15:45 / 11.01.2020
9
61329

Aripov videoselektori: G‘isht ishlab chiqaruvchilarga gaz berishni to‘xtatish rejalashtirilmoqda

Foto: KUN.UZ

Bugun, 11 yanvar kuni O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov raisligida tabiiy gaz bo‘yicha debitor qarzdorlikni kamaytirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Kun.uz manbasining xabar qilishicha, unda iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha obektlari va aholini elektr energiyasi tabiiy va suyultirilgan gaz bilan uzluksiz ta'minlash va energiyasi resurslari uchun qarzdorlik holatlari muhokama etildi.

Jumladan, bosh vazir energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish va o‘g‘irlik holatlariga to‘xtaldi. Tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib yetkazilayotgan katta miqdordagi zarar asosan issiqxona xo‘jaliklari va ishlab chiqarish bilan bog‘liq bo‘lgan sohalarga to‘g‘ri kelayotganini ma'lum qildi.

Hukumat rahbari Qibray, Ohangaron, Sirdaryo, Yangiyo‘l, Samarqand, Yuqori Chirchiq, Urganch tumanlari va Angren, Navoiy shaharlarida tabiiy gazni talon-toroj qilib, davlatga milliardlab zarar yetkazayotgan ohak, g‘isht, yog‘-moy ishlab chiqarish korxonalarini nomma-nom sanab o‘tdi.

«Nima, o‘sha yerdagi gazchilar bilmaydimi buni? Yoki Majburiy ijro byurosi xodimlari qayerga qarayapti? Sherik-da! Sherik! Shuncha pullik gazni bir kunda o‘g‘irlab bo‘lmaydi-ku! 

Noqonuniy foydalanish holatlarining kelib chiqishiga iste'molchilar bilan birga gaz ta'minoti korxonalari rahbar va xodimlari ham javobgar. Chunki gaz ta'minoti tizimiga adashib kelib qolgan ba'zi nopok kimsalar noqonuniy iste'molchilar bilan tabiiy gazni talon-toroj qilishga yoki sharoit yaratib berishgan, yoki til biriktirib noqonuniy ishlarga yo‘l qo‘ygan», - degan Aripov.

Bosh vazir soha mutaxassislaridan tadbirkorlarni kelgusida pishiq g‘isht va ohak ishlab chiqarish uchun tabiiy gaz berilishi to‘xtatilishi haqida xabardor qilishlarini so‘ragan.

Shuningdek, yig‘ilishda barcha hududlar rahbarlari tabiiy gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalanib, yirik miqdorda zarar yetkazgan iste'molchilarni aniqlab, ommaviy axborot vositalarida muntazam yoritib borishi lozimligi ta'kidlandi.

Eslatib o‘tamiz, bosh vazir Abdulla Aripov 2019 yil iyun oyi boshlarida farg‘onalik tadbirkorlar bilan uchrashuv chog‘ida yaqin orada mamlakatda g‘isht ishlab chiqarish to‘xtatilishini ma'lum qilgandi.

A.Aripov g‘isht ishlab chiqarishning tabiiy va iqtisodiy zarari ko‘pligini bildirgan.

«Tuproqni qayta tiklab bo‘lmaydi. Yerning unumdorligi pasayib ketadi. Gaz sarfi katta. Ekologiya va atrof-muhitga salbiy ta'siri yuqori. Sobiq ittifoq mamlakatlaridan tashqari, ko‘plab davlatlar, xususan, Yevropa davlatlarida g‘isht ishlab chiqarishdan allaqachon voz kechishgan. Buning o‘rniga gazobeton, penobeton ishlab chiqarishni kengaytirish kerak. Imoratimiz sifatli bo‘ladi. Uyning haroratini me'yorda saqlaydi. Qulay tomonlari ko‘p», - degandi hukumat rahbari.

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2019 yil 23 may kuni qabul qilingan «Qurilish materiallari sanoatini jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori bilan davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralarini nazarda tutgan holda sement ishlab chiqaruvchilar, g‘isht zavodlari, so‘ndirilgan ohak ishlab chiqaruvchi sexlarning energiya tejamkorligini, shu jumladan, ko‘mirdan va tabiiy gazga muqobil bo‘lgan boshqa yoqilg‘i turlaridan foydalanishga o‘tkazish orqali bosqichma-bosqich oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar tasdiqlangan.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top