Termiz şahridagi “Surkhan autocenter” MÇJ rahbari Akmal Törayev oson şartlarda maşina olib berişni va’da qilib, yuzlab xaridor bilan şartnoma tuzgan. Ammo maşinalar belgilangan vaqtda kelmagan. Dastlabki ma’lumotlarga köra, avtosalon rahbari tomonidan 200 nafarga yaqin xaridorning qariyb 10 mlrd söm mablaği özlaştirilgan. Akmal Törayev juda köp miqdorda firibgarlik jinoyati bilan gumonlanib, qamoqqa olingan.
Surxondaryoda yuzlab fuqaro “Surkhan autocenter” MÇJga aldanib qoldi. Kun.uz’ga murojaat qilgan jabrlanuvçilarga köra, avtosalon mansabdorlari oson şartlarda, ya’ni 5 yil muddatga foizsiz bölib tölaş şarti bilan maşina olib berişni va’da qilgan.

Ma’lum bölişiça, “Surkhan autocenter” MÇJ 2024 yil 4 yanvar kuni davlat röyxatidan ötkazilgan. Uning yagona ta’sisçisi va rahbari Törayev Akmal Axmed öğli hisoblanadi.

Avtosalon ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida oson şartlarda avtomaşina olib beriş va’dasi bilan reklama e’lonlarini joylaştirib kelgan. Jabrlanuvçilarning aytişiça, aynan foizsiz bölib tölaş taklifi ularga jozibali köringan va aldanişgan.

“2 ta maşinaga tölov qilganman: 2025 yil mart oyida Labo hamda aprel oyida Cobalt uçun tölov qildim. Jami 154 mln söm tölovni amalga oşirdim. Labo avgust oyida, Cobalt esa sentabr oyida kelişi kerak edi. Ammo bu vaqtda kelmadi. Borib sörasam, turli bahonalar qilişdi. Aslida, bu avtosalonga köplar yugurib kelganining sababi foizsiz bölab tölaş va’da qilingani. Biroq, bu ham quruq va’da ekan xolos. Bir tanişim şunaqa qilib oldi. Keyin bilsa, bankdan yillik 26 foiz ustama bilan kredit çiqarişgan ekan nomiga. 5 yil muddatga foizsiz bölib tölaş taklifi şunçaki mijozlarni jalb qiliş uçun ekan”, deydi Kun.uz jurnalisti bilan suhbatlaşgan jabrlanuvçilardan biri.











