchi raketa Turkiya elchixonasi, ikkinchisi al-Xarisiya ko‘prigi oldiga tushgan. 

Shuningdek, Vasit va Zi-Kar viloyatlarida ham komendantlik soati e'lon qilingan. Najaf viloyatida namoyishchilar mahalliy hokimiyat binosiga o‘t qo‘yishgan.

Bosh vazir namoyishlar sababli xavfsizlik kengashining favqulodda yig‘ilishini chaqirtirgan.

OAV ma'lumotlariga ko‘ra, mamlakatda Facebook, WhatsApp va boshqa ijtimoiy tarmoqlar qisman to‘silgan. Bu ijtimoiy tarmoqlarda namoyishlarga chaqiriqlar va voqea joylaridan videolar tarqatilgan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top