19:13 / 13.01.2020
6
86418
Samarqandda diplomi soxta bo‘lib chiqqan prorektor ishdan olindi

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi qoshidagi Samarqand «Ipak Yo‘li» turizm xalqaro universitetining birinchi prorektori Azamat Akbarov 7 yanvar kuni ishdan olingan.

Bunga uning xorijda olgan falsafa doktori (PhD) ilmiy daraja diplomi qalbaki bo‘lib chiqqani sabab bo‘lgan.

Ma'lum bo‘lishicha, Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan o‘tkazilgan ekspertizada o‘tgan yilning fevralida nostrifikatsiya qilingan xorijiy diplom haqiqiy emasligi aniqlangan.

13 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan Yoshlar press-klubi sessiyasida Ta'lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi boshlig‘i Ulug‘bek Tashkenbayevdan bu borada izoh so‘raldi.

«Bu masala OAK tomonidan o‘rganilgan. Haqiqatdan ham, Azamat Akbarov olgan xorijiy falsafa doktori (PhD) ilmiy daraja diplom noto‘g‘ri olingani yoki soxta ekanligi izohlab berildi.

O‘rganishlarda aniqlandiki, Azamat Akbarov Sarayevo shahrida (Bosniya va Gersegovina davlati) joylashgan BURCH xalqaro universitetidagi professorlik faoliyati davomida Rossiya tomonidan berilgan diplom asosida faoliyat yuritgan. Bizga kelganda esa BURCH xalqaro universitetida berilgan diplom asosida ishga qabul qilingan. Ammo, ma'lum bo‘ldiki, Bosniya va Gersegovina davlati universiteti diplomi soxta bo‘lib chiqdi va shuning oqibatida u lavozimidan ozod qilindi.

Biz turli oliy ta'lim muassasalariga chiqib, attestatsiya va akkreditatsiya imtihonlarida bo‘lamiz. Bu baholashlar davomida shu masalaga alohida e'tibor beryapmiz.

Kelgusida ham bu kabi holatlar takrorlanmasligi uchun Oliy attestatsiya komissiyasi bilan hamkorlikda ishlarni amalga oshirishimiz kerak», – degan Tashkenbayevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ma'lumot uchun, Azamat Akbarov «Buyuk kelajak» ekspertlar kengashi a'zosi sanaladi. U dekabr oyida Kun.uz uchun bergan intervyusida oliy ta'limga oid qarashlari bilan o‘rtoqlashgan edi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top