20:40 / 08.10.2019
3
65535
Andijon shahrining yangi hokimi lavozimga rasman tasdiqlandi

Bugun, 8 oktabr kuni xalq deputatlari Andijon shahar Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Kun tartibiga tashkiliy masala - shahar hokimini tayinlash masalasi qo‘yildi. Sessiyada viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov ma'ruza qildi.

Kun.uz muxbiri xabar berishicha, sessiyada hozirda Andijon shahar hokimi vazifasini vaqtinchalik bajarib turgan Bahromjon Nosirboyevich Haydarov shahar hokimi lavozimiga tayinlandi.

Eslatib o‘tamiz, 2016 yildan buyon Andijon shahriga hokimlik qilib kelgan Dilmurod Rahmatullayev 2019 yil avgust oyi oxirida lavozimidan ozod etilgan, uning o‘rniga Andijon viloyati hokimligi moliya bosh boshqarmasi boshlig‘i sifatida ishlab kelgan Bahromjon Haydarov vaqtinchalik hokim vazifasini bajaruvchi sifatida tayinlangandi.

Bahromjon Haydarov 1972 yilda Qirg‘iziston Respublikasi O‘sh viloyatida tug‘ilgan, 1995 yil Andijon iqtisodiyot va boshqaruv institutini (sirtqi), 1998 yil O‘zbekiston Bank-moliya akademiyasini (kunduzgi) tamomlagan.

1994 yilda Andijon viloyati hokimligi moliya boshqarmasida ish boshlagan Bahromjon Haydarov 2017-2019 yillarda boshqarma boshlig‘i sifatida faoliyat ko‘rsatgan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top