20:04 / 04.02.2020
1
15067

Tanqiddan so‘ng: Samarqanddagi avtosalonda mashinalar o‘z egalariga tarqatilmoqda

2 fevral kuni Kun.uz saytida «Monopoliyaning yana bir zararli oqibati: Samarqandda pul to‘lagan yuzlab xaridorlar avtosalondan mashinalarini ololmayapti» sarlavhali maqola e'lon qilingan edi.

Unda «Samarqand avtotexxizmat» MChJ bilan shartnoma imzolagan mijozlarning mashinalari berilmay turilgani, bu kabi halak bo‘layotgan xaridorlar soni esa kamida 300 nafarligini bildirilgan.

Maqolada keltirilgan faktlarni o‘rganish va iste'molchilarga huquqiy ko‘mak berish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish Davlat qo‘mitasi huzuridagi Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tomonidan muayyan choralar ko‘rildi. Bu haqda Kun.uz’ga Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi axborot xizmati ma'lum qilmoqda.

Xususan, 3 fevral kuni Samarqand viloyati Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish va reklama faoliyatini tartibga solish boshqarmasi tomonidan vaziyat o‘rganildi.

Aniqlanishicha, chindan ham «Samarqand Avtotexxizmat» MChJ tomonidan o‘tgan yilning oxirgi choragi mobaynida 39 nafar yurtdoshimiz bilan imzolangan shartnomalar bo‘yicha tegishli majburiyatlar bajarilmagan ekan. Jumladan, eng kechi bilan shu yil 31 yanvar kuni yetkazib berilishi shartnoma bandlarida qat'iy belgilab qo‘yilgan mashinalar o‘z egalariga yetkazib berilmagan.

Agentlik vakillarining aralashuvi bilan 3 fevral, dushanba kunining o‘zida 21 nafar iste'molchi o‘z mashinasini oldi. Shu bilan birga, ularga kechiktirilgan har bir kun uchun shartnomada belgilangan miqdorda penya to‘lab beriladigan bo‘ldi. Shuningdek, MChJ mutasaddilarining «Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonuni 19-moddasi talablari buzilishiga yo‘l qo‘yilganligi alomatlari bo‘yicha javobgarligi masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

Bugun, 4 fevral kuni qolgan 18 nafar mijoz ham «Samarqand Avtotexxizmat» MChJdan o‘z avtomobillarini olib ketgan.

O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish Davlat qo‘mitasi huzuridagi Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi jamoatchilik nazoratini amalga oshirgani va fuqarolarimiz huquqi buzilgani haqida bergan xabari uchun sayt ma'muriyati hamda jurnalistga minnatdorchilik bildiradi. Shu bilan birga, kelgusida ham izchil hamkorlikka tayyor ekanimizni ma'lum qilamiz», — deyiladi agentlik xabarida.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top