18:30 / 22.10.2019
0
15624
Maktabgacha ta'lim va tarbiya to‘g‘risidagi qonun muhokamasi: 19 deputat qonunning ayrim bandlariga qarshi

Parlament quyi palatasining navbatdagi majlisida «Maktabgacha ta'lim va tarbiya to‘g‘risida»gi qonun loyihasi qabul qilindi va ma'qullash uchun Senatga yuboriladigan bo‘ldi.

Bugun, 22 oktabr kuni parlament quyi palatasining navbatdagi majlisida O‘zbekiston ijtimoiy-siyosiy hayotiga doir bir qator qonun loyihalari muhokama qilindi.

Dastlab muhokamaga qo‘yilgan «Maktabgacha ta'lim va tarbiya to‘g‘risida»gi qonun loyihasi deputatlar o‘rtasida turli bahs-munozaralarni keltirib chiqardi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, maktabgacha yoshdagi bolalarni bog‘chaga qamrab olish 2019 yilning birinchi yarmida 40,5 foizni tashkil qildi. Maktabgacha ta'lim muassasalari soni esa, 4 ming 940 tadan 9 ming 774ga yoki qariyb ikki barobarga ko‘paydi. Davlat maktabgacha ta'lim muassasalari bilan bir qatorda, davlat sheriklik asosidagi va xususiy maktabgacha ta'lim muassasalari soni ham ortib bormoqda.

Bu esa sohadagi qonunchilikni yanada takomillashtirishni taqozo etadi. 

«Shu ma'noda, maktabgacha ta'lim va tarbiya sohasidagi munosabatlarni tartibga solishni maqsad qilgan ushbu qonun loyihasi orqali respublikada davlat va nodavlat maktabgacha ta'lim bilan bolalar qamrovi ko‘lamini bosqichma-bosqich oshirishga, ularga soliq imtiyozlari va preferensiyalar, budjet subsidiyalari ajratish hamda maktabgacha ta'lim-tarbiyaning muqobil shakllarini joriy qilishga ko‘maklashish rejalashtirilgan», deya Qonunchilik palatasining Fan, ta'lim, madaniyat va sport qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Shuhrat Bafayevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Loyiha jami 10ta bob va 58 moddani o‘z ichiga oladi.

Unda shuningdek, milliy qonunchilikda birinchi marta maktabgacha yoshdagi bolalarning erta rivojlanish jarayoni alohida bosqichlarda bo‘lishi, ya'ni bolalarni tarbiyalash, ularga g‘amxo‘rlik qilish hamda maktabgacha ta'lim va tarbiyaning uyg‘unligi belgilab berilmoqda.

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan moddama-modda muhokama, qizg‘in muhokama qilindi. Jumladan, loyihaning 21-moddasi – «Lisenziya berish, litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turish yoki tugatish, shuningdek uni bekor qilish va qayta rasmiylashtirish O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi belgilaydigan tartibda Davlat inspeksiyasi tomonidan amalga oshiriladi» bandiga ayrim deputatlar tomonidan e'tirozlar bildirildi.

Xususan, deputatlar Begzod Artikov va Rasul Kusherbayev tadbirkor katta mablag‘ sarflab, «risk» qilgan holda Nodavlat maktabgacha ta'lim muassasasini yo‘lga qo‘yishini, Nodavlat ta'lim va tarbiya muassasasi uchun berilgan litsenziyaning Davlat inspeksiyasi tomonidan bekor qilinishi amaldagi qonunchilikka va ayni paytda tadbirkorning manfaatlariga ham zidligi ta'kidlandi.

«Amaldagi qonunchilikda litsenziyalarni bekor qilish vakolati faqat sudlarga berilgan, qanday qilib bu vakolatni ikkinchi bir organga ham berish mumkin?

Ya'ni, tekshiruvda inspeksiya xodimiga nimadir yoqmay qoldi, xo‘sh, tadbirkorning litsenziyasi shugina asos bilan bekor bo‘lib ketaveradimi?

Agar ta'lim va tarbiya muassasasi faoliyati davomida haqiqatda qonun buzilishiga yo‘l qo‘ygan bo‘lsa, sud unga nisbatan tegishli qaror chiqarsin. Yoki litsenziyani bekor qilishni suddan boshqa organga topshirishdan boshqa biror maqsad ko‘zlanmoqdami?», deydi deputatlar.

Bu fikrlarni deputat Azamat Ziyo ham ma'qulladi va qonun loyihasining ushbu bandiga o‘zgartish kirishni kelishib olishni taklif qildi.

«Maktabgacha ta'lim va tarbiya to‘g‘risida»gi qonun loyihasi uchinchi o‘qishdan keyin spiker o‘rinbosari Narimon Umarov tomonidan ma'qullash uchun ovozga qo‘yildi.

Ovoz berish natijalariga ko‘ra, majlisda ishtirok etgan jami 99 deputatdan 65 nafari tarafdor, 19 nafari qarshi hamda 4 nafari betaraf bo‘ldi. Deputatlarning 11 nafari esa mazkur qonunga ovoz berishni joiz deb bilmadi.

Ana shulardan kelib chiqib, majlisda «Maktabgacha ta'lim va tarbiya to‘g‘risida»gi qonun loyihasi Parlament quyi palatasi tomonidan qabul qilindi va ma'qullash uchun Senatga yuboriladigan bo‘ldi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top