17:30 / 06.11.2019
0
30943
O‘zbek paxtasiga boykot e'lon qilgan yetakchi brendlar O‘zbekistonda yangi imkoniyatlarni ko‘rmoqda
Foto: KUN.UZ

«Cotton Campaign» xalqaro koalitsiyasi O‘zbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov boshchiligidagi delegatsiya bilan kechgan muzokaralar yuzasidan 1 noyabr kuni bayonot e'lon qildi.

Ma'lum bo‘lishicha, oktabr oyining ikkinchi yarmida Vashintonda kechgan uchrashuvda Sardor Umurzoqov O‘zbekistonda majburiy mehnatga chek qo‘yishga doir chora-tadbirlar Yo‘l xaritasini taqdim etgan.

Muzokaralarda qatnashgan AQSh Moda sanoati uyushmasi prezidenti Juli Hyuz o‘zbek paxtasiga boykot e'lon qilgan kompaniyalar mamlakatdagi «yangi imkoniyatlar»ni chamalashayotgani haqida aytgan.

«Islohotlar yo‘lida qilinayotgan harakatlarga baho berish imkoniga ega bo‘lishni sabrsizlik bilan kutib qolamiz va umid qilamizki, rivojlanishni ortga qaytarib bo‘lmasligiga ishonch hosil qila olamiz. Boisi brendlar O‘zbekistonda yangi imkoniyatlarni ko‘rib chiqishmoqda», – deydi Hyuz.

Qayd etish joiz, o‘zbek to‘qimachilik sanoatiga nisbatan boykotga qo‘shilgan yetakchi brend va reteylerlar soni 312tani tashkil qiladi.

O‘zbekiston hukumatining «Cotton Campaign» bilan bevosita muloqoti bir yarim yildan oshiqroq vaqtdan buyon davom etmoqda.

Shu yil iyun oyida koalitsiya O‘zbekiston tomonining so‘roviga binoan, mamlakatda majburiy mehnatga barham berish uchun darhol va uzoq istiqbolda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan choralar bo‘yicha tavsiyalar dasturini tuzib bergan edi. Unda quyidagi uchta asosiy yo‘nalish ko‘rsatib o‘tilgan: tizimli majburiy mehnatga chek qo‘yish, tuzilmaviy islohotlar o‘tkazish va fuqarolik jamiyati rivojiga yo‘l ochib berish.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yil mart oyida AQSh Mehnat departamenti O‘zbekistonda yetishtirilgan paxtani majburiy yoki bolalar mehnati vositasida yetishtirilgan mahsulotlar «qora ro‘yxati»dan chiqargan edi.

Oradan ko‘p o‘tmay, «O‘zto‘qimachiliksanoat» boshqaruv raisi Ilhom Haydarov «Cotton Campaign» koalitsiyasining boykoti 2020 yil boshida bekor qilinishi mumkinligini aytgandi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top