23:49 / 07.01.2020
1
88201
«Amirsoy»da tashrif buyuruvchilardan biri halok bo‘ldi 
Foto : KUN.UZ

Chimyondagi “Amirsoy Resort” tog‘-chang‘i kurortida 7 yanvar soat 16:20da chang‘i trassalari yopilishi oldidan tashrif buyuruvchilardan biri kurort xodimlariga yosh chang‘ichi yo‘qolib qolganini xabar qilgan. Shundan keyin kurort qutqaruvchilari jamoasi zudlik bilan chang‘ichini qidirishni boshlab yuborishgan. Bu haqda kurortning Telegram-kanalida ma'lum qilindi.  

Xabarda ta'kidlanishicha, 30 daqiqadan keyin chang‘ichi trassadan tashqarida tiriklik alomatlarisiz topilgan. Kurortning 8 nafar professional qutqaruvchisi va 2 nafar shifokor 50 daqiqa davomida jabrlanuvchini jonlantirishga harakat qilishgan, biroq baxtga qarshi ularning urinishlari besamar yakunlangan. 

Amirsoy Resort ma'muriyati halok bo‘lgan chang‘ichining qarindoshlari va yaqinlariga hamdardlik bildirgan.

Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, chang‘ichi chang‘i uchish vaqtida trassa tashqarisiga uchib chiqib ketgan. Voqea tergov qilinmoqda.  

Zamonaviy turdagi kurortning tantanali ochilishi 2019 yil 21 dekabrda bo‘lib o‘tgandi. Bildirsoyda joylashgan dam olish maskanini qurishda Germaniya, Italiya, Avstriya, Argentina, Ispaniya va Daniyadan mutaxassislar jalb qilingan. Loyiha qiymati 100 mln dollarni tashkil qilgan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top