O‘zbekiston | 19:44 / 06.07.2021
9700
5 daqiqa o‘qiladi

«O‘zi to‘q odamgina jamiyat rivoji haqida o‘ylay oladi» - Abdulla Azizov va Ulug‘bek Qosimxo‘jayev NNTlar haqida

O‘zbekistonda yoshlar siyosati qanchalik to‘g‘ri yuritilmoqda? Bugun o‘zbekistonlik yoshlar uchun umumiy bo‘lgan muammolar nimalar? Ular o‘zgarayotgan dunyoda qanday yangilik va evrilishlarga tayyor turishi kerak?

Kun.uz muxbiri ayni shu masalalar yuzasidan xorijiy davlatlarda o‘qib, ishlash jarayonida tajriba orttirgan va bugungi kunda O‘zbekistondagi nufuzli lavozim egalari – Abdulla Azizov va Ulug‘bek Qosimxo‘jayev bilan intervyu uyushtirgandi.

Intervyu avvalroq e'lon qilinib, ilk qismi matnlashtirilgan holda taqdim etilgan edi. Quyida suhbatning ikkinchi qismi matni juz'iy qisqartirishlar bilan e'lon qilinmoqda.

— O‘zbekistonda yoshlar tashkilotlari mustaqillikning ilk yillaridan boshlab, to hozirgacha  davlatning qattiq nazoratida faoliyat yuritadi. Rivojlangan davlatlarda esa bu masalalar bilan nodavlat notijorat tashkilotlar ishlaydi. Fikringiz qanday, nega bizda davlat bu richagni qo‘lida juda qattiq ushlab olgan?

Abdulla Azizov

— Xo‘sh, tarixga nazar solsak, qaysi davr va qanday davlatlarda NNT rivojlangan? Javob shundayki, rivojlangan davlatlarda.

Insonning moddiy imkoniyatlari qachon rivojlanar ekan, u jamiyatga hissa qo‘shish, uni rivojlantirish haqida o‘ylay boshlaydi. Sizda qo‘shimcha pul yo‘q, muammolaringiz esa ko‘p ekan, jamiyat rivoji haqida o‘ylolmaysiz.

Abdulla Azizov

Shuning uchun ham rivojlangan davlatlarda NNTlar juda ko‘p. O‘ylashimcha, biz ham sekin-asta shu darajaga yetib kelyapmiz.

Ba'zi tanishlarim o‘zaro suhbatlarda nodavlat tashkilotlar ochish, bu orqali xalqqa nimadir yaxshilik qilish haqida taklif berishadi. Ular buning uchun o‘z pulini tikishga tayyor.

Bizda jamiyat uchun g‘oyalar berayotgan, NNT ochayotganlarga e'tibor bersangiz, ularning o‘ziga to‘q, dunyo ko‘rgan kishilar ekanini ko‘rasiz.

Tan olish kerak, bizda ko‘p yillar bunday emasdi. Hamma narsa haqida faqat yuqoridan topshiriq tushardi.

O‘ylashimcha, shu kabi NNTlar hozirdan ko‘ra yana 15-20 yildan keyin jamiyatga o‘z samarasini ko‘proq beradi. Chunki ba'zi NNTlar ko‘p narsani hamon yaxshi tushunmasdan, shunchaki Yevropadan qolip olib qilmoqda.

— To‘g‘ri aytyapsiz, qorni och inson qanday qilib hayvonlar himoyasi haqida o‘ylay oladi?

— Shunday, qorni och insonga bular haqida gapirsangiz, u kerak bo‘lsa, ustingizdan kuladi. Yevropadagi yoki rivojlangan boshqa davlatlarda bunday emas. Odamlar hayvonlarni ham himoya qilish haqida qayg‘uradi.

Rivojlangan davlatlarning iqtisodiy rivojlangan insonlari jamiyat rivojlanishining o‘zi uchun ham yaxshi bo‘lishi haqida o‘ylaydi.

Ulug‘bek Qosimxo‘jayev

— Bu yerda jamiyat rivojlanishi, degan tushuncha ham bor. Biz ko‘p yil Sovet ittifoqi tarkibidagi davlat edik. Bu tuzumda xalq va davlatlarning norasmiy kelishuvi bor edi. Ya'ni davlat xalqqa aytardiki, «men senga hamma narsani qilib beraman, sen esa mening ishimga aralashmaysan».

Xalq umuman davlatning ishiga aralasholmadi. Bu jamiyatda o‘ziga xos boqimandalik kayfiyatini olib keldi. Odamlar hamma narsani davlat menga qilib berishi kerak, deb o‘ylardi.

Ulug‘bek Qosimxo‘jayev

Biz o‘sha boqimandalikdan chiqib, yana shu holatga kirib ketdik.

Ikkinchidan, uch-to‘rtta odam yig‘ilib, qandaydir tashabbus qiladigan bo‘lsa, shu insonlarga boshqa ko‘z bilan qarash boshlandi. Ularga «to‘xta, sen nima qilyapsan, nega davlatning ishiga, siyosatga aralashyapsan?», degan savollar berila boshlandi.

Ular bilan kimlardir kelib, suhbatlar uyushtirgan.

Bu holatlar esa borib-borib tashabbuskorlarning yo‘qolishiga olib keldi.

Ikkinchidan, fuqarolik jamiyati rivojlanishi uchun yo‘l berilmadi.

Bugun ham jamiyatimiz rivojiga odamlarda turli tashabbuslar oldidan paydo bo‘ladigan «hokimiyat nima derkin?», «odamlar nima derkin?» kabi fikrlar xalaqit berib turgandir.

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Abduqodir To‘lqinov.

Mavzuga oid

E`lonlar