12:00 / 03.01.2020
10
258397
Eronning ikkinchi raqamli odami Trampning buyrug‘i bilan o‘ldirildi. General Qosim Sulaymoniy o‘zi kim edi?

Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) tarkibidagi «Al-Quds» maxsus bo‘linmasi qo‘mondoni general Qosim Sulaymoniy Iroqda AQSh harbiylari aviazarbasi oqibatida halok bo‘ldi.

Foto: AFP

Pentagon Sulaymoniy AQSh prezidenti buyrug‘iga ko‘ra o‘ldirilganini tasdiqladi.

3 yanvarga o‘tar kechasi OAVda Bag‘dod aeroporti hududida uchta raketa portlagani, hujumlar oqibatida bir kishi halok bo‘lib, yana 9 kishi jarohatlangani haqida xabarlar tarqalgandi.

Washington Post xabariga ko‘ra, zarba vaqtida Sulaymoniy Bag‘doddagi aeroportda avtomobilda bo‘lgan, taxminlarga ko‘ra, amerikaliklar dron (uchuvchisiz uchar qurilmasi) orqali avtomobillar kolonnasiga hujum uyushtirgan.

Xalqaro kuzatuvchilar Eronning nufuzli qo‘mondonlaridan biri halok bo‘lgani, bu esa AQSh va Eron munosabatlaridagi ziddiyatni yanada keskinlashtirishini aytishdi.

Keyinroq Islom inqilobi muhofizlari korpusi general Qosim Sulaymoniyning o‘limini tasdiqladi va u amerikaliklar vertolyotidan berilgan zarba oqibatida halok bo‘lgani ma'lum qilindi.

Tehron AQShning Erondagi manfaatlarini ifodalovchi Shveytsariyadagi ishonchli vakilini chaqirtirdi va undan qo‘shni Iroqda urush olovi yoqilishi borasida izoh so‘raldi.

Eron oliy yetakchisi Oyatulloh Ali Xominaiy Iroqda general Qosim Sulaymoniy o‘ldirilgani sababli mamlakatda 3 kunlik milliy motam e'lon qildi va AQShdan buning uchun qasos olinajagini ma'lum qildi.

«Shahidlik uning yillar davomidagi faoliyati uchun mukofot bo‘ldi. U ketgan bo‘lsada, Allohning irodasi bilan uning ishi va yo‘li to‘xtab qolmaydi. Bu oqshomda iflos qo‘llarini qonga bo‘yagan jinoyatchilarni qo‘rqinchli qasos kutmoqda», deyilgan uning tvitterdagi rasmiy sahifasida.

Eron Tashqi ishlar vaziri Javod Zarif mazkur «jinoiy hujum» muhokamasi uchun hukumatning xavfsizlik xizmati shoshilinch yig‘ilish o‘tkazishini bildirgan.

«IShID, «Al-Nusra» va «Al-Qoida» kabi terrorchilik guruhlari bilan kurashish yo‘lida samarali faoliyat ko‘rsatgan general Sulaymoniyning o‘ldirilishi AQShning xalqaro terrorchilik akti bo‘lib, favqulodda xavfli va chuqur eskalatsiya hisoblanadi», deydi Eron TIV rahbari. Vazirning ta'kidlashicha, AQSh o‘zining «firibgarona qaltis ishlariga» javob beradi.

Bu xabarlar ortidan Donald Tramp tvitterida Amerika bayrog‘ini joylashtirdi va uni hech qanday izohsiz qoldirdi.

Qosim Sulaymoniy Eron isteblishmentidagi muhim figuralardan edi. Uning boshqaruvidagi «Al-Quds» maxsus bo‘linmasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri oyatulloh Ali Xominaiyga bo‘ysunadi.

Bag‘doddagi hodisa ortidan jahonda neft narxi 4 foizga ko‘tarilishi kuzatildi.

Bu qanday sodir bo‘ldi?

