21:20 / 06.02.2020
1
24704
Navoiyda vazir ishtirokidagi yig‘ilishda ikkita tuman IIB boshliqlari ishdan olindi

Navoiy viloyatida faoliyatida jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan ichki ishlar organlaridagi qator rahbarlar, jumladan, Navbahor tumani IIB boshlig‘i Sh.Ismatov va Tomdi tumani IIB boshlig‘i B.Bozorov egallab turgan lavozimidan ozod etildi.

Bugun, 6 fevral kuni Navoiy viloyati ichki ishlar boshqarmasida Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Po‘lat Bobojonov, viloyat hokimi Qobil Tursunov, viloyat va shahar-tuman sektor rahbarlari, jumladan, Ichki ishlar, prokuratura, soliq, shuningdek, jinoyat va huquqbuzarliklar profilaktikasi uchun mas'ul bo‘lgan barcha davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan Navoiy  viloyatida o‘tkazilgan o‘rganishlar yakuni muhokama qilindi.

IIV axborot xizmati xabariga ko‘ra, yig‘ilishda asosiy e'tibor 2019 yil davomida va joriy yilning o‘tgan davrida viloyatda jinoyatchilikka qarshi kurash va huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlash borasida hamkorlikda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samaradorligiga qaratilib, aholi tinchligi va osoyishtaligini ta'minlash, jamoat tartibini saqlash va fuqarolarning mol-mulklarini ishonchli muhofazalash, yoshlar ishtirokidagi huquqbuzarliklarning oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlar va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tanqidiy tahlil qilingan.

2019 yil yakuniga ko‘ra viloyatda sodir etilgan jinoyatlar soni 10,2 foizga, jinoyat qidiruv sohasidagi jinoyatlar 11,6 foizga, shu jumladan qotillik, og‘ir tan jarohati yetkazish, talonchilik, o‘g‘irlik, firibgarlik, o‘lim bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalari kamayganligi qayd etilgan. 

«Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov barcha tuman-shaharlarda 4ta sektor rahbarlari ishtirokida shaxsiy tarkib bilan suhbatlar o‘tkazib, mahalla, huquq-tartibot idoralari va jamoatchilik bilan hamkorlikni kuchaytirish, aholi uchun xavfsiz sharoitlarni yaratish borasida topshiriqlarni berdi.

Bundan tashqari, yig‘ilish davomida Navoiy viloyatida jinoyatchilikni jilovlash va fuqarolarning xavfsizligini ta'minlash borasida mas'ul idoralarning o‘zaro hamkorlikdagi ishlarida kamchiliklar mavjudligi, viloyatning 307ta mahallalarida sodir etilgan har yettinchi jinoyat «Memor», «Kimyogar», «Xoncharbog‘», «M.Baxrom», «Shibzon», «Navbahor», «Damariq» va «Beshrabot» mahallalari hissasiga to‘g‘ri kelayotgani ta'kidlanib mahalla hududida jinoyatlar sodir etilishining barvaqt oldini olish maqsadida tashkil etilgan «Jamoatchilik nazorati maskanlari» faoliyatini yo‘lga qo‘yish, sektor rahbarlari ishtirokida jinoyatlar muhokamasini o‘tkazish borasida hokimlik, prokuratura, soliq va Ichki ishlar organlari hamda jamoatchilik yetarli darajada e'tibor qaratishi lozimligi va bu borada aniq rejaga asoslangan «Yo‘l xarita»sini ishlab chiqish lozimligi ta'kidlandi», deyiladi xabarda.

Shuningdek, viloyatda kriminogen vaziyatni ijobiy tomonga o‘zgartirish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish va jamoat xavfsizligini ta'minlash borasidagi hamkorlikdagi ishlarni kuchaytirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilgan:

  • har oyda tuman-shahar sektor rahbarlari tomonidan o‘zining hududida kriminogen vaziyati og‘ir, eng ko‘p jinoyat sodir etilayotgan mahallalar aniqlanib, kelgusida ularning jinoyatchilikni jilovlash borasidagi rejalari bo‘yicha hisoboti viloyat sektor rahbarlari huzurida muhokama qilish tartibini joriy etish;
  • jinoyatchilik tahlili 2019 yil mobaynida va 2020 yilning yanvarida jinoyatlar soni oshib ketayotgan Navbahor tumaniga viloyat IIB boshlig‘i R. Tursunov va salmog‘i yuqoriligicha saqlanayotgan Karmana tumaniga uning birinchi o‘rinbosari I. Tillayevni biriktirib, ularning rahbarligida viloyat darajasidagi tegishli idora va tashkilotlar vakillaridan iborat ishchi guruh tuzib, vaziyatni ijobiy tomonga o‘zgartirish bo‘yicha choralarni ko‘rish;
  • har oyda voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish, uyushmagan yoshlarni bandligini ta'minlash, ularni jamiyatning faol a'zosiga aylantirish borasida ishlarni kuchaytirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni belgilash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Qolaversa, xotin-qizlar o‘rtasida sodir etilayotgan jinoyatlar, axloqsiz xatti-harakatlar, ajrimlar, o‘z joniga qasd qilish kabi salbiy illatning oldini olish borasidagi ishlarni tanqidiy o‘rganib, viloyat Xotin-qizlar kengashi raisi boshchiligida ishchi guruh tuzib, 2020 yilga mo‘ljallangan chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish bo‘yicha manzilli topshiriqlar berildi.

Yig‘ilish davomida o‘z xizmat vazifalarni bajarishda mas'uliyatsizlik va beparvolik bilan yondashib, xizmat vazifasini lozim darajada bajarmagani uchun Navbahor tumani IIB boshlig‘i Sh.Ismatov, Tomdi tumani IIB boshlig‘i B.Bozorov, Qiziltepa tumani IIB boshlig‘ining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari A.Adizov, Xatirchi tumani IIB boshlig‘ining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Sh.Ismatov, Xatirchi tumani profilaktika inspektorlari A.Amontoshev va Sh.Oblayev, 11-sonli jazoni ijro etish koloniyasi boshlig‘i o‘rinbosari Z.Suvonov, 5-sonli jazoni ijro etish koloniyasi boshlig‘i o‘rinbosari Z.Latipov egallab turgan lavozimlaridan ozod qilingan. Shuningdek, bir qator xodimlarga intizomiy jazo choralari qo‘llangan.

Uchrashuv yakunida so‘z olgan viloyat hokimi yig‘ilishda ta'kidlangan kamchiliklar yuzasidan fikr bildirib, kelgusida ushbu yo‘nalishdagi ishlarni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish, jinoyatchilikka qarshi kurash va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish bo‘yicha yo‘l xaritalarni ishlab chiqish va amalga oshirish yuzasidan mutasaddilarga tegishli ko‘rsatma va topshiriqlar berdi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top