12:51 / 31.10.2019
0
6208
Oliy ta'lim vazirligi faoliyatida aniqlangan kamchiliklar aytildi
Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

2019 yil 30 oktabr kuni Oliy Majlis Senatida Fan, ta'lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining 2019 yilning to‘qqiz oyida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi hisobotlari eshitildi.

Senat axborot xizmatiga ko‘ra, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining joriy yil o‘tgan davridagi faoliyati tahlil qilindi. Ta'kidlanganidek, 2019 yilda ushbu vazirlik zimmasiga 30 ta maqsadli vazifa yuklatilgan bo‘lib, ularning 15 tasi joriy yilning to‘qqiz oyi mobaynida bajarilishi belgilangan. Vazirlik ma'lumotlari tahlili aksariyat vazifalar ijro etilganligini, biroq 2 ta vazifa bajarilishi yakuniga yetmaganligini ko‘rsatdi.

Xususan, II-III choraklarda fan bo‘yicha 1500 ta elektron o‘quv-uslubiy majmua ishlab chiqish topshirilgan bo‘lsa-da, bu vazifa atigi 13 foizga bajarilgan. Joriy yilning II choragida oliy o‘quv yurtlarida ilmiy natijalarni tijoratlashtirish bo‘limlari faoliyati samaradorligini oshirish belgilangan edi. Uni bajarish uchun respublikadagi barcha moddiy-texnik, ilmiy-intellektual va moliyaviy resurslarni safarbar etgan holda mavjud ilmiy-innovatsion salohiyatdan to‘liq foydalanish, ilmiy-tadqiqot ishlari samaradorligini oshirish, ilmiy hajmdor mahsulotlar yaratish ko‘lamini kengaytirish, yuqori innovatsion faollikni ta'minlaydigan aniq mexanizm va moliyalashtirish tizimini takomillashtirish maqsadida Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan “Ilm-fan va ilmiy-tadqiqot ishlarini moliyalashtirish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasi ishlab chiqilgan. Biroq ushbu hujjat shu kunga qadar qabul qilinmaganligi tufayli oliy o‘quv yurtlarida ilmiy natijalarni tijoratlashtirish bo‘limlarining faoliyati samaradorligini oshirish vazifasi bajarilishi yakuniga yetmagan.

Majlisda Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi faoliyatida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha amaliy taklif va tavsiyalar bildirildi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top