08:45 / 12.02.2020
1
4424
«Sport turlaridan nazariy dars o‘tyapmiz» – Andijonning Xo‘jaobodida maktab sport zali 4 yildan beri bitmayapti

 Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumanidagi 17-maktabda hech qachon sport zali bo‘lgan emas. Nihoyat 2016 yilda zal qurilishi boshlangan edi, lekin u ham chala qolib ketdi. O‘quvchilar jismoniy tarbiya darslarini sinfxonada shaxmat-shashka o‘ynab o‘tkazishga majbur.

 Qishloq va shahar o‘rtasidagi katta farqlaridan biri aynan farzandlarni barkamol etib tarbiyalashdagi sharoitlarning ikki xilligida bo‘lsa kerak.

Shaharda bolangizni risoladagidek o‘qib-ta'lim olishi, sport, musiqa bilan shug‘ullanishi uchun imkoniyatlar, qulayliklar ko‘proq. Shuning uchun jamiyat oldidagi birinchi navbatdagi vazifa qishloq va shaharni yaqinlashtirish bo‘lishi lozim

Andijon viloyati Xo‘jaobod tumanidan kelgan murojaat aynan mana shu mavzuda ekan. Tumanning Chiroqchi mahallasida joylashgan 17-umumiy ta'lim maktabida shu paytgacha sport zali bo‘lmagan. 600 nafar o‘quvchi ta'lim olayotgan maskanga 2016 yili sport zali qurilishi boshlanganida o‘quvchilar va ota-onalar rosa quvonishgan edi. Biroq 2018 yili devorlari ko‘tarila boshlagan inshoot bitkazilmay taqa-taq to‘xtadi-qoldi.

 

Bilamiz, o‘qituvchi xalqi royish bo‘ladi. Maktab ma'muriyati biror joyga qurilishni bitkazish yuzasidan murojaat qilmagani aniq. Biroq, Chiroqchi mahallasi ahli bu muammo yuzasidan qishloqqa kelgan barcha mutasaddilarga ko‘p bora arz qilishdi. Ota-onalar, tuman va viloyat xalq ta'limi bo‘limlarga ham bir necha bor murojaat bilan chiqishgan.

So‘ngi ikki yil davomida, qishloqqa qo‘lida papkasi, bloknoti bilan bir guruh bo‘lib kelgan barcha ishchi guruhlar, sektor rahbarlari aholi arzini ko‘p bora tinglagan. Mutasaddilardan samara bo‘lmadi. Bolalar hali ham jismoniy tarbiya darsini sinf xonalarida shashka-shaxmat o‘ynab yoki maktab hududidagi qishda loy, yozda tuproq maydonchada o‘tkazishmoqda.

Maktabga yetib borganimizda bizni bir guruh otalar kutib turgan ekan.

Ishchi guruhlar, sektor rahbarlari kelib, muammoni yozib ketadi – foydasi yo‘q

Chiroqchi mahallasidagi ota-onalar va maktab o‘rtasidagi hamkorlikka havas qilsa bo‘ladi. Farzandlari ta'lim olayotgan dargohda sport zalining yo‘qligi ularni tashvishga solayotganini aytishdi.

«Sizlarga murojaat qilishimizdan maqsadimiz – 2016 yili qurilishi boshlanib, shu bo‘yi to‘xtab qolgan maktab sport zali muammosidir. Mana, mamlakatimizda «Besh tashabbus» loyihasi bo‘yicha ko‘p ishlar qilinayotganidan xabarimiz bor. Bizning farzandlarimiz esa, sport zali yo‘qligidan mana bu tashqaridagi loy maydonchada yugurib yurishibdi.

Jismoniy tarbiya darslari kuz-qish oylarida to‘rt oy sinf xonalarida shaxmat o‘ynash bilan o‘tmoqda. Qishlog‘imizda iqtidorli sportga qiziqadigan bolalar ko‘p, biz ham ularning orasidan chempionlar chiqishini xohlaymiz. Farzandlarimiz sport bilan shug‘ullansa, bo‘sh vaqti mazmunli o‘tadi, jinoyatchilik bo‘lmaydi.

Qurilish boshlansa, biz ham qarab turmaymiz. Maktabning 120 metr devorini ham ota-onalar hashar yo‘li bilan bitkazib berdik», deydi Iqboljon Ermatov.

«Hatto bitta yo‘l belgisi ham qo‘yishmadi»

Farzandi shu maktabda ta'lim oluvchi otalardan biri G‘ulomjon Matyoqubov suhbatga qo‘shildi.

«Qurilish 2016 yili boshlangan edi. Quruvchilar 2017 yili oz-moz ish qilishdi. 2018 yilda binoni ko‘tarib qo‘yishgach, ish to‘xtadi. Qurilish firmasi mablag‘ yo‘qligi sabab ish to‘xtaganini aytmoqda.

Maktabimiz, «Buyuk ipak yo‘li» bo‘yiga joylashgan. Mana shu yo‘lni ta'mirlash 2013 yili boshlangan edi – hali bitgani yo‘q. Ta'lim muassasasi borligini bildiruvchi yo‘l belgisi qo‘ydirgani ham rosa bezor bo‘ldik. Oxiri o‘zimiz topib, qo‘lbola yo‘l belgisi yasab, me'yorlarga to‘g‘ri kelmasa ham o‘rnatganmiz. Majlisga kelganlar, dardimizni eshitib ketaveradi.

Maktabimizda sport bilan shug‘ullangani umuman sharoit yo‘q. Prezidentimiz, «Chekka-chekka qishloqlarda sportni rivojlantiraylik. Jaydari bolalardan chempionlar chiqsin», deyapti. Lekin mana bu tuproqni ichida shug‘ullanayotgan bolalardan chempion chiqmasa kerak.

O‘tgan hafta «Besh tashabbus» loyihasi bo‘yicha maktabda ota-onalar va bolalar o‘rtasida sport tadbiri uyushtirildi. O‘zimizda sport zal yo‘qligi uchun qo‘shni qishloqqa borib, 14-maktabda o‘tkazdik... Maktabimizning qurilganiga 50-60 yil bo‘lgan. Shu paytgacha sport zaliga yolchimadi. Uzoqroq bo‘lgan masofada futbol maydoni bor. Uni ham aholi hashar yo‘li bilan qurgan. Shuni ham atrofidan tadbirkorlarga yer berilib qisqarib ketyapti.

Qishlog‘imizga deputatlar kelganida sport zal va yo‘l bo‘yicha necha bor aytdik, sektor rahbarlari kelib uchrashuv o‘tkazganida ham tinimsiz murojaat qilamiz. Va'da berishadi. Samara yo‘q. Hatto bitta yo‘l belgisi ham qo‘yilmadi», deydi u.

«Jismoniy tarbiya fanidan nazariy dars o‘tyapmiz»

Maktab jismoniy tarbiya o‘qituvchisi Bahromjon Mo‘minov bilan suhbatda bo‘ldik.

«Maktabimizda jismoniy tarbiya darslarini o‘tish uchun kuz-qish oylarida qiynab keladi. Tashqaridagi maydonimizni ko‘rdingiz. Yomg‘ir yog‘sa loy bo‘ladi. Bolalarning xavfsizligini o‘ylab, sinf xonalarida shaxmat-shashka o‘ynab dars o‘tamiz.

Tumanimiz hokimi sport zalimizni 2020 yilda mahalliy budjetdan mablag‘ ajratib qurib berishni va'da qilgan. Kutyapmiz.

Qulayliklarga ega yopiq zal bo‘lmasa, o‘quvchilar sport bilan muntazam shug‘ullana olmaydi. Masalan, gimnastika, qo‘l to‘pi, voleybol yana ko‘plab sport turlari bo‘yicha o‘quvchilarga faqat og‘zaki, ya'ni nazariy dars beryapmiz.

O‘quvchilarga sport to‘garaklari o‘tishning imkoniyati yo‘q. Qaniydi zal bo‘lsa, kamida 4-5ta to‘garak tashkil qilardim...

O‘quvchilarimiz bizda o‘qisa ham, boshqa joyga borib shug‘ullanib, respublika chempionlari bo‘ldi. O‘zimizda ham sharoit bo‘lib qolar», – deydi o‘qituvchi.

Hokimlik vakili nima deydi?

17-maktabga Xo‘jaobod tuman hokimligi qurilish bo‘yicha bosh mutaxassisi Izzatbek Mannopov yetib kelib, maktab sport zali nega bitmay qolganiga izoh berdi.

«Ota-onalarning e'tirozlari to‘g‘ri. Haqiqatda 17-maktabda ta'lim olayotgan o‘quvchilar uchun qishda jismoniy tarbiya darslarini o‘tish, sport bilan shug‘ullanishlari uchun yopiq va barcha qulayliklarga ega sport zali juda zarur.

Uning to‘xtab qolishiga sabab, sport inshooti 2018 yilda «Bolalar sporti» jamg‘armasi mablag‘lari evaziga bitkazilishi kerak edi. Biroq jamg‘arma tugatildi. Mablag‘ yo‘qligi uchun «Promstroy» MChJ tomonidan 70 foizi bitkazilgan binoda ishlar oxiriga yetmadi.

Tuman hokimligi tomonidan viloyat hokimligiga mazkur inshootni Dasturga tushirish uchun xat tayyorlaganmiz. Bor kuchimizni sarflab, 2020 yilda binoni bitirishga harakat qilamiz.

Yo‘l bo‘yicha ham katta ishlar qilinyapti. Ota-onalarning e'tirozi to‘g‘ri. Yo‘l belgilari, piyodalar o‘tish joyi bo‘yicha kamchiliklarimiz bor. Barchasi 2020 yilda bartaraf etiladi», deydi mutasaddi.

Va'dalar amalga osharmikin?

Xo‘jaobod tumani hokimligi vakili «Bolalar sporti» mablag‘lari evaziga qurilishi boshlanib, to‘xtab qolgan sport inshootini shu yil bitkazilishini aytdi. Yo‘ldagi kamchiliklar ham shu yildan qolmas ekan.

To‘g‘risi, va'da berish boshqa bajarish boshqa...

Muassasadan chiqayotib, kirish darvozasiga ilib qo‘yilgan «Besh tashabbus bilan kelajak sari», degan shiorni yana bir bor o‘qidik. «Besh muhim tashabbus» loyihasining ikkinchi yo‘nalishi – yoshlarni jismoniy chiniqtirish, ularning sport sohasida qobiliyatini namoyon qilishlari uchun zarur sharoitlar yaratish, deb nomlanadi.

Qaniydi, shiorlarimiz va amalga oshirayotgan ishlarimiz har yerda ham bir-biriga mos kelsa...

Elmurod Ermatov, Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi – Ahrorbek Yoqubjonov.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top