O‘zbekiston | 15:03 / 13.03.2024
20858
4 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda adliya xodimlari o‘z vazifasiga kirmaydigan ishlarni bajarishga majburlanmoqda

Adliya tizimida faoliyat olib borayotgan xodimlar yoshlarni otaliqqa olish va xatlov o‘tkazish ishlariga jalb etilgan. Kun.uz'ga murojaat qilgan tizim xodimlari shunchaki qog‘oz to‘ldirish uchun ko‘chada uyma-uy yurishganini, bu ishlari faqat ko‘zbo‘yamachilik ekanini aytmoqda.

Samarqandda Adliya tizimida faoliyat olib borayotgan xodimlar o‘z vazifasiga kirmaydigan ishni bajarishga jalb etilmoqda. Bu haqda Kun.uz’ga murojaat yo‘llagan davlat xizmatchilari ma’lum qildi.

Foto: Samarqand viloyati Adliya boshqarmasi

Murojaatda keltirilishicha, Davlat xizmatlari markazi xodimlari ro‘yxat asosida 100 nafar yosh biriktirib berilgan holda ularni otaliqqa olish, uyma-uy yurib, muammolarini o‘rganishga majburlanyapti.

Samarqand viloyati Adliya boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Ozod Shodiqulov yoshlar bilan ishlash alohida nazoratga olinganini va so‘rov ham shunga mutanosib bo‘lishini bildirgan.

Davlat xizmatlari markazida ishlayman. Har bir xodimga 100 nafardan, ayrimlarga bundan ham ko‘p bo‘lgan yoshlar ro‘yxat qilib berildi. Xodimlar ushbu yoshlarni otaliqqa olishga, mahallama-mahalla, uyma-uy yurib, yoshlarning muammolarini o‘rganishga hamda ularning yechimini qilishga majburlanmoqda. Topshiriqni bajarmagan xodimlar har xil dashnomlar ostida qolyapti.

Sovuq va yomg‘irli kunlarda birma-bir yoshlarning yashash manziliga borib, o‘rganib yuribmiz. Mehnat shartnomasida belgilangan ishimiz esa ikkinchi darajali bo‘lib qolgan. 

Eng achinarlisi shundaki, biz o‘rgangan yoshlarning muammolari qog‘ozlarda qolib ketmoqda, natijasi umuman yo‘q. Xullas, ko‘zbo‘yamchilik”, deydi ismini oshkor qilishni istamagan soha xodimlaridan biri.

Topshiriq barcha tuman va shahar adliya bo‘limlari boshliqlariga Samarqand viloyati Adliya boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Ozod Shodiqulov tomonidan berilgan.

Payshanba kuni o‘tkazilgan ZOOMʼda dushanba kuniga qadar yoshlarning bandligini ta’minlash masalasida ilova qilingan namunadagi arizalarni olish kerakligi ta’kidlangan. Biroq aksariyat Adliya bo‘lim boshliqlari berilgan topshiriqqa loqaydlik bilan yondashyapti.

Eslatib o‘taman, yoshlar bilan ishlash topshirig‘i alohida nazoratda va so‘rov ham shunga mutanosib bo‘ladi. Zudlik bilan barcha hududlar arizalarini olish choralarini ko‘rishingizni va bugungi xatlovga ayollarni jalb qilmasdan ichki imkoniyatlardan foydalangan holda topshiriqni sifatli ijro qilishingizni so‘rayman”, deya ta’kidlagan boshqarma boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari.

Xodimlardan o‘zlariga biriktirilgan mahallada uyma-uy yurib, yoshlarni xatlovdan o‘tkazish hamda so‘rovnoma to‘ldirish talab etilmoqda.

Majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilmaydi, deya bong urishadi. Ammo Adliya tizimining o‘zida majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilayotganini qanday tushunishga ham hayronmiz”, deydi sohaning yana bir vakili.

Uyma-uy yurilib, yoshlar bilan uchrashilayotgani hamda ularning muammolari o‘rganilayotgani haqida Samarqand viloyati Adliya boshqarmasi ham o‘z rasmiy kanalida xabarlar joylashtirgan.

Ma’lumot uchun, qonunchilikka ko‘ra majburiy mehnat taqiqlanadi.

Ruslan Saburov
Kun.uz

Руслан Сабуров
Muallif Руслан Сабуров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid