11:20 / 17.11.2019
10
28324
Chustda o‘qituvchilarni majburiy mehnatga jalb qilishda ayblangan direktor ishga qaytdi. Maktab yana g‘avg‘o ichida qolgan

Shu yilning iyul oyida Chust tumanidagi 9-maktab o‘qituvchilari tomonidan Kun.uz saytiga ta'til payti o‘qituvchilarni majburiy mehnatga jalb etilayotgani haqidagi murojaat kelib tushgan va arznomani borib o‘rganganimizda, haqiqatan ham o‘qituvchilar ta'til vaqtida maktabdagi qurilish ishlariga jalb qilingani aniqlangan edi.

Maktabdagi majburiy mehnat voqeasi e'lon qilingan maqolalar jamoatchilik tomonidan keng muhokama qilingandi. 

Chustdagi maktab muallimalari qurilish ishlarida javlon urishmoqda. «O‘z xohishi» bilan...

Faktlarga qarshi yurish. Muxbir nega hamkasbiga tosh otib, qurilish maydonida o‘qituvchilarni izlab yuribdi?

Shundan so‘ng bu holatni Xalq ta'limi vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Davlat mehnat inspeksiyasi o‘z nazoratiga oldi. Tekshirishlar davomida majburiy mehnat holatlari aniqlandi.

Voqea yuzasidan tegishli choralar ko‘rilib, viloyat xalq ta'limi boshqarmasi maktab direktori Ravshanoy Ismoilova o‘zi ishdan bo‘shash haqida ariza yozgani, o‘qituvchilarga foydalanilmagan barcha yillik asosiy va qo‘shimcha ta'tillari uchun pulli kompensatsiya to‘lanishi haqida ma'lumot berdi.

Biroq oradan to‘rt oy o‘tgach, 9-maktab jamoasi sayt tahririyatiga yana murojaat qildi. O‘qituvchilar tuman XTB boshlig‘i nomiga 60 nafar o‘qituvchi imzo chekkan ariza nusxasini yuborishgan. Unda sudda oqlanib 31 oktabr kuni lavozimiga qaytgan Ravshanoy Ismoilova yana direktor etib tayinlanishidan norozilik bildirilgan.     

Murojaatda ko‘rsatilgan masalalar yuzasidan jurnalistik surishtiruv o‘tkazdik.  

Bundan to‘rt oy oldin «Chust tumanidagi 9-umumta'lim maktabida «majburiy mehnat holati bo‘lmagan», deya turli nashrlarga intervyu bergan mutasaddilar endi yozgi ta'til vaqtida o‘qituvchilar chindan ham maktabda ishlatilganini tasdiqlashdi.

Chust tuman xalq ta'limi bo‘limida

Maktabdagi holatga oydinlik kiritish uchun Chust tuman xalq ta'limi bo‘limiga bordik. Bo‘lim mudiri Shavkatbek Yuldashev bu masalada tashkilot huquqshunosi izoh berishini aytdi.

Huquqshunos maktab direktori ishga qaytganidan so‘ng xalq ta'limi bo‘limiga o‘qituvchilardan norozi kayfiyatdagi ko‘plab murojaatlar tushayotganini bildirdi.

«Mazkur maktab o‘qituvchilarining arizasiga javobimiz aniq. Ayni paytda Ravshanoy Ismoilovaning qo‘lida lavozimga tiklanish haqidagi Namangan tumanlararo sudining qarori bor. Bu sud hukmini bajarmaslik yoki qarshilik ko‘rsatishga O‘zbekiston Respublikasi JKning 232-moddasida ko‘rsatib o‘tilgan jazolar qo‘llanadi», deydi huquqshunos Sanjarbek Qurbonov.

Maktabda bizni qiziq voqealar kutib turgan ekan

Muassasada g‘alati muhit hukmron. 80 nafar o‘qituvchilarning bir qismi direktorning qaytganidan norozi, yana bir qismi esa xursand. Ular bilan suhbatlashdik.

