16:06 / 28.01.2020
0
5321
O‘zbekistonda 60 foiz ishchi o‘z malakasidan quyi lavozimda ishlaydi – OTB vakili
Foto: Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi

Bugun, 28 yanvar kuni «O‘zbekistonda ta'lim tizimini rivojlantirish istiqbollari: muammo va yechimlar» mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.

Unda ishtirok etgan Osiyo taraqqiyot bankining O‘zbekistondagi doimiy vakolatxonasi direktori o‘rinbosari Enriko Pinalining ta'kidlashicha, O‘zbekiston ta'lim, ilm-fan va innovatsiyalarga kuchli e'tibor qaratish orqali davlat rahbari parlamentga murojaatida ta'kidlanidek, bosqichma-bosqich taraqqiyotga erishishi mumkin.

«Ayni paytda esa o‘zbekistonlik mehnatga layoqatli shaxslarning malakasi va ish lavozimi bilan bog‘liq turli nomuvofiqliklar mavjud. Jumladan, ish o‘rinlariga ega bo‘lgan erkaklarning bor-yo‘g‘i 50,9  foizi, ayollarning 50,1 foizi o‘z sohalariga oid yuqori pozitsiyalarda ishlaydi.

60 foiz ishchilar esa o‘z malakasidan pastroq lavozimda xizmat qilmoqda», – degan Pinalining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Uning aytishicha, buni bartaraf etish uchun mehnat bozori va ta'lim tizimi o‘rtasidagi munosabatlarni muvofiqlashtirish kerak.

Shu maqsadda O‘zbekistonda milliy kvalifikatsiya ramkasi ishlab chiqilmoqda.

Ta'lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Asliddin Odilovning ma'lumot berishicha, kvalifikatsiya – bilim, malaka, ko‘nikma kabi tushunchalardan iborat bo‘lib, ishchiga malaka sertifikatiga mos ravishda mehnat bozorida munosib o‘rin topishiga yordam beradi.

«Milliy kvalifikatsiya ramkasini yaratish bo‘yicha ilk harakatlar 20 yil oldin boshlangan. Lekin vazifa faqat ta'lim tashkilotlari bo‘ynida qolgani uchun amalga oshirilishi orqaga surilgan», – dedi Asliddin Odilov.

Anjumanda ta'kidlanishicha, xalqaro standartlar asosida milliy kvalifikatsiya ramkasi ishlab chiqilgach, O‘zbekistonda olingan malaka diplomi bilan xalqaro mehnat bozorida bemalol ish topa olish imkoni paydo bo‘ladi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top