11:41 / 28.10.2019
2
44296

Yuzlab odamlarni chuv tushirgan yana bir xususiy bandlik agentligining litsenziyasi to‘xtatildi

«Korean and migrations xususiy bandlik agentligi» MChJ litsenziyasi to‘xtatildi. Bu haqda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, vazirlik tomonidan «Korean and migrations xususiy bandlik agentligi»ga berilgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini xorijda ishga joylashtirish faoliyati bilan shug‘ullanishga ruxsat etuvchi 0010-sonli litsenziya to‘xtatilgan.

Avvalroq, Kun.uz tahririyatiga Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro Xurshid D. Chilonzor tumanida joylashgan «Korean and migration xususiy bandlik agentligi» MChJ rahbarlaridan shikoyat qilib kelgandi.

Surishtiruv davomida agentlik rahbarlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilayotgani aniqlandi. IIV huzuridagi Tergov departamenti mas'ul xodimi Adhamjon Abdullayev agentlik faoliyatidagi holat bo‘yicha ma'lumot berdi.

«Ichki ishlar vazirligiga fuqarolardan 2019 yil 4 yanvarda tashkil etilgan «Korean and migration xususiy bandlik agentligi» MChJning mansabdor shaxslariga nisbatan ko‘plab murojaatlar kelib tushdi. Arizalar yuzasidan vazirlik huzuridagi Tergov departamenti tomonidan 10 oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi, ya'ni «aldash va ishonchni suiiste'mol qilish» yo‘li bilan o‘zganing juda ko‘p miqdordagi mulkini qo‘lga kiritish holati yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Aniqlanishicha, fuqaro Qahramon O. va boshqalar «Korean and migration xususiy bandlik agentligi» MChJni ta'sis etib, xorijda ishga joylashtirishga ko‘maklashish niqobi ostida chet elda ishlash istagida bo‘lgan fuqarolarga yolg‘on va'dalar berib, jamiyatga murojaat qilgan 645 nafardan ziyod fuqarolarning har biridan 27 million so‘mdan 32 million so‘mgacha bo‘lgan pul mablag‘larini jamiyat balansiga kirim qilish yo‘li bilan jami 12 milliard so‘mdan ortiq pulni qo‘lga kiritgan va ushbu mablag‘larni shaxsiy manfaatlari yo‘lida sarflab yuborishgan.

Jinoyat ishi yuzasidan olib borilayotgan dastlabki tergov harakatlari davomida fuqarolarning mol-mulkini jinoiy tajovuzdan himoyalash va «Korean and migration xususiy bandlik agentligi» MChJning faoliyati shaffofligini o‘rganish maqsadida moliya-xo‘jalik faoliyati yuzasidan hujjatli taftish tayinlandi.

Jamiyat direktori Qaxramon O., Musurmon A. va Odil K.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi bilan ayblov e'lon qilinib, «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Hozirda mazkur jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda va natijasiga ko‘ra, qonuniy qaror qabul qilinishi ta'minlanib, jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararni undirish choralari ko‘riladi», deyiladi ma'lumotda.

Bundan oldin, 30ta xususiy bandlik agentligi birorta ham fuqaroni xorijga ishga yubormagani xabar qilingandi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top