21:43 / 04.11.2019
3
21688
G‘alati qaror: O‘zbekiston  – Qirg‘iziston o‘rtoqlik o‘yini TV orqali namoyish qilinmaydi

O‘zbekiston milliy jamoasi 9 noyabr kuni Toshkentda Qirg‘iziston milliy jamoasiga qarshi o‘rtoqlik o‘yinini o‘tkazadi.

Bu bahs orqali futbolchilarimiz JCh-2022 saralashidan o‘rin olgan Saudiya Arabistoni (14 noyabr) va Falastinga (19 noyabr) qarshi o‘yinlarga tayyorgarlik ko‘rishni maqsad qilgan.

Tribuna.uz manbasi ma'lumotiga ko‘ra, Qirg‘izistonga qarshi o‘tkaziladigan o‘yin TV orqali translatsiya qilinmaydi. 

«Bu bosh murabbiy Vadim Abramovning istagi. U Saudiya Arabistoni vakillarining jamoamizni o‘rganib olishini istamayapti. O‘rtoqlik o‘yinida uning o‘z o‘ylanmalari bordir-ki, shunday qarorga kelgan. Marhamat, stadionga boringlar, muxlislar», - deb xabar berdi manba.

Qizig‘i shundaki, O‘zbekiston – Qirg‘iziston o‘yinini TV orqali namoyish qilinmasligi to‘g‘risida O‘zbekiston Futbol Assotsiatsiyasi saytida hech qanday xabar yo‘q. Ammo o‘yinning chiptalari sotuvga chiqqani haqida xabar bor. 4 noyabr holatiga chiptalarni onlayn tarzda 5 ming, 10 ming va 35 ming so‘mga sotib olish mumkin.

Futbol o‘yinlarini «yopiq eshiklar» ortida o‘tkazilishi, TV orqali namoyish etilmasligi, murabbiylarning o‘z taktikasi va rejasini raqibdan sir saqlash uchun shunday qilishi yangilik emas. Ammo u holda muxlislarni o‘yinga kiritishdan ma'no nima? Nahotki biz ishlatgan hiylani raqibimiz Saudiya Arabistoni ham ishlata olmasligiga ishonsak? Uyimizga o‘g‘ri tushmasin deb eshiklarni tambalayapmiz, ammo derazalarni ochiq qoldiryapmiz-ku?!

Shu o‘rinda o‘z taktikasi va rejalarini raqibdan qanday yashirish borasida Yurgen Kloppdan «mahorat darsi»ni keltiramiz.

The Times jurnalisti Dunkan Kasls xabariga ko‘ra, «Liverpul» klubi «Tottenhem»ga qarshi Chempionlar Ligasi 2018/19 mavsumi finalidan oldin yopiq rejimda, o‘ta maxfiy holatda «Benfika»ning yoshlar jamoasiga qarshi nazorat o‘yinida ishtirok etgan. Bu bahsning qaysi sanada o‘tkazilgani va hatto hisob qanday bo‘lgani ham ma'lum emas.

Yopiq rejimda o‘yin o‘tkazib, natijaga erishishga milliy jamoa sobiq bosh murabbiyi Samvel Babayan ham urinib ko‘rgan edi. 2017 yil avgust oyida JCh-2018 saralashidan o‘rin olgan Xitoyga qarshi muhim bahsdan oldin, O‘zbekiston milliy jamoasi Toshkentda Qirg‘izistonga qarshi o‘rtoqlik o‘yinini o‘tkazib, 5:0 hisobida g‘alaba qozongan. Unga muxlislar kiritilmagan, TV orqali ham namoyish qilinmagan. Biroq, milliy jamoa Xitoyga qarshi o‘yinda 0:1 hisobida yutqazgan. 

Nurmuhammad Said

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top