2018 yilda O‘zbekistondagi oliygohlar soni yana bittaga ko‘paydi. Samarqandda mamlakatning sayyohlik salohiyatini oshirish vazifasi qo‘yilgan «Ipak yo‘li» turizm xalqaro universiteti ochildi. Bu universitet ayni damda ta'lim to‘liq ingliz tilida amalga oshiriladigan ilk oliygoh hisoblanadi. Janubiy Koreya ta'lim sistemasida ishlab nom qozongan Azamat Akbarov ayni damda turizm universitetining prorektori vazifasida ishlab keladi. Yangi universitet faoliyatini oyoqqa turg‘izishda jonbozlik ko‘rsatayotgan mutaxassis vaqt ajratib, bizning savollarimizga javob berdi.

«Ta'lim mamlakatning «yumshoq kuch»iga aylanishi kerak»

Suhbatimiz avvalida Azamat Akbarov mamlakatdagi ilk xalqaro maqomini olgan davlat universitetida ishlayotganidan faxrlanishini aytib, oliygoh qaysi yo‘ldan borishi haqida gapirdi:

«Universitetimiz ochilishi haqida Tsindaodagi ShHT sammiti vaqtida prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev e'lon qilganlar. Davlat oliygohlari ichida faqat bizga xalqaro statusi berildi. Bizda xalqaro oliygohlarning filiallari bor va biz o‘sha xalqaro universitetlarga raqobatchi milliy-xalqaro oliygohga aylanishimiz lozim. Xalqaro universitet O‘zbekistonning «yumshoq kuch»iga (soft power) aylanishi kerak. «Yumshoq kuch» ham aslida mashina, meva-sabzavot kabi O‘zbekiston chetga eksport qiladigan mahsulot. Bizning vazifamiz ta'lim orqali mamlakatni dunyoga tanitish.

Universitetimiz 2019/20 yillarda to‘liq ingliz tilida dars beriladigan tizimga o‘tdi. Bunday tajriba davlat universitetlari orasida birinchi bo‘lib bizda amalga oshirildi. Bundan tashqari biz «Balonya tizimi»ga o‘tdik. Ya'ni kredit-modul tizimiga. Bu tizim birinchidan, universitetning xalqarolashuviga yordam beradi. Ikkinchidan, Yevropa, Janubiy Koreya, Yaponiyadagi kuchli oliygohlar bilan talaba almashish imkonini oshiradi (ya'ni o‘qishni boshqa oliygohga ko‘chirish).

Bu tizimda talaba belgilangan miqdordagi «kredit» olishi kerak. Masalan, bizda 240 «kredit» olish majburiy va talaba buni xohlasa 4 yilda, xohlasa 5 yilda olishi mumkin. Bu talabaga erkinlik tug‘diradi. Aytaylik, talaba o‘qish bilan birgalikda biror yerda ishlashi mumkin. Agar u belgilangan «kredit»ni olishni ishlab ham eplasa, marhamat, bemalol ishlasin. Biz talabaning o‘z sohasi bo‘yicha ishlashini faqat olqishlaymiz. Talaba bu semestrda ololmagan «kredit»larining o‘rnini keyingi semestrda to‘ldirib qo‘yishi mumkin. Ya'ni, talaba o‘z o‘quv rejasini o‘zi tuza oladi.

Nega ba'zi talabalar chet eldagi oliygohlarda birinchi semestrdayoq o‘qishdan haydalib ketadi? Chunki u kerakli darslarni qaytadan o‘qishga ulgurmaydi. Vaholanki ular mahalliy oliygohlarda talab qilingan fanlarni o‘qigan, ammo buning isboti bo‘lmagan. Kredit-modul tizimida esa mana shunday muammo bo‘lmaydi».