15:30 / 28.11.2019
0
3441
O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi: 3,1 million tup zararlangan ko‘chatlar yoqib yo‘q qilindi

Bugun, 28 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasida soha faoliyatiga oid yangiliklar yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Berilgan ma'lumotlarga ko‘ra, «Karantin ostidagi mahsulotlar uchun ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni berishda ushbu mahsulotlar fitosanitariya holatini o‘rganish maqsadida mutaxassislarni xorijiy mamlakatlarga yuborish zaruratini aniqlash mezonlari va yuborish tartibi to‘g‘risida»gi nizomni tasdiqlash to‘g‘risidagi buyruq Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.

Ushbu Nizomga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasiga xorijiy mamlakat hududidan karantin ostidagi mahsulot, ya'ni meva-sabzavot va o‘simlik mahsulotlari bilan xavfli zararli organizmlar kirib kelishi xavfi mavjud bo‘lganda xorijdagi karantin ostidagi mahsulotning fitosanitar holatini o‘rganish uchun mutaxassislar yuboriladi.

Mahsulotning fitosanitar holatini o‘rganish Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi mutaxassislari tomonidan amalga oshiriladi.

Buning uchun jismoniy yoki yuridik shaxslar mutaxassis yuborishni so‘rab inspeksiyaga belgilangan shaklda to‘ldirilgan ariza bilan murojaat qiladi.

Ariza 7 ish kuni ichida ko‘rib chiqilib, xorijiy mamlakat hududiga mutaxassis yuborishga zarurat mavjudligi o‘rganiladi hamda murojaatchiga xabar beriladi.

Nizomda, shuningdek, Inspeksiya tomonidan murojaatchining arizasi quyidagi hollarda rad etilishi mumkinligi ko‘rsatilgan:

- taqdim etilgan hujjatlarda noto‘g‘ri ma'lumotlar ko‘rsatilsa yoki to‘liq ma'lumotlar taqdim etilmasa;

- olib kelinishi rejalashtirilgan mahsulotni respublikamiz hududiga olib kirish uchun taqiq o‘rnatilganda;

- xorijiy mamlakat hududida kelib chiqishi noma'lum bo‘lgan o‘simliklarning yalpi kasalliklari va ilgari qayd etilmagan tez tarqaluvchi kasalliklar mavjud bo‘lsa;

- mahsulot olib kelinishi rejalashtirilgan xorijiy mamlakat hududida ushbu mahsulotda tarqalgan zararli organizmlar mavjudligi haqida aniq ma'lumotlar mavjud bo‘lsa.

Bugungi kunga qadar Rossiya Federatsiyasining 13ta chegara va logistika markazlarida «Yashil yo‘lak» orqali o‘tish tizimi yo‘lga qo‘yilishi natijasida, Rossiyaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri eksport hajmi 7,5 barobarga oshgan.

Inspeksiya tomonidan 323 tonna (shundan 235 tonnasi qo‘l yuki orqali, 88 tonnasi transport vositalari orqali), 10,25 million tup (shundan 41 ming tup qo‘l yuki orqali, 10,21 million tupi transport vositalari orqali) va 1317 m.kub miqdorida transport vositalari orqali respublikamizga olib kirilayotgan o‘simlik mahsulotlarida zararli organizmlar aniqlangani sababli chegara maskanlaridan qaytarib yuborildi. Qaytarib yuborishning imkoni bo‘lmagan 3,1 million tup zararlangan ko‘chatlar esa yoqish yo‘li bilan tegishli tartibda yo‘q qilingan.

Kun.uz muxbirining «Sizlar bevosita murojaat qilayotganlarni tekshiryapsiz, ammo ko‘p davlatlar bilan chegaralar oddiy anhorlar yoki simto‘rlardan iborat. Zararkunandalar uchun chegara bo‘lmaydi. Bu muammo qanday yechiladi?» degan savoliga O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi rahbari Ibrohim Ergashev shunday javob berdi: – Har bir tumanda kamida 2 nafardan, ayrim bog‘dorchilik tumanlarida 10 nafargacha inspektorlarimiz bor. Ular dala nazoratini olib borishadi. Chegara hududlarda 3-10 km oraliqda ichki karantin nazorati olib boriladi. Imkoniyatdan foydalanib bog‘bonlarga murojaat qilmoqchiman. Hozir qish mavsumi kirganda daraxtlardagi zarakunandalarga qarshi kurash zarur bo‘ladi. Zarur choralar vaqtida ko‘rilmasa, hosildorlik 80 foizgacha, eksportboplik butunlay yo‘qotilishi mumkin. 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top