«Prezident buyrug‘iga ko‘ra, AQSh qurolli kuchlari Amerikaning xorijdagi personalini himoya qilish uchun qat'iy mudofaa harakatlarini amalga oshirdi va xalqaro terrorchi tashkilotlar ro‘yxatidagi Islom inqilobi muhofizlari korpusining «Al-Quds» maxsus bo‘linmasi qo‘mondoni Qosim Sulaymoniyni o‘ldirdi», deyilgan Pentagon xabarida.

Amerika Mudofaa vazirligi ushbu zarba Eronning kelgusida rejalashtirgan hujumlari oldini olish maqsadida amalga oshirilganini qayd etgan.

«U so‘nggi bir necha oydan beri koalitsiyaning Iroqdagi harbiy bazalariga hujumlarni tashkillashtirgan,.. shuningdek, Bag‘doddagi Amerika elchixonasiga uyushtirilgan hujumni ma'qullagan», deyiladi Pentagon press-relizida. Qo‘shimcha qilinishicha, AQSh «o‘z fuqarolari va o‘z manfaatlarini butun dunyo bo‘ylab himoya qilish uchun barcha zarur choralarni ko‘rishda davom etadi».

Qayd etish joizki, aviazarba AQShning Bag‘doddagi elchixonasi namoyishchilar tomonidan qamal qilinishidan bir necha kun o‘tib berildi. Rasmiy Vashington elchixonaga hujum general Sulaymoniy ko‘rsatmasi bilan amalga oshirilganini bildirgan.

New York Post nashri harbiylar orasidagi anonim manbasiga asoslanib xabar qilishicha, aeroportdagi hujum oqibatida 7 kishi halok bo‘lgan. Gazeta ma'lumotiga ko‘ra, ikkita avtomashinaga aviazarba berilgan. Nishon ikkinchi urinishda yo‘q qilingan: ungacha uchta raketa yo‘llangan, ammo generalga shikast yetmagandi.

Amerikalik harbiylar ma'lumotida qayd etilishicha, Qosim Sulaymoniy va «Al-Quds» maxsus bo‘linmasi amerikalik hamda xalqaro koalitsiya tarkibida bo‘lgan yuzlab harbiylar o‘limi va minglab kishilarning jarohat olishida mas'ul bo‘lgan.

Islom inqilobi muhofizlari korpusi ma'lumotiga ko‘ra, Sulaymoniy bilan birga Iroqdagi shialarning «Kataib Hizbulloh» guruhi qo‘mondoni Abu Mahdi Muhandis ham halok bo‘lgan.

«Kataib Hiszbulloh» guruhi qo‘mondoni Abu Mahdi Muhandis

Shuningdek, amerikalik harbiylar Bag‘dodda ushbu guruhning bir qancha boshliqlarini qo‘lga olingani haqida xabarlar tarqalgan, ammo hozircha bu xabarlar tasdiqlanmadi.

«Kataib Hizbulloh» - Iroqdagi shialarning harbiylashgan guruhi bo‘lib, 2007 yilda Eron qo‘llab-quvvatlovi bilan tuzilgan.

AQSh bayonotiga ko‘ra, «Kataib Hizbulloh» Eron Islom muhofizlari korpusi bilan qalin aloqalar o‘rnatgan bo‘lib, xalqaro koalitsiya kuchlariga hujum uyushtirish uchun bir necha marta Eron hukumatidan ko‘mak olgan.

Amerika prezidenti ma'muriyatidagilar IIMKni Yaqin Sharqdagi AQShga qarshi terrorchi guruhlarni boshqaruvchi kuch sifatida ko‘rishadi.

Tahlil
Frenk Gardner, Bi-bi-si

Razvedka ma'lumotlari asosida harakatlangan amerikalik harbiylar kecha tun qorong‘isida Eronning muhim harbiy qo‘mondonini o‘ldirishdi.

Pentagon bu aviazarba Eronning kelgusidagi hujumlarining oldini olish uchun amalga oshirilganini bildirdi. Ammo aslida bu hujum tez orada butunlay aks ta'sir ko‘rsatishi mumkin.

Qosim Sulaymoniy Erondagi asosiy diniy arboblardan edi va eronliklarning Yaqin Sharqdagi harbiy kampaniyalarida asosiy vazifani bajarar edi.

Uning halokati AQSh va Eron o‘rtasidagi qarama-qarshilikni yangi bosqichga olib chiqishi mumkin.

Sulaymoniyning o‘ldirilishi yangi urushni boshlab berishi mumkin

Amerikalik senator Kris Merfi Sulaymoniyning yo‘q qilinishi tomonlar o‘rtasidagi ziddiyat yanada keng ko‘lamda avj olishi mumkinligi haqida gapirdi. Uning hisoblashicha, eronlik general AQShning dushmani bo‘lgani aniq, ammo bunday qaror yanada ko‘proq amerikaliklar o‘limiga olib kelishi mumkin. «Savol boshqa joyda: Amerika hukumati Eronning ikkinchi shaxsini kongress ruxsatisiz yo‘q qilishi va bu orqali keng miqyosli mintaqaviy urushni boshlash uchun sabab keltirib chiqarishi mumkinmidi?» — deya qayd etgan senator.

Qosim Sulaymoniy kim edi?

20 yil davomida general Sulaymoniy Yaqin Sharqdagi e'tiborli voqealarda muhim rolni bajarib kelgan

Qosim Sulaymoniy 62 yoshda edi. U Rabor shahrida, dehqon oilasida tug‘ilgan, maktabni oxirigacha o‘qimagan. 1978 yilgi islom inqilobi vaqtida inqilobiy kuchlar safiga qo‘shilgan, shundan so‘ng armiya xizmatiga yo‘l olib, 1980-1988 yillardagi Eron-Iroq urushida qatnashgan. 

Qosim Sulaymoniy 1998 yildan buyon xorijda maxfiy amaliyotlar o‘tkazish bilan shug‘ullanadigan «Al-Quds» maxsus bo‘linmasiga qo‘mondonlik qilardi. U o‘tgan vaqt mobaynida bir necha marta G‘arb davlatlari, Isroil va arab davlatlari maxsus xizmatlari tomonidan uyushtirilgan suiqasdlarni boshdan kechirgan.

Islom inqilobi muhofizlari korpusi Eronda 1979 yilgi inqilobdan so‘ng tashkil etilgan. Quruqlikdagi, harbiy havo va harbiy dengiz kuchlari IIMK tarkibiga kiradi. Korpus faqat Eron oliy rahnamosiga bo‘ysunadi va mamlakat Qurolli kuchlaridan alohida harakatlanadi. AQSh razvedka xizmatlari tahlilchilarining hisob-kitoblariga ko‘ra, IIMK Eron iqtisodiyotining 50 foizini, xususan, bank va moliya sohalarini nazorat qiladi yoki «sezilarli ta'sir ko‘rsata oladi».

Islom inqilobi muhofizlari korpusi rahbari rasman Muhammad Ali Ja'fariy hisoblanadi, biroq Sulaymoniy shaxsan Eron oliy yetakchisi oyatulloh Ali Xominaiyga hisobot berar va o‘z harakatlarini aynan u bilan muvofiqlashtirib turardi.

«Al-Quds» — Eron tashqi siyosatini yuritishdagi muhim vosita bo‘lib, bajaradigan ish hajmi jihatidan uni AQShning Markaziy razvedka boshqarmasi va maxsus bo‘linmalari bilan qiyoslash mumkin. Bo‘linma 1979 yildagi inqilobdan keyin, Yaqin Sharq mintaqasida Eron ta'sir doirasini, jumladan, shia kuchlar ko‘magida kengaytirish maqsadida tashkil etilgan. Bo‘linma bosh qarorgohi AQShning Tehrondagi sobiq elchixonasi o‘rnida joylashgan bo‘lib, bugungi unda uning safidagi jangchilar soni 20 mingga yaqinni tashkil etadi. Ma'lumotlarga ko‘ra, Eronning yuqori jangovar tayyorgarlikka ega bo‘lgan maxsus bo‘linmasi uchun jangchilarni saralab olish ishlari butun Eron bo‘ylab olib boriladi, tahsil esa Sheroz, Tehron va Qumda olib boriladi, shundan so‘ng jangchilar harbiy harakatlarda tajriba orttirishi uchun Iroq va Afg‘onistonga yuboriladi.

2011 yilda Suriyada fuqarolar urushi boshlanganida Sulaymoniy «Hizbulloh»ga va boshqa shia guruhlarga Bashar Asad hukumati tomonida turib jang qilishni buyurgan. IShIDga qarshi urush vaqtida Iroqdagi Xalq safarbarlik kuchlari ham uning ko‘rsatmalariga ko‘ra hukumat tomonida turib jang qilgan.

Ma'lumotlarga ko‘ra, u 2015 yilda Moskvaga tashrif vaqtida Rossiya prezidenti Vladimir Putinni Suriyaga kirishga va Asad hukumatiga muxolif kuchlarga qarshi kurashda yordam berishga ko‘ndirgan. Bu aralashuv Rossiyaning yangi tarixidagi muhim voqealardan hisoblanadi, Rossiya muqaddam hech qachon arab davlatlari hududida harbiy harakatlarga kirishmagandi.

Sulaymoniyning Moskvaga tashrifi Rossiyaning harbiy intervensiyasini rejalashtirishdagi muhim qadam bo‘lgan va Suriyadagi urushning rivojini butkul o‘zgartirib yuborib, Asadni qo‘llab-quvvatlaydigan yangi Eron-Rossiya alyansi tuzilishiga olib kelgan.

Iroq va Suriyadagi urush vaqtida Sulaymoniy Eronda juda mashhur bo‘lib ketdi. U Eronning bosh strategi sifatida qabul qilina boshlandi.

Tramp ma'muriyati tasdiqlashicha, «Al-Quds» Eronning Yaqin Sharqda AQShga qarshi kurashuvchi guruhlarni rivojlantirish uchun asosiy mexanizm bo‘lib, «Al-Quds» bu guruhlarni moliyalashtiradi, o‘qitadi, ularga qurol-yarog‘ yetkazib beradi.

Sulaymoniy Eronning Yaqin Sharqdagi ta'sir doirasi kengayishida muhim rol o‘ynagan va bu hududda o‘z ta'sirini kengaytirishga urinadigan boshqa davlatlar — AQSh, Saudiya Arabistoni hamda Isroilga to‘sqinlik qilib kelgan. U Suriya va Iroqdagi harbiy harakatlarda muhim rolni o‘ynagan. Xususan, uning bo‘limi 2011 yilda Suriyada boshlangan fuqarolik urushida Bashar Asad tomonida turib jang qilgan, shuningdek, Suriya va Iroqdagi shia ayirmachilariga IShIDga qarshi turishda ko‘mak berib kelgan. Bundan tashqari, u Livandagi «Hizbulloh» harakati va Falastindagi jangari guruhlar bilan mustahkam aloqa o‘rnatgan.

2019 yilning aprel oyida AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi hamda uning tarkibidagi «Al-Quds» bo‘linmasini xalqaro terrorchi tashkilotlar sifatida e'lon qilgandi.

Qarshiyev Aziz tayyorladi

Mavzu
Qosim Sulaymoniyning o‘ldirilishi
Eron tashqi siyosati bunyodkori, Yaqin Sharq bo‘yicha bosh strategi, Eron Islom inqilobi muhofazasi korpusi tarkibidagi «Kuds» maxsus bo‘linmasi qo‘mondoni Qosim Sulaymoniy Bag‘doddagi aeroportda AQSh prezidenti Donald Tramp farmoyishiga binoan o‘ldirildi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top