22:47 / 06.02.2020
8
33178
«Biz oltinning ustida o‘tiribmiz, ammo undan foydalanishni bilmayapmiz» - Ibrohim Abdurahmonov

Innovatsion rivojlanish vazirligi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi bilan hamkorlikda «Geologiya tarmog‘ini rivojlantirishda ta'lim, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasi» mavzusida «forsayt» tashkil etdi.

Unda geologiya sohasi bo‘yicha OTM muassasalari professor-o‘qituvchilari, talabalar, ilmiy-tadqiqot institutlari mutaxassislari, zavodlar va korxonalar yetakchi ekspertlari qatnashdi.

Forsayt tashkil etishdan maqsad – geologiya ilm-fani, ta'limi va ishlab chiqarishni muvofiqlashtirish uchun ekspertlar, olimlar, talabalar, shuningdek, xususiy sektor vakillari fikrlarini jamlash edi.

Innovatsion rivojlanish vaziri, akademik Ibrohim Abdurahmonov prezident murojaatida geologiya sohasi bo‘yicha strategik yo‘nalish ko‘rsatib berilganini ta'kidlab o‘tdi.

«Forsaytning yaxshi taraflaridan biri unda nafaqat ilm namoyondalari bo‘lmish olimlar va talabalar, balki xususiy sektor vakillari ham qatnashadi va o‘z fikrlarini bildiradi.

Bugun biz o‘zaro integratsiya masalasini hal qilib olishimiz kerak. Yoshlarning takliflari keyinchalik kutilgan natijani bermasligi mumkin, shuning uchun xususiy sektor ham qatnashishi maqbul holat», deydi Innovatsion rivojlanish vaziri.

Shuningdek, u o‘lka tabiiy resurslarga boyligi, undan o‘z o‘rnida foydalanish uchun yetarli ishlar qilinmayotganini aytib o‘tdi.

«Aslida, biz oltinning ustida o‘tiribmiz, lekin bu oltinni ishlatishni bilmayapmiz, degan haqiqatni tan olish kerak. Buni rivojlantirish uchun prezidentimiz katta topshiriq qo‘ydiki, ilmni qanday tashkil qilamiz, kadrlar tayyorlash siyosati qanaqa bo‘ladi?! Bugun biz siz bilan zarur takliflarni ishlab chiqishimiz kerak.

Xalqaro grandlarni O‘zbekistonga olib kelishimiz kerak, bu yil hisobiga oldimizga 300 mln dollarlik maqsad qo‘yilgan. Bu kichik summa emas, shundan 60-70 millionini geologiya sohasiga jalb qilamiz. Grandlar har biri 15-20 mln dollarlik yirik loyihalar bo‘lishi kerak», deydi Ibrohim Abdurahmonov.

Shundan so‘ng forsayt ishtirokchilari 4 guruhga bo‘linib, geologiyaning keyingi rivoji uchun takliflar loyihasini shakllantirishga kirishildi. Har bir guruhga olimlar, yosh tadqiqotchilar, xususiy firmalar vakillari, talabalar kiritildi. Bir soat vaqt mobaynida geologiya rivoji uchun ta'lim, ilmiy faoliyat, ishlab chiqarish yo‘nalishlarida o‘z takliflarini ishlab chiqishdi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top