16:21 / 23.11.2019
0
7678

Toshkent moliya instituti Kolumbiya universiteti bilan birgalikda fond birjasi mutaxassislarini tayyorlaydi

Kolumbiya universiteti / Foto: Shutterstock

Toshkent moliya instituti o‘qituvchilar va talabalarning kapital bozori sohasida bilim hamda malakasini oshirishda jahondagi eng nufuzli universitetlaridan biri AQShning Kolumbiya universiteti bilan hamkorlik qilishi mumkin. Hamkorlik 2020 yildan boshlab yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan, deya xabar berdi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi axborot xizmati.

Shu yilning 7 oktabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida kapital bozorini rivojlantirish bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda Kapital bozorini rivojlantirish agentligiga ushbu sohada mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha Moliya institutini o‘z otalig‘iga olishni topshirgan.

Shu munosabat bilan agentlik tomonidan noyabr oyi boshida AQShdagi Kolumbiya universitetining xalqaro va jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha amaliyot professori Uilyam Eymikining O‘zbekistonga tashrifi uyushtirildi. Tashrif chog‘ida Kolumbiya universiteti bilan Moliya instituti o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Hamkorlik doirasida Kolumbiya universiteti professorlari O‘zbekistonga muntazam ravishda kelib yoki onlayn ravishda seminarlar o‘tkazishi mumkin. Bundan tashqari, Moliya instituti talabalarini Kolumbiya universitetiga malaka oshirishga jo‘natish ham rejalashtirilgan. Shuningdek, AQSh universiteti O‘zbekistondagi oliy ta'lim muassasalariga kapital bozori bo‘yicha sifatli o‘quv dasturini tuzishda ham yordam berishi ko‘zda tutilgan.

Kapital bozori agentligi rahbariyati va xodimlari Moliya instituti talabalariga muntazam ma'ruzalar o‘qishmoqda. Xususan, agentlik direktori Otabek Nazirov institut talabalariga o‘zbek kapital bozorining islohoti va uning iqtisodiyotdagi ahamiyati to‘g‘risida ma'ruza qildi.

“Agar biz chinakam raqobatbardosh bozor iqtisodiyotini qurishni istasak, iqtisodiyotda kapitalni to‘g‘ri va samarador taqsimlashimiz lozim. Afsuski, bank tizimida davlat aralashuvining kuchli ekani ushbu samaradorlikka salbiy ta'sir o‘tkazmoqda. Hozirgi sharoitda ushbu samaradorlikni oshirishning eng maqbul yo‘li – kapital bozorini tezkor rivojlantirish”, – deya ta'kidladi agentlik rahbari.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top