16:12 / 08.01.2020
0
86185
Ruhoniy Yaqin Sharqda AQShning «oyoqlarini kesib tashlash» bilan tahdid qildi
Foto: Iranian Presidency Office via AP

Eron prezidenti Hasan Ruhoniy «Al-Quds» bo‘linmasi qo‘mondoni general Qosim Sulaymoniyning amerikaliklar tomonidan o‘ldirilishini inson qo‘lini yo‘qotishi bilan tenglashtirdi va bu harakat javobsiz qolmasligiga va'da berdi.

«Siz general Sulaymoniy bilan bog‘liq holatda qo‘limizni kesdingiz. Biz esa mintaqamizda oyoqlaringizni kesib tashlaymiz», - deya Ruhoniy so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda Eron nashrlari.

8 yanvar kuni Eron AQShning Iroqdagi koalitsion kuchlari obektlariga hujum qildi.

AQSh Markaziy qo‘mondonligi ma'lumotlariga ko‘ra, jami 15ta raketa uchirilgan. Ulardan 10tasi Ayn al-Asad aviabazasiga, bittasi Iroq shimolida joylashgan Arbildagi bazaga kelib tushgan, to‘rtta raketa esa nishongacha yetib bormagan. Iroq rasmiylari Eron tomondan 22ta raketa uchirilganini ma'lum qildi.

Eron AQSh harbiy bazalariga uyushtirilgan hujumni «munosib javob» va «o‘z-o‘zini mudofaa qilish» deb atadi.

«Eron BMT Nizomining 51-moddasiga muvofiq o‘z-o‘zini mudofaa qilish maqsadida bizning fuqarolarimiz va yuqori martabali shaxslarimizga qarshi qo‘rqoqlarcha hujum boshlangan harbiy bazani nishonga olib, munosib choralar ko‘rdi. Eron keskinlikni oshirish yoki urush keltirib chiqarish uchun harakat qilmaydi, biroq har qanday agressiyadan himoyalanadi», deya yozdi Eron TIV rahbari Zarif tvitterdagi sahifasida.

Keyinroq Eron davlat televideniyesi ushbu hujum oqibatida AQSh harbiy xizmatchilaridan 80 nafari o‘ldirilgani haqida xabar tarqatdi. Efirda hujum qurbonlari «amerikalik terrorchilar» deb atalgan. Pentagon bu ma'lumotga izoh bermadi, ammo avvalroq halok bo‘lganlar haqida ham ma'lumot kelib tushmagan.

AQSh prezidenti Donald Tramp Eronning Iroqdagi Amerika bazalariga uyushtirgan hujumi yuzasidan «kechroq» bayonot berishni va'da qildi. 

«Hammasi yaxshi! Raketalar Erondan Iroqda joylashgan ikkita harbiy baza tomon uchirilgan. Hammasi ko‘ngildagidek ketmoqda! Bugungi kunda bizda jahondagi eng qudratli va eng yaxshi ta'minlangan harbiylar bor! Men (Amerika vaqti bilan) tongda bayonot beraman», deb yozdi Tramp tvitterdagi sahifasida.

Avvalroq Eron oliy ruhoniysi oyatulloh Ali Xominaiy amerikaliklar mintaqani tezroq tark etishlari zarurligini ta'kidlagandi.

Eslatib o‘tamiz, Islom inqilobi muhofizlari korpusining «Al-Quds» maxsus bo‘linmasi qo‘mondoni general Qosim Sulaymoniy 3 yanvar kuni Bag‘doddagi aeroportda amerikalik harbiylarning aviazarbasi oqibatida o‘ldirildi.

Mavzu
Qosim Sulaymoniyning o‘ldirilishi
Eron tashqi siyosati bunyodkori, Yaqin Sharq bo‘yicha bosh strategi, Eron Islom inqilobi muhofazasi korpusi tarkibidagi «Kuds» maxsus bo‘linmasi qo‘mondoni Qosim Sulaymoniy Bag‘doddagi aeroportda AQSh prezidenti Donald Tramp farmoyishiga binoan o‘ldirildi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top