11:30 / 31.01.2020
1
16570
Ulug‘bek Qosimxo‘jayev Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasini tark etdi

Davlat turizm qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari v. b. lavozimida ishlagan Ulug‘bek Qosimxo‘jayev lavozimini tark etdi.

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Ulug‘bek Qosimxo‘jayev boshqa ishga o‘tgani munosabati bilan vazifasidan ozod qilindi. 29 yanvar kuni O‘zbekiston prezidenti tegishli qarorni imzolagan.

U 2018 yilning avgustidan buyon qo‘mitada mas'ul lavozimda ishlab kelayotgandi.

1978 yilda Andijon viloyatida tug‘ilgan Ulug‘bek Qosimxo‘jayev 1997−2000 yillarda «Umid» prezident jamg‘armasi yo‘nalishi bo‘yicha Peys universitetida (AQSh) «Biznesni boshqarish» mutaxassisligi bo‘yicha tahsil olgan. 2000−2002 yillarda Andijon viloyati hokimligida axborot-tahlil guruhi yetakchi mutaxassisi, so‘ngra 2002−2005 yillarda mutaxassis, keyinchalik Vazirlar Mahkamasida yetakchi mutaxassis bo‘lib ishlagan.

2005−2007 yillarda Barri universitetida (AQSh) magistraturada «Moliya» mutaxassisligi bo‘yicha tahsil olgan, 2007−2013 yillarda Barri va Sunderbird (AQSh) universitetlarida dars bergan. 2008−2013 yillarda Amerikada mehmonxonalar kompaniyasi direktori bo‘lgan, 2013−2014 yillarda esa ko‘chmas mulk investitsiya kompaniyasida direktor bo‘lib ishlagan, 2014 yilda AQShda o‘z investitsiya kompaniyasini tashkil qilgan.

Bundan avvalroq, hukumat tuzilmasida O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining o‘rinbosari – O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi lavozimi joriy etilib, bu lavozimga Aziz Abduhakimov tayinlandi. Bungacha Turizmni rivojlantirish qo‘mitasiga Abdulaziz Oqqulov rahbarlik qilayotgandi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top