«Direktormiz o‘qituvchilarni majburiy mehnatga jalb qilgani uchun jarima to‘lab, sudda oqlanib, lavozimiga tiklandi. Uni maktabga olib kelib ishga qo‘yishayotganida hech kim majlisdan chiqib ketmadi. O‘qituvchilarning ishi rahbar tayinlash emas, dars o‘tish. «Yozdi-yozdi» qilishning keragi yo‘q.

Majburiy mehnat masalasiga kelsak, o‘qituvchilarni Ravshanoy Ismoilova majbur qilmagan. U tuman XTB bo‘limi rahbarining buyrug‘ini bajargan. Biz ham ishlaganmiz. Ustimizda xalq ta'limi mudirining o‘zi turib ishlatgan. Tuman hokimi kelib hammani yig‘ib hasharga chaqirgan. Boshqa maktablardan ham kelib ishlashgan. O‘sha payt kelganingizda xalq ta'limi mudiri Sh.Yuldashev majburiy mehnat bo‘layotganini yashirgan edi. Keyin esa, majburiy mehnatda ayblab direktorni ishdan olishdi», deydi o‘qituvchi Muhabbat Kalonova.

Shu paytda maktabga muxbirlar kelganini bilgan chog‘i, Ravshanoy Ismoilovaning advokati Oybek Xoliqov kelib suhbatga qo‘shildi.

«Men advokatman. Shu ish bilan to‘liq tanishib, o‘rganib ish olib bordim. Direktor Ravshanoy Ismoilova majburiy mehnat bo‘yicha jarima to‘lagan. Qancha jarima to‘lagani haqida menda ma'lumot yo‘q. Biroq, aslida o‘qituvchilarni majburiy mehnatga direktor emas, tuman XTB mudiri va boshqa mutasaddilar jalb qilgan. Bu haqda menda barcha dalillar bor. Shu yerda qurilish shtabi tashkil etilgan. Hududga o‘rnatilgan bannerda tumandagi 70ta maktabga bo‘lingan ishlar aks etgan. Demontaj ishlariga hamma maktab o‘qituvchilari jalb qilingan.

Hatto, XTB rahbarlari o‘qituvchilar ishlayotganini tom tepasidan turib videotasvirga olgan. Mutasaddilardan R.Ismoilovaning qaysi aybiga asosan ishdan bo‘shatilganini surishtirsam, «Direktor o‘qituvchilarni majburiy mehnatga jalb qilgani uchun emas, o‘z arizasiga muvofiq bo‘shatildi», deyishdi. «Unda nega bo‘shatdilaring?» degan savolni ham berdik. Ular, «Maktabdagi muhit taqozo etdi», deyishdi. Lekin, maktabdagi muhit yomonligini aniq isbotlay olishmadi. «Direktor ustidan ariza tushganmi?», degan savolimga esa, «Tushuntirish xatlari bor», degan javobni berishdi. Keyin sud jarayonida «tushuntirish xatlari» ham yo‘q bo‘lib ketdi. Namangan tumanlararo sudining hal qiluv qaroriga asosan R.Ismoilova ish tiklandi», deydi advokat.                                       

Maktabning boshqa o‘qituvchilari nima deydi?

Maktab o‘qituvchilari bilan gaplashib ulardan butunlay boshqacha fikrlarni eshitdik. O‘qituvchilar maktabdagi muhit majburiy mehnat masalasi ko‘tarilmasdan oldinroq buzilganini ta'kidlashdi.

«O‘qituvchilar maktabda ishlab juda qiynalib ketdik. O‘sha, Kun.uz saytiga murojaat qilishimizning sababi ham nochor holda qolganimizdan bo‘lgan.

Direktorga «Ahvolim yomon, opa. Mehnatga yaramayman», dedim. Ravshanoy opa esa «Kelmasang, sentyabrdan senga dars bermayman. Bo‘lmasa, o‘rningga pul berib odam qo‘y», dedi. Ishga kelmadim. Hamma tinmay mehnat qilayotgan edi. Qiynalib ketdik. So‘ng sizlarga murojaat qildik.

