14:50 / 10.02.2020
3
81070
«Biz aysbergning uchini ko‘rib turibmiz». JSST rahbari koronavirus bo‘yicha bayonot bilan chiqdi

JSST bosh direktori kelajakda koronavirusning Xitoydan tashqarida tarqalishi tezlashishi mumkinligini istisno etmadi va barcha mamlakatlar rahbarlarini o‘z hududlarida infeksiya paydo bo‘lishiga tayyorgarlik ko‘rishga chaqirdi

Foto: Aly Song/Reuters

Yangi 2019-nCoV koronavirusining tarqalishi bilan bog‘liq vaziyat mutaxassislar hozirgi kunda taxmin qilayotganidan jiddiyroq bo‘lishi mumkin. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) bosh direktori Tedros Adanom Gebreyyesus Twitter’dagi sahifasida yozdi.

JSST rahbarining ta'kidlashicha, Xitoyda bo‘lmagan kishilar tomonidan virusning yangi turini yuqtirish holatlari qayd etilgan. Uning fikricha, bu holatlar yuqumli kasallik boshqa mamlakatlarda ham keng tarqalishi mumkinligidan dalolat beradi. «Qisqacha aytganda, biz aysbergning uchini ko‘rib turibmiz», - deydi Gebreyyesus.

Tedros Adanom Gebreyyesus
Foto: Salvatore Di Nolfi/AP/TT

Xitoydan tashqarida virusning tarqalish sur'ati hozircha past darajada, ammo keyinchalik u tezlashishi mumkin, deya ogohlantirdi JSST rahbari. Gebreyyesus barcha davlatlarni infeksiyaning kirib borishiga tayyorgarlik ko‘rish uchun «imkoniyatlar darchasidan» foydalanishga chaqirdi. «Bu kasallikni laboratoriyada tezda tashxislash imkoni, aloqalarni kuzatib borish va sog‘liqni saqlash arsenalida boshqa vositalarni o‘z ichiga olishni anglatadi», - deya qayd etdi Gebreyyesus.

Hozirgi kunda koronavirus infeksiyasini samarali davolay oladigan preparat mavjud emas, deya ogohlantirgan JSST vakillari. Shu bilan birga, tashkilotda qayd etishlaricha, o‘z vaqtida yordam berish, shu jumladan, nafas olish va to‘g‘ri parvarishlashda ko‘mak ko‘rsatish bemorlarga asqotishi mumkin.

Ilgari noma'lum bo‘lgan koronavirus o‘tgan yilning dekabr oyida Xitoyning Uxan shahrida tarqalishni boshlagan edi. JSST so‘nggi ma'lumotlariga ko‘ra, kasallanganlar soni 37 mingdan oshdi, ularning aksariyati Xitoyning materik qismida. Mamlakatdan tashqarida 307ta tasdiqlangan kasallanish holati qayd etildi. Virus tufayli kelib chiqqan pnevmoniya (zotiljam)dan 910 kishi, shu jumladan ikki kishi XXRdan tashqarida - Filippin va Honkongda vafot etdi.

Londondagi Gigiyena va tropik kasalliklarni tadqiq qilish maktabi olimlari xulosasiga ko‘ra, dekabr oyi oxirida qayd etilgan koronavirusning tarqalishi fevral oyi ikkinchi yarmida eng yuqori darajaga yetishi mumkin. Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, qariyb 500 ming kishi kasallanadi.

Xitoy ayni vaqtga kelib yangi turdagi koronavirus tarqalishi oldini olish uchun 10,3 mlrd dollar mablag‘ ajratdi.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top