Sizlar kelib ketganinglardan so‘ng, «Sevimli TV» muxbiri kelib, «Kun.uz’dagi maqola yolg‘on», deb ko‘rsatuv qildi. O‘sha kuni tuman XTBga mudir Shavkat Yuldashevning oldiga borganmiz. Unga «Nega yolg‘on ma'lumot berdinglar?», deb aytdik. Keyin viloyat XTBdan yurist kelib, bizdan tushuntirish xatlarini oldi. «Maktabda majburiy mehnat bo‘lganmi?», «Ustama-mukofot pullarini haqqoniy to‘lashadimi?», «Maktabda pul yig‘iladimi?», degan savollarga javob yozdik. Biz bu direktor bilan birga ishlashni istamasligimiz, ustama-mukofot pullari faqat direktor xohishiga qarab berilishini aytib berganmiz. Shu direktor kelganidan beri 20 nafarga yaqin o‘qituvchi ishdan bo‘shab ketgan. «Oblono»gacha borishgan, «direktorning kuchli odamlari borligi uchun hech narsa qilib bo‘lmadi», deb indamay qolishdi. Eng qizig‘i, tumandagi 3 va 6-maktablarda ham qurilish ishlari bo‘lgan. Lekin, ularda o‘qituvchilar mehnatga jalb qilinmadi. Biz esa qum va g‘isht tashidik. Bizning maktabga ham boshqa maktabdan hech kim kelib ishlamagan. Uch oy Yusupov direktorlik qildi. Rosa yaxshi ishladik. Direktor maktabga qaytgach 60 nafar o‘qituvchi «Birga ishlamaymiz», deb ariza yozib qo‘l qo‘ydi. Men endi qo‘rqyapman. Menga «tashlashyapti». Axir, hech kim ularni majburlab imzo chektirmadi-ku?», deydi  o‘qituvchi Nigora Fazliddinova.

Maktabning ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Muqaddas Davronova ham o‘z fikrlarini aytdi.

«Aprel oyidan barcha erkak o‘qituvchilarimiz maktabdagi qurilish ishlariga jalb qilingan. Biz kollejga ko‘chganmiz. Darslar o‘tilmadi. Lekin, bu haqda hech kim direktorga buyruq bermagan edi. Bu haqda tuman XTB boshlig‘iga ham aytganman. May oyidan qolgan o‘qituvchilarni ham jalb qilishdi. 31 oktabr kuni R.Ismoilovani yana qaytarishdi. Majlisdan deyarli barcha o‘qituvchilar norozi bo‘lib chiqib ketgan. XTB mudiri o‘rinbosari Davron O‘rolovga sud qarorini hurmat qilishimiz, lekin jamoa bu direktor bilan ishlashni xohlamasligini aytdik. O‘qituvchilar tinimsiz uning tazyiqlari ostida ishlashdan to‘ygan. Ustama-mukofot pullarini hech komissiya a'zolari bir bo‘lib tayinlaganini ham ko‘rmadik», deydi o‘rinbosar.

Ona tili va adabiyot o‘qituvchisi Muslimaxon Boltayeva ham aynan mana shu gaplarni ta'kidladi.

Direktor bilan suhbat

Namangan tumanlararo sudining hal qiluv qaroriga asosan lavozimiga qaytgan Ravshanoy Ismoilova videokamera qarshisida ochiq suhbat qilishni istamadi.

«Biz huquqiy davlatda yashayapmiz. Sud qarori bilan ishimga qaytdim. Eng asosiysi, jamoaga, maktabga mehrim tushgan. Muassasada 10 yil davomida ishlab, hech kimdan yomonlik ko‘rmadim. Jamoamni, ishimni yaxshi ko‘rganim uchun yana shu joyga qaytdim. Boshqa maktablarga o‘tishni taklif qilishgandi, unamadim. Maktabga ishga kelganimdan beri  uning rivojlanishiga shu jamoa bilan birga hissa qo‘shdik. Majburiy mehnat sabab muhit buzildi. Shu paytgacha hech kim bilan sen-menga bormaganman. Majburiy mehnat bo‘yicha jazo olib, jarimani to‘ladim. Sizlar yozda kelganingizda, majburiy mehnat bo‘layotganini ayta olmaganman. Hozir maktabda ishlar iziga tushyapti. Mutasaddilar kelib meni qayta tayinlashganida zaldan 60 nafar o‘qituvchi chiqib ketgani haqidagi gap yolg‘on. To‘rt-besh o‘qituvchi shunaqa yolg‘onlarni aytyapti. Ulardan ham xafa emasman. Sizga «ota-onalar kuzatuv kengashi raisi» sifatida tanishtirilgan ayol ham aslida rais emas.

Haqiqatda maktabda o‘qituvchilarni majburiy mehnatga jalb qilganmiz. Maktab rekonstruksiyasida barcha «demontaj» ishlarini muallimlar qildi. Lekin men majburlamaganman. Rahbarlarning aytganini qildim. Tuman XTBdan Ilg‘orbek degan yigitni kurator qilib qo‘yishdi. Shu yigit bizni qurilish ishlarida boshqargan. Menga ham bosim o‘tkazgan. Vaziyat qurboni bo‘ldim», deydi Ravshanoy Ismoilova.

Ravshanoy Ismailova sud majlisida Chust tuman hokimligi va tuman XTB rahbarlari tomonidan sodir etilgan qonunbuzarliklar bo‘yicha Kun.uz saytida maqola chiqqanidan so‘ng shov-shuvlarni tinchlantirish uchun mutasaddilar uni aybdor qilishganini aytgan.

Biz direktor va jamoaga emas, o‘quvchilarga achindik

Ayni paytda 9-umumta'lim maktabidagi muhit juda-juda achinarli. «Guruhbozlik» avj nuqtasiga chiqqan. O‘qituvchilar direktorning bir qator ayblarini sanaydi. Direktorning tarafdorlari esa teskarisi.

Farzandi shu maktabda ta'lim oluvchi, o‘zini «Kuzatuv kengashi raisi» deb tanishtirgan Barnoxon G‘oipova aynan shu masalani ta'kidladi.

«Men XTB mudiriga ham telefon qilib, «Bu yerda o‘quvchilar bilim oladi. Maktabdagi janjallarni to‘xtating. O‘qituvchilar guruhlarga bo‘lingan. Ota-onalar ham. Endi o‘quvchilar ham nizolariga aralashtirishyapti», dedim. Bularni murosaga keltirib bo‘lmayapti. Janjal ketidan janjal. Oxiri ko‘rinmayapti. Menga ham tahdid qilishdi.

O‘rtada bolalar aziyat chekyapti. XTBdan odam kelib o‘rganib, muhitni to‘g‘rilamaydimi? Axir bu joy ta'lim dargohi. O‘qituvchilar darsini o‘tsin. Ota-ona sifatidagi talabim: o‘z ishini eplay olmayotganlarni bo‘shatishsin. Jamoada parokandalik. Bolalar uvol bo‘lyapti», deydi u.

30 yillik tajribaga ega, boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Ominajon Ahmadaliyeva esa dilidagi gapni aytdi: «Shu paytgacha bunaqa holatni ko‘rmagandim. Uch oy Yusupov rahbarlik qildi. Birga yaxshi ishladik. O‘qituvchilar o‘z ishini bilib qiladi. Rahbarning keragi ham yo‘q. Jamoada muhitni albatta yangilash kerak!» 

Xulosa

Viloyat xalq ta'limi boshqarmasi, Chust tuman hokimligi, tuman XTB maktabga kelib, muhitni, vaziyatni o‘rganishi va bir fikrga kelishi lozim. Maktab jamoasi, ota-onalar bir-biri bilan tortishib yuraversa ta'lim-tarbiya ishlari nima bo‘ladi?

Maktabda kim rahbar bo‘lishi, muhit o‘z yo‘liga. Muallim va muallimalar avvalo muassasaga har kun keladigan ming nafardan ziyod bolalarni o‘qitishni, ta'lim-tarbiya berishni o‘ylashi kerak.

Kun.uz muxbiri Elmurod Ermatov
tasvirchi Ahrorbek Yoqubjonov